Jahon | 21:08 / 09.01.2026
3653
2 daqiqa o‘qiladi

Tankerlar Venesuela suvlarida AQSh ta’qibidan ommaviy qochmoqda – OAV

AQSh sanksiya ostidagi Venesuela neftini tashiyotgan tankerlarni ta’qib qilmoqda.

Foto: Reuters

AQSh harbiy kemalari AQSh dengiz blokadasini buzgan holda Venesuela yaqinidagi suvlardan Atlantika okeaniga chiqqan va sanksiya ostidagi bir qancha neft tankerlarini ta’qib qilmoqda, deb yozdi The New York Times. Nashr sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar tahlili va ismi oshkor etilmagan amerikalik harbiy bilan suhbat asosida shunday xulosaga kelgan.

«Ushbu kemalarning aksariyatiga neft yuklangan, ular quruqlikdan yuzlab mil uzoqda joylashgan va aftidan, sharqqa, Afrika va Yevropaga yo‘l olgan», deb yozdi nashr.

Tankerlar o‘tgan dam olish kunlari Venesuela suvlarini ommaviy ravishda tark etib, qamalni chetlab o‘tishga harakat qilmoqda. Ishtirok etgan 16 ta kemadan faqat bittasi - M Sophia - Karib dengizida Amerika kuchlari tomonidan to‘xtatildi.

Qolgan 15 ta tankerdan to‘rttasi Atlantika okeanida Sharqqa qarab ketayotganda, quruqlikdan kamida 400 mil uzoqlikda ko‘ringan. Beshta kemadan iborat ikkinchi guruh Karib dengizi orqali harakatlanayotganda aniqlangan.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga Atlantika orqali suzib ketayotgan tankerlar tomon yo‘l olgan Amerika esminetsi ham tushib qolgan. Bitta tanker yana Kolumbiya qirg‘oqlarida paydo bo‘ldi, qolgan beshta kemaning qayerdaligi hozircha noma’lum.

Neft ortilgan tankerlardan kamida bittasi - Veronica shu hafta o‘z nomini Galileo deb, bayrog‘ini esa Rossiya bayrog‘iga o‘zgartirdi, deya ta’kidlaydi nashr.

Vashington Venesuela nefti eksportini nazorat qilish bo‘yicha sa’y-harakatlari doirasida so‘nggi haftalarda beshta kemani qo‘lga oldi.

Tankerlarning dastlabki qo‘lga olinishi dekabr oyida, AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela neftini tashuvchi sanksiyalangan tankerlarni to‘liq blokada etishni e’lon qilganidan keyin sodir bo‘lgan edi.

Mavzuga oid