Jahon | 14:26 / 09.01.2026
1852
5 daqiqa o‘qiladi

GFR maxsus xizmati: Rossiya Germaniyada qurol-yarog‘ uchun texnologiyalar sotib olishga urinmoqda

Germaniyaning Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi (BfV) Rossiyaning Germaniyada harbiy maqsadlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni qo‘lga kiritishga urinishlari kuchayganini bildirdi. Bu haqda 8 yanvar, payshanba kuni Handelsblatt nashri Germaniya maxsus xizmati tayyorlagan, uning ixtiyoridagi dolzarb tahliliy yozuvga tayanib xabar berdi.

Foto: AP

Hujjatdan kelib chiqishicha, Ukrainaga qilingan qurolli hujum Rossiyada qurol-yarog‘ga bo‘lgan ehtiyojni, shuningdek ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqarish uchun zarur texnologiyalarga talabni oshirgan. Shu bilan birga, 2022 yildan beri joriy etilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari RF uchun bunday tovarlarni xarid qilishni “jiddiy qiyinlashtirgani” qayd etilgan.

Shunday sharoitda Rossiyaga aloqador tuzilmalar eksport cheklovlarini aylanib o‘tishga urinib, Germaniyadan yuqori texnologiyali mahsulotlarni sotib olishga harakat qilmoqda. Ular qatorida yuqori aniqlikdagi stanoklar, mikroelektronika, maxsus dasturiy ta’minot, o‘lchov va laboratoriya uskunalari, shuningdek ayrim materiallar bor.

BfV ma’lumotiga ko‘ra, bunday mahsulotlar Rossiyada qanday maqsadda ishlatilishini yashirish uchun bu kabi operatsiyalarga Rossiya maxsus xizmatlari ham jalb etiladi. Bu esa yakuniy oluvchilarni va yetkazib berishlarning haqiqiy maqsadini niqoblash imkonini beradi.

48 sahifalik hujjatda ta’kidlanishicha, bunday harakatlar ommaviy qirg‘in qurollari va tegishli texnologiyalar tarqalishi bilan bog‘liq xatarlarni kuchaytiradi. Gap faqat tayyor tizimlar haqida emas, balki bunday qurollarni ishlab chiqish, modernizatsiya qilish va qo‘llash uchun zarur bo‘lgan texnika, materiallar va nou-xauga kirish imkoniyati haqida ham ketmoqda.

Bu toifaga “ikki xil maqsadli” (dual-use) tovarlar ham kiradi — ular fuqarolik sohasida ham, harbiy sohada ham qo‘llanishi mumkin. Jumladan, yadro, biologik va kimyoviy qurol yaratishda, shuningdek raketalar, dronlar va boshqa yetkazib berish vositalarini tayyorlashda ishlatilishi ehtimoli bor.

Idora bahosiga ko‘ra, Germaniya bu masalada alohida diqqat markazida. Tahlilda “Germaniyadan xarid qilishga qaratilgan xorijiy davlatlar urinishlarining soni va professional darajasi, umuman olganda, yuqori bo‘lib qolmoqda va o‘sishda davom etmoqda”, deyiladi.

Germaniyaga qiziqish sababi sifatida uning yetakchi industrial davlat ekani va ko‘p sonli yuqori texnologiyali kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda universitetlarga ega muhim ilmiy markaz sifatidagi o‘rni ko‘rsatiladi. Potensial nishonlar sifatida ham yirik xalqaro konsernlar, ham muayyan texnologik yo‘nalishlarda yetakchi bo‘lgan o‘rta kompaniyalar ko‘rilishi aytilgan.

Kerakli texnologiyalarni qo‘lga kiritish uchun tarqoq “xarid tarmoqlari”dan foydalaniladi: bu tarmoqlarda vositachi yoki soxta kompaniyalar xaridor sifatida chiqib, haqiqiy oluvchini yashiradi. Shuningdek, ko‘p hollarda YeI davlatlari yoki uchinchi mamlakatlardagi vositachilar orqali “aylanma yetkazib berishlar” tashkil qilinadi — maqsad logistikani chalg‘itish va yakuniy manzilni pinhona saqlash.

Tahlilda aniq misollar ham keltirilgan. 2025 yil sentabrida Frankfurt-Mayn sudiga qirg‘iz-rossiyalik tadbirkor chaqirilgan: u Rossiya uchun harbiy maqsadli tovarlarni xarid qilish bo‘yicha xalqaro tarmoqda ishtirok etganlikda hamda haqiqiy yakuniy foydalanuvchilarni yashirishda gumon qilinmoqda.

O‘sha oyda Hamburg sudi yana bir tadbirkorni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzgani uchun to‘rt yarim yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilgan. Sud ma’lumotiga ko‘ra, u 2022 yil noyabridan 2024 yil fevraligacha Rossiyaga 850 ming yevrodan ortiq qiymatda elektron komponentlar yetkazib bergan, yetkazib berish va to‘lovlar esa asosan Hongkong orqali amalga oshirilgan.

Idora alohida xavotir sifatida Rossiyaning allaqachon “yadroviy, kimyoviy va biologik qurollarning katta arsenali”ga egaligini ko‘rsatadi. Maxsus xizmatga ko‘ra, Rossiya dunyodagi eng yirik yadroviy arsenalga ega — minglab yadroviy kallaklar va turli yetkazib berish vositalari mavjud.

Shu bilan birga, idora diqqatni faqat Rossiyaga qaratmaslikka chaqirib, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishi xavfi bo‘yicha “xatarli davlatlar” qatoriga Xitoy, Eron, Pokiston va Shimoliy Koreyani ham kiritadi — tahlilda qayd etilishicha, ular harbiy texnologiyalarni faol rivojlantirmoqda va xorijdan texnologiya hamda nou-xau sotib olish yo‘llariga murojaat qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid