Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronda ommaviy namoyishlar kuchaymoqda: qurbonlar soni ortyapti
Eron xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni qattiqqo‘llik bilan tarqatishi va internetni bloklashiga qaramay, Tehron va Eronning boshