Jahon | 10:59 / 07.01.2026
1265
2 daqiqa o‘qiladi

Mers Ukrainada tinchlikni saqlashda GFR qurolli kuchlari ishtirokini istisno qilmadi

GFR kansleri nemis harbiylari Ukrainada tinchlikni saqlash ishlarida ishtirok etishi mumkinligini istisno qilmaydi, biroq ular Ukraina hududida joylashtirilmasligi kerak. Ehtimol, ular Ukraina bilan qo‘shni NATO davlatlaridan birida joylashtirilishi mumkin.

Foto: Paulius Peleckis/Getty Images

Germaniya federativ respublikasi kansleri Fridrix Mers nemis harbiy xizmatchilarining Ukrainada tinchlikni saqlashda ishtirok etish ehtimolini istisno qilmadi, ammo ular xizmatni mazkur mamlakat hududida emas, boshqa joyda o‘tashi kerak. Parijda “ko‘ngillilar koalitsiyasi” uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qilgan bayonotidan kelib chiqib, Mers uchun Ukraina bilan qo‘shni bo‘lgan NATO davlatlaridan birida nemis tinchlikparvarlarini joylashtirish maqbul variant bo‘lishi mumkin.

“Germaniya siyosiy, moliyaviy, shuningdek harbiy sohada ham o‘z hissasini qo‘shadi”, — deb ta’kidladi Mers. Shu bilan birga, u bundesver askarlarining Ukrainadagi xalqaro tinchlikparvarlik missiyasida ishtirok etishi hozircha noaniq istiqbol ekanini qayd etdi. Germaniya hukumati rahbarining tushuntirishicha, bunga asosiy shart — Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish (otashkesim) to‘g‘risida kelishuvga erishish.

Berlinning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarida ishtirok etishga tayyorligi — o‘z-o‘zidan tushunarli narsa, dedi Mers. “Biz buni qay tarzda amalga oshira olishimiz hozircha ochiq masala, chunki xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha butun paket hali yakuniy kelishilmagan”, — deya qo‘shimcha qildi u. Mersning aytishicha, u otashkesim kelishilgandan keyin va “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yagona yondashuvga kelgach, bu masala bo‘yicha o‘z takliflarini bundestagga taqdim etmoqchi.

2025 yildan beri Litvada bundesverning tank brigadasi joylashtirilgan. 2027 yilga borib undagi harbiy xizmatchilar soni 5000 nafarga yetkazilishi kerak. Bundan tashqari, Germaniya HHK samolyotlari Polsha, Ruminiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari havo hududini patrul qilishda ishtirok etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid