Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Grenlandiyani qanday qilib o‘ziga bo‘ysundirishi mumkin?
The Times to‘rtta ssenariyni sanadi.
Foto: The Times
Oq uy kotibi Kerolayn Levitt 7 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonga Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish imkonini beradigan turli variantlarni ko‘rib chiqayotganini aytdi – qurolli kuchlardan foydalanish ham istisno qilinmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, orolni nazorat qilish «AQSh milliy xavfsizligining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, bu Arktika mintaqasidagi raqiblarni jilovlash uchun juda muhimdir». AQSh Grenlandiyani aynan qanday yo‘l bilan o‘z nazoratiga olishi mumkin? The Times ehtimoliy ssenariylarni ko‘rib chiqdi. Gap real rejalar haqida emas, balki Arktikaga geosiyosiy qiziqishning o‘sishini aks ettiruvchi spekulyativ tahlil haqida ketmoqda.
Bosqin
Eng radikal va ehtimoli kam variant – orolni kuch bilan egallash. Albatta, AQSh dunyodagi eng qudratli harbiy derjava sifatida, Grenlandiyani kuch bilan bosib olishga qodirligiga shubha yo‘q, deya qayd etadi The Times. Grenlandiyaning o‘zi, Daniya yoki uning Yevropadagi ittifoqchilari to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshilik ko‘rsatishi dargumon.
Shunga qaramay, rasman ittifoqchining hududini okkupatsiya qilish – ham strategik, ham operativ jihatdan amerikaliklar Venesuelada o‘tkazgan operatsiyadan butunlay farq qiladi. AQSh armiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri intervensiyaga qo‘l uradigan bo‘lsa, «ko‘ngilsiz voqealar bilan» to‘qnash kelishi mumkin, deb hisoblaydi ekspertlar. Grenlandiya AQShdan ancha katta masofada joylashgan, amerikalik harbiylar esa ekstremal ob-havo sharoitida harbiy harakatlar olib borishda katta tajribaga ega emas.
Hatto Grenlandiyani kuch bilan bosib olishga muvaffaq bo‘lgan taqdirda ham, agar aholining katta qismi ularni bosqinchi sifatida qabul qilsa, kelgusida amerikaliklar orolning salohiyatidan to‘liq foydalanishi qiyin bo‘ladi.
Jim Watson / Reuters / Scanpix / LETA
Bundan tashqari, bunday qadam NATO bo‘yicha ittifoqdosh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvni anglatadi va keng ko‘lamli xalqaro inqirozni keltirib chiqaradi. Yevropaliklar alyans birligini saqlab qolish uchun Grenlandiya bosib olinishiga rozi bo‘lishi mumkin, lekin NATO va butun Yevropa xavfsizlik tizimi uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlar yuzaga keladi, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen ham bunday qadam «NATOning intihosi» bo‘lishidan ogohlantirdi. Bu ro‘y bergan taqdirda, Rossiya va Xitoy Arktikada o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun faol harakatlarni boshlaydi, bu esa mintaqada qurollanish poygasiga olib kelishi va oxir-oqibat AQSh xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bosim bilan majburlash
Aksariyat tahlilchilar fikricha, agar Tramp Grenlandiyani to‘liq bosib olish g‘oyasini amalga oshirmoqchi bo‘lsa, u Daniyani bunga boshqa yo‘llar bilan rozi bo‘lishga majbur qiladi, harbiy aralashuvni esa «kuzir» sifatida ushlab turadi (shunga o‘xshash ssenariy tarixdagi hududiy xaridlarni eslatadi, ammo hozirgi sharoitda bu ham ehtimoldan yiroq variant hisoblanadi).
Bu variantdagi muhim instrument – pul bilan bog‘liq. Grenlandiya aholisi – atigi 57 ming kishini tashkil etadi, uning Yalpi ichki mahsulot hajmi – 3,3 milliard dollar (AQSh YaIMining 0,01 foizi atrofida) va orol ko‘p jihatdan Kopenhagendan bo‘ladigan subsidiyalarga qaram bo‘lib qolgan. Vashingtonning yirik investitsiyalari Grenlandiya aholisi uchun jozibali bo‘lib ko‘rinishi mumkin, deb yozadi The Times.
Nashr Trampning birinchi prezidentlik davridayoq AQSh hududni iqtisodiy rivojlantirish, ta’lim va «amerikalik mutaxassislaridan konsultatsiya» ishlari uchun 12 million dollar ajratgani, keyin esa bir qator ikki tomonlama tashabbuslarni amalga oshirganini eslatgan. Xususan, AQShning Nuukdagi (Grenlandiya poytaxti) konsulligi faoliyati qayta tiklangan, munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha katta maslahatchi lavozimi paydo bo‘lgandi. Amerika pullariga tog‘-kon sohasida mutaxassislar tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yilgandi.
