Jahon | 19:37 / 09.01.2026
2292
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela bir qator nufuzli muxolifatchilar va faollarni ozod qildi

Venesuela Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan bir necha kun o‘tib, tinchlikka intilish belgisi sifatida yuqori martabali muxolifatchilar, faollar va jurnalistlarning «ancha qismini» ozod qildi.

Foto: Getty images

8 yanvar kuni Venesuela bir necha yuqori martabali muxolifatchilarni ozod qildi, deb xabar berdi Euronews. Karakas buni «tinchlikka intilish» ishorasi deb atadi, Amerika qo‘shinlari harbiy operatsiya chog‘ida prezident Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan bir hafta o‘tmay.

Shu kuni kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida amaldagi prezident vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges hukumatini maqtadi va shunday dedi: «Ular ajoyib... Ular biz istagan hamma narsani berdi».

Venesuela milliy assambleyasi rahbari, prezident vazifasini bajaruvchining ukasi Xorxe Rodrigesning aytishicha, hukumat «ko‘p sonli» odamlarni ozod qilishadi.

«Buni Venesuela hukumatining umuman olganda tinchlikka erishishga qaratilgan ishorasi deb hisoblang», dedi Xorxe Rodriges.

AQSh hukumati va Venesuela muxolifati uzoq vaqtdan beri qamoqdagi siyosatchilar, tanqidchilar va fuqarolik jamiyati a’zolarini, jumladan, chet el fuqarolarini ozod qilishni talab etib keladi.

Kimlar ozodlikka chiqdi?

Mahbuslar ozod etilishi e’lon qilingach, ularning oila a’zolari butun mamlakat bo‘ylab qamoqxonalarga yugurdi.

Ozod qilinganlar orasida 2024 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Mariya Korina Machadoning prezidentlik kampaniyasida ishtirok etgan muxolifat yetakchisi Byadjo Pileri ham bor edi.

Shuningdek, saylov organining sobiq vakili, 2024 yilgi prezidentlik sayloviga nomzod Enrike Markes ham ozodlikka chiqarildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar tomonidan e’lon qilingan videolarda Markes va Pilerining qamoqxona yaqinidagi ko‘chalarda odamlar bilan quchoqlashayotganini ko‘rish mumkin.

Kunning ikkinchi yarmida, shuningdek, besh nafar Ispaniya fuqarosi, jumladan, taniqli venesuelalik-ispan advokati va huquq himoyachisi Rosio San-Migel ozod qilindi.

Venesuela hukumati odatda keskinlik davrida muloqotga tayyorligini ko‘rsatish uchun siyosiy mahbuslarni ozod qiladi. Biroq Karakas shu vaqtgacha siyosiy sabablarga ko‘ra mahbuslarni saqlamasligini ta’kidlab kelgan.

Mavzuga oid