Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron neftining chorak qismi: Abadan yo‘qotilsa, nima bo‘ladi?
Erondagi noroziliklar hokimiyatning mustahkamligini sinovdan o‘tkazyapti. Tahlilchilarga ko‘ra, bu faqat sanksiyalar oqibati emas, yillar davomida to‘plangan iqtisodiy va siyosiy muammolar natijasi. Namoyishlar yana bir bor tizimning kelajagi haqidagi savollarni kun tartibiga chiqaryapti.
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Erondagi vaziyat xususida fikr bildirishdi.
Abadanning namoyishchilar qo‘liga o‘tishi bu nimani anglatadi?
Hikmatilla Kazakbayev: Bu masala Eron uchun eng nozik va xavfli nuqtalardan biri Xuziston viloyati, xususan Abadan shahri bilan bog‘liq. Xuziston tarixan arablar zich yashaydigan hudud hisoblanadi: mavjud baholarga ko‘ra, viloyat aholisining qariyb 35 foizini arablar tashkil etadi. Shuningdek, Iroq bilan chegaradosh bo‘lgani sababli bu yerda kurd aholi ham mavjud. Aynan shu hudud Eron–Iroq urushi davrida strategik jihatdan hal qiluvchi rol o‘ynagan. Siyosiy nuqtai nazardan Xuziston Eronning eng zaif nuqtalaridan biridir. Bu yerda yillar davomida arab separatizmi mavjud bo‘lib, ayrim tashqi kuchlar tomonidan Xuzistonni alohida davlatga aylantirish g‘oyalari ilgari surib kelingan. Bu holat Erondagi boshqa sezgir hududlar Balujiston yoki Janubiy Ozarboyjon bilan qiyoslanadi. Shu bois Xuziston Eronning ichki barqarorligi uchun doimiy xavf manbai hisoblanadi. Hududning iqtisodiy ahamiyati esa undan ham kattaroq. Abadan Fors ko‘rfaziga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan port shahar. Eng muhimi, bu yerda Eronning eng yirik neftni qayta ishlash zavodi joylashgan. Mamlakat bo‘yicha kuniga o‘rtacha 1,5 million barrel neftni qayta ishlash quvvatiga ega to‘qqizta yirik zavod mavjud bo‘lsa, shundan 500–600 ming barrel aynan Abadan zavodiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, Eronning umumiy neftni qayta ishlash quvvatining qariyb 30 foizi aynan shu hududda jamlangan. Bundan tashqari, Xuzistonda ijtimoiy noroziliklar muntazam kuzatiladi. So‘nggi 20 yil ichida bu hududda kamida 10–15 marta yirik namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Eng keskin to‘qnashuvlar 2022 yilda yuz bergan bo‘lib, arab separatistlari va Eron xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda qariyb 20 kishi halok bo‘lgan, minglab odamlar hibsga olingan. Ularning ayrimlari hanuz qamoqda qolmoqda. Yana bir muhim jihat Abadandagi neftni qayta ishlash majmuasiga Xitoy tomonidan sarmoya kiritilgani. Shu bois bu hududdagi har qanday beqarorlik nafaqat Eron, balki Xitoy manfaatlari uchun ham jiddiy signal bo‘ladi. Agar Xuzistondagi vaziyat izdan chiqsa, bu Pekin uchun ham ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘lishi shubhasiz.
Shuhrat Rasul: So‘nggi voqealarning tub sabablarini ikki asosiy omil bilan izohlash mumkin. Birinchi va eng muhim omil sanksiyalar emas, balki Erondagi iqtisodiy boshqaruv tizimidir. Mamlakatda o‘ta markazlashgan, bozor mexanizmlariga zid bo‘lgan davlat kapitalizmi hukm surmoqda. Asosiy strategik aktivlar, jumladan tabiiy resurslar, konlar va yirik sanoat tarmoqlari to‘liq davlat tasarrufida. Erkin raqobat va bozor instituti deyarli mavjud emas. Aynan shu model Eronni chuqur va tizimli iqtisodiy inqirozga olib kelgan fundamental sabab hisoblanadi. Ikkinchi omil — xalqaro sanksiyalar. Biroq muammo shundaki, amaldagi siyosiy tizim saqlanib qolgan taqdirda, bu ikki muammoning birortasi ham yaqin yoki o‘rta muddatda hal etilmaydi. So‘nggi raqamlar buni yaqqol ko‘rsatmoqda. Sentyabr oxiri oktyabr boshlarida 1 AQSh dollari 820 ming rial atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 26 dekabrga kelib kurs 1 million 445 ming rialgacha ko‘tarildi. To‘rt oy ichida deyarli 90 foizlik qadrsizlanish yuz berdi. Rasmiy baholarga ko‘ra, 2025 yil uchun inflatsiya darajasi 270 foizga yetgan. Bu holatning ijtimoiy oqibatlari juda keskin. Birinchi bo‘lib ko‘chaga chiqqan qatlam savdogarlar va tadbirkorlar bo‘ldi. Kichik do‘kon egalari ham, yirik savdo bilan shug‘ullanuvchilar ham ochiq aytmoqda: mamlakatda biznes yuritish mantiqsiz bo‘lib qoldi. Dollar tanqisligi keskinlashgan, davlat g‘aznasi bo‘sh. Sababi Eron bank tizimining katta qismi SWIFT tizimidan uzilgan va mamlakat neftni dollarda sotish imkoniyatidan mahrum. Eron Xitoy bilan savdoni asosan yuanda amalga oshiradi, biroq bu valuta muammoni hal qilmayapti. Xitoy Eron yuani evaziga tovar berishga doim ham rozi emas va ko‘pincha hisob-kitobni dollarda talab qiladi. Natijada tashqi savdo izdan chiqmoqda. Muammoni yanada chuqurlashtirayotgan jihat — Markaziy bank siyosati. Dunyoning deyarli barcha davlatlarida markaziy banklar pul-kredit siyosatini barqarorlashtirish, inflatsiyani jilovlash va valuta bozorini tartibga solish bilan shug‘ullanadi. Eron Markaziy banki esa bu universal funksiyalarni bajarmayapti. Mamlakatda bir vaqtning o‘zida uch xil valuta kursi mavjud: banklararo rasmiy kurs, qora bozor kursi va depozit kursi. Qora bozor kursining keskin oshishi butun tizim izdan chiqqanini ko‘rsatadi. Hozirgi noroziliklar vaqtincha bostirilishi mumkin. Biroq bunday chiqishlar har bir yoki ikki yilda takrorlanishi aniq. Amaldagi siyosiy tuzum uzoq muddatli istiqbolga ega emas. 2019 yilda benzin narxi oshirilganda ham shunga o‘xshash xalq noroziligi kuzatilgan va u faqat keskin repressiyalar evaziga bostirilgan edi. 2022 yildagi namoyishlarda esa asosiy motivlar o‘zgardi: ayollar huquqlari, hijob masalasi va gender tengligi kun tartibiga chiqdi. Hukumat bu bosim ostida qisman yon berishga majbur bo‘ldi va hijob masalasini qat’iy huquqiy tartibga solishdan voz kechdi. Bugungi namoyishlarning muhim jihati shundaki, norozilar prezident Pizishkiyonning iste’fosini talab qilmayapti. Jamiyat aybni qayerdan izlash kerakligini aniq tushunadi. Asosiy tanqid va g‘azab oliy rahbar Ali Xomanaiyga qaratilgan, u ochiqchasiga diktator sifatida talqin qilinmoqda. Mening bahoyimcha, vaziyat hali to‘liq inqilobiy bosqichga o‘tmagan, ehtimollar taxminan 50 ga 50. Biroq tarix shuni ko‘rsatadiki, inqiloblar odatda bosqichma-bosqich rivojlanadi. Ayrim shaharlar ustidan nazorat yo‘qotilsa, ularni oddiy politsiya emas, balki harbiy kuch bilan qayta egallashga to‘g‘ri keladi. Ayrim hududlarda markaziy hokimiyatga bo‘ysunuvchi tuzilmalar amalda yo‘qolib, parallel boshqaruv va qurollangan guruhlar shakllanayotgani bu jarayonning xavfli bosqichga kirganidan dalolat beradi.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
11:56
Rossiya dumasi deputatlari tinchlikni muhokama qilish uchun AQShga taklif etildi
09:03
Eronda 12 kunlik namoyishlar: kamida 45 kishi halok bo‘ldi, internet deyarli o‘chirildi
23:29 / 08.01.2026
AQSh BMT Yashil iqlim fondidan chiqdi
22:55 / 08.01.2026