Shu bilan birga, «yumshoq aralashuv»ga urinishlarni Grenlandiyadagilar aloqalarni kengaytirish istagidan ko‘ra ko‘proq qo‘rqitishga urinish sifatida qabul qilishi mumkin.
Daniya amerikaliklarning harakatlariga juda keskin munosabat bildirmoqda. Yoz oxirida Daniya ommaviy axborot vositalarida ta’sir o‘tkazish kampaniyasi keng muhokama qilingandi, Kopenhagen ma’lumotlariga ko‘ra, bu kampaniya doirasida Oq uyga aloqador bo‘lgan kamida uch nafar amerikalik go‘yoki Grenlandiyada ayirmachilik kayfiyatini qo‘zg‘atishga uringan. Daniya TIV rasmiy norozilik bildirgach, AQSh davlat departamenti ayrim amerikalik fuqarolarning harakatlari hukumat tomonidan nazorat qilinmasligini ma’lum qilgandi.
Erkin assotsiatsiya
The Economist nashri 5 yanvar kuni AQSh rasmiylari Grenlandiya Palau, Mikroneziya va Marshall orollariga o‘xshash tarzda AQSh bilan erkin assotsiatsiya shartnomasini imzolashi bo‘yicha reja ustida ishlayotgani haqida xabar berdi. Bunda rasman suverenitet saqlab qolinadi – biroq Vashington orolga o‘z harbiylarini joylashtirishi mumkin. Buning evaziga Grenlandiya AQSh bilan bojsiz savdo qilish huquqini qo‘lga kiritadi.
Bunday variant uchun Grenlandiya mustaqil bo‘ishi talab etiladi – orol mustaqil bo‘lishi uchun esa Daniya parlamentining roziligi kerak. Shu bilan birga, The Times’ning yozishicha, Grenlandiyaning Daniya ta’sir orbitasidan Tramp ta’sir orbitasiga ramziy o‘tishini hisobga olmaganda, bunday kelishuvdan amerikaliklarning o‘zi foyda ko‘rishi aniq emas.
Grenlandiyaning o‘zi uchun esa, aksincha, bunday variant eng foydalisi bo‘lishi mumkin, deydi nashrga Arktikadagi siyosat bo‘yicha ekspert, «Demak, siz Grenlandiyaga ega chiqishni istaysizmi?» kitobi muallifi Elizabet Byukenen. Chunki bu holda orol katta iqtisodiy imtiyozlarga ega bo‘ladi.
Byukenenning fikricha, Grenlandiya yetakchilari bir vaqtning o‘zida ham mustaqillik, ham investitsiya olishga harakat qilish uchun «yetarlicha aqlli» – lekin buning uchun ular Tramp bilan yakuniy kelishuv mintaqaga haqiqatan ham iqtisodiy farovonlik keltirishini ta’minlash yo‘lida jiddiy diplomatik ishlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.
«Ikki xo‘jayinga xizmat»
Eng real variant – suverenitetni rasman o‘zgartirmasdan, investitsiyalar, bazalar va strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Bu amalda status-kvo, deb yozadi The Times. Grenlandiya asta-sekin mustaqillikka intiladi, AQSh bilan yaqinlashadi va iqtisodiy imtiyozlar olish uchun Amerika va Daniya o‘rtasidagi ziddiyat asosida o‘yin qiladi.
AQSh, o‘z navbatida, oroldagi harbiy ishtirokini kengaytiradi va foydali qazilma konlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish bo‘yicha shartnomalarga ega bo‘ladi. Shuningdek, Vashington, masalan, hukumat maslahatchilarini tayinlash orqali Grenlandiyaning ichki siyosatiga ta’sir o‘tkazish uchun ramziy huquqqa ega bo‘lishi mumkin. Daniya esa bu ssenariyda Grenlandiyada yuridik suverenitetni saqlab qoladi.
Nima uchun Grenlandiya muhim?
The Times orolning Arktikadagi strategik joylashuvi, asosiy dengiz yo‘llariga yaqinligi, shuningdek, muzliklarning erishi tufayli foydalanish imkoniyati oshishi mumkin bo‘lgan tabiiy resurslarning mavjudligini ta’kidlaydi.
Grenlandiya aholisi taxminan 56 ming kishini tashkil qiladi. Orol keng avtonomiyaga ega, ammo mudofaa va tashqi siyosat masalalari Daniya zimmasida.
Mavzuga oid
13:03
So‘rov: Nemislar AQShning Venesueladagi harbiy operatsiyasini ma’qullamadi
11:56
Rossiya dumasi deputatlari tinchlikni muhokama qilish uchun AQShga taklif etildi
11:17
YeIda Grenlandiya bo‘yicha reja: Trampga qarshi bir necha variant muhokama qilinyapti
09:35