Jahon | 22:50 / 10.01.2026
7009
2 daqiqa o‘qiladi

Eron so‘nggi shohining o‘g‘li xalqni shaharlarni egallab olishga chaqirdi

Shahzoda Rizo Pahlaviy «inqilob g‘alaba qilgan kuni» vatanga qaytish va xalq bilan birga bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.

Foto: Grey Hutton / DER SPIEGEL

Eron so‘nggi shohining o‘g‘li shahzoda Rizo Pahlaviy mamlakat aholisini umummilliy ish tashlashlar o‘tkazish va norozilik namoyishchilariga shaharlarni egallashda yordam berishga chaqirdi.

«Maqsadimiz shunchaki ko‘chalarga chiqish emas, maqsadimiz shaharlarni egallash va himoya qilishga tayyorlanish. Bu maqsadga turli yo‘nalishlardan foydalanish, shaharlarning markaziy hududlarida ko‘proq odam to‘plash va turli aholi qatlamlarini birlashtirish orqali erishish zarur», — dedi Rizo Pahlaviy X tarmog‘idagi murojaatida. 

U shuningdek, harbiylarni «qatag‘on mashinasi»ni zaiflashtirish va «uni butunlay ishdan chiqarish uchun» xalq tarafiga o‘tishga chaqirdi.

Shahzoda «inqilob g‘alaba qilgan kuni» vatanga qaytish va xalq bilan birga bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.

«Bu kun yaqin qolganiga ishonaman», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eronda dekabr oyi oxiridan boshlangan norozilik namoyishlari butun davlat bo‘ylab keng tarqalmoqda. Politsiya minglab odamlarni qo‘lga olgan, 200dan ortiq inson halok bo‘lgani aytilmoqda.

Mavzuga oid