AQSh Senati payshanba kuni, 8 yanvarda prezident Donald Trampning Kongress roziligisiz Venesuelaga qarshi yangi harbiy operatsiyalar o‘tkazish imkoniyatini cheklashga qaratilgan harbiy vakolatlar bo‘yicha rezolyutsiyani olg‘a surishni ma’qulladi. Hujjatni demokratlar va besh nafar respublikachidan iborat guruh qo‘llab-quvvatladi. Natijada rezolyutsiya 52 ovoz “ha”, 47 ovoz “yo‘q” ovoz bilan qabul qilinib, kelasi haftada yakuniy ovoz berishga yo‘l ochildi.
Bu rezolyutsiyaning kuchga kirish ehtimoli deyarli yo‘q: chunki u Kongressning ikki palatasidan o‘tgan taqdirda ham Tramp uni imzolashi kerak bo‘ladi, bundan tashqari Vakillar palatasini respublikachilar nazorat qiladi. Shunga qaramay, ovoz berish sezilarli siyosiy ishora bo‘ldi va AQSh harbiylari kutilmagan tungi operatsiya davomida Venesuela rahbari Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan keyin respublikachilarning bir qismida xavotir kuchayganini ko‘rsatdi.
“Men uchun gap — keyin nima bo‘lishi haqida”, — dedi Missuri shtati senatori Josh Xouli, hujjatni qo‘llab-quvvatlagan besh nafar respublikachidan biri. Uning aytishicha, prezident Venesuelaga qo‘shin kiritish haqida qaror qabul qilsa, bu Kongress ishtirokida hal qilinishi shart.
Xoulidan tashqari rezolyutsiyani respublikachilar — Rend Pol, Liza Murkovski, Syuzan Kollinz va Todd Yang qo‘llab-quvvatladi. Noyabrda shunga o‘xshash tashabbus ko‘pchilik ovozini to‘play olmagan, o‘shanda uni faqat Pol va Murkovski qo‘llab-quvvatlagan edi.
Demokratlar aytishicha, Maduro qo‘lga olingani va Trampning tashqi siyosatda ehtimoliy yangi qadamlar, jumladan Grenlandiyaga bostirib kirish haqidagi bayonotlaridan so‘ng Kongress o‘z vakolatlarini yana bir bor ochiq-oydin belgilab qo‘yish imkoniga ega bo‘ldi. Virjiniya senatori Tim Keyn Kongressga bunday qarorlarni “soyadan yorug‘likka olib chiqish” vaqti kelganini ta’kidladi.
Respublikachilar rahbariyati Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olish bo‘yicha reyd haqida oldindan ogohlantirilmaganini bildirdi, ammo yopiq brifinglardan so‘ng, umuman olganda, Oq uy harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Senatdagi respublikachilar ko‘pchiligi yetakchisi Jon Tyun prezident “kuch orqali tinchlik” tamoyiliga sodiqligini namoyon etayotganini aytdi.
Bu vaziyat Vetnam urushi ortidan qabul qilingan, kamdan-kam qo‘llanadigan “Harbiy vakolatlar to‘g‘risida”gi qonunga e’tiborni yana qaytardi. U prezidentni qo‘shin kiritilgani haqida 48 soat ichida Kongressni xabardor qilishga majbur qiladi va agar qonun chiqaruvchilar ma’qullamasa, 60–90 kun ichida harbiy harakatlarni yakunlashni talab etadi. Ikki partiya rahbarlari bu cheklovlarni bir necha bor kengaytirib kelgan.















