Jahon | 11:56 / 09.01.2026
2257
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dumasi deputatlari tinchlikni muhokama qilish uchun AQShga taklif etildi

RF Davlat dumasining to‘rt nafar deputatiga AQSh Kongressi a’zolari bilan uchrashuv uchun taklifnoma yuborilgan. Bu haqda kongressvumen Anna Paulina Luna xabar qildi. Ularning ismlari oshkor qilinmayapti. Uchrashuv mavzularidan biri Ukrainada tinchlik bo‘yicha muzokaralarning borishi bo‘ladi.

Foto: The State Duma/AP/picture alliance

RF Davlat dumasining to‘rt nafar deputatiga Vashingtonda AQSh Kongressi a’zolari bilan uchrashuv uchun rasmiy taklifnoma yuborildi. Unda, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish bo‘yicha muzokaralar jarayonini muhokama qilish rejalashtirilgan. Bu haqda 8 yanvar, payshanba kuni Florida shtati 13-okrugidan saylangan kongressvumen Anna Paulina Luna ma’lum qildi. Lunaga ko‘ra, uchrashuvni AQSh Davlat departamenti ma’qullagan va u yanvar oyidayoq bo‘lib o‘tishi mumkin. Luna bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.

Luna qaysi aniq deputatlar haqida gap ketayotganini aniq aytmadi. Uchrashuvni tashkil etishda ko‘mak bergani uchun kongressvumen AQSh davlat kotibi Marko Rubioga shaxsan minnatdorchilik bildirdi.

Keyinroq RF Davlat dumasining xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Aleksey Chepa “Dojd” telekanaliga bergan izohida uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilayotganini tasdiqladi. Uning aytishicha, uchrashuv “yakuniy kelishuvlarga erishilgan zahoti” bo‘lib o‘tishi mumkin.

U Rossiya deputatlarining AQSh Kongressi a’zolari bilan muzokaralarida “dolzarb masalalar”, jumladan iqtisod, terrorizm va xavfsizlik mavzulari muhokama qilinishi kutilmoqda, dedi. Uchrashuvga kim taklif qilingani haqidagi savolni esa deputat Davlat dumasi rahbariyatiga yo‘naltirib, o‘zi kimlar haqida gap ketayotganini bilmasligini aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maxsus vakili va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) rahbari Kirill Dmitriyev Rossiya va AQShning qonun chiqaruvchi organlari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lishi mumkinligini 2025 yil oktyabr oxirida, AQShga tashrif buyurgan paytidayoq ma’lum qilgan edi.

O‘shanda RTIJ rahbari Anna Paulina Lunani “Rossiya va AQSh o‘rtasida muloqot tarafdori sifatida” “tinch yechimlar”ni izlash va “mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish” tarafdori bo‘lgan Kongress vakilalaridan biri, deb atagan.

Mavzuga oid