Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Rossiyaning “yashirin floti”ga tegishli beshinchi tankerni qo‘lga oldi
AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Olina kemasini Karib dengizida to‘xtatdi. Amerika hokimiyati tanker sanksiyalarni chetlab o‘tib neft tashish uchun foydalanilganini ma’lum qildi.
Foto: AP
AQSh juma kuni, 9 yanvarda Rossiyaning “yashirin floti” bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimol qilingan navbatdagi neft tankerini qo‘lga oldi. Olina nomli kema Trinidad yaqinida, Karib dengizida to‘xtatib qolingan va unga AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati xodimlari chiqqan. Operatsiya hech qanday hodisasiz o‘tganini AQSh Qurolli kuchlarining Janubiy qo‘mondonligi ma’lum qildi.
Janubiy qo‘mondonlik X ijtimoiy tarmog‘idagi postida shunday deyiladi: “Bugun idoralararo qo‘shma kuchlarimiz yana bir bor aniq signal yubordi — jinoyatchilar uchun xavfsiz panoh yo‘q. Tongda o‘tkazilgan operatsiya davomida ‘Janubiy nayza’ (Southern Spear) birlashgan tezkor guruhi dengiz piyodalari va dengizchilar ichki xavfsizlik vazirligi ko‘magida USS Gerald R. Ford aviatashuvchisidan chiqib, Karib dengizida motorli tanker Olina'ni hech qanday hodisasiz ushladi”.
Xabarda ta’kidlanishicha, “bunday ushlashlar AQSh Dengiz kuchlarining amfibiya zarba guruhi to‘liq qudrati bilan ta’minlanadi, unga tezkor qo‘llanishga tayyor va yuqori zarba salohiyatiga ega USS Iwo Jima, USS San Antonio va USS Fort Lauderdale kemalari ham kiradi”. Postda, shuningdek, AQSh Mudofaa vazirligining “Janubiy nayza” operatsiyasi “noqonuniy faoliyatni to‘xtatish va G‘arbiy yarimsharda xavfsizlikni tiklash orqali mamlakatni himoya qilish” missiyasiga sodiq qolishi urg‘ulanadi.
The Bell nashri yozishicha, Olina tankerining ro‘yxatdan o‘tkazish raqami 2025 yil yanvar oyida AQSh sanksiyalari ostiga tushgan Minerva M tankeri raqami bilan mos keladi. Minerva M G‘arb cheklovlarini chetlab o‘tib Rossiya neftini tashishda ishlatiladigan “yashirin floti”ning bir qismi sifatida sanksiyaga tushgan edi.
Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Olina Sharqiy Timor bayrog‘i ostida yuradi. Kema oxirgi marta 52 kun oldin — noyabr o‘rtalarida Venesuela sohillari yaqinida bo‘lgan vaqtida o‘z joylashuv ma’lumotlarini uzatgan. Tanker harakati haqidagi bu ma’lumotni Reuters Britaniyaning dengiz xatarlarini boshqarish kompaniyasi Vanguard ma’lumotlariga tayanib keltirdi.
Olina'ni qo‘lga olish AQSh tomonidan Venesueladan neft eksport qilishda ishtirok etgan tankerlarni ta’qib etish operatsiyasi doirasidagi beshinchi holat bo‘ldi. Amerika hokimiyati bahosiga ko‘ra, Venesuela neft eksportining taxminan 70 foizi “yashirin floti” kemalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq AQSh Atlantika okeanida Rossiya kompaniyasiga tegishli Bella 1 tankerini ham qo‘lga olgan. Kema ikki haftadan ortiq vaqt AQSh harbiylarining ta’qibidan qochib yurgan, uni Rossiya harbiy-dengiz kuchlari kuzatib borgan.
Rossiya bu tankerning ushlanishini noqonuniy kuch ishlatish aksiyasi deb atagan.
Mavzuga oid
18:06 / 10.01.2026
Venesuela va AQSh diplomatik munosabatlarni tiklamoqchi
16:59 / 10.01.2026
Ishinger: Rossiya yevropaliklar bilan emas, AQSh bilan muzokaraga qiziqyapti
13:13 / 10.01.2026
Germaniya, Fransiya va Britaniya Rossiyaning “Oreshnik” raketa zarbasini qoraladi
12:12 / 10.01.2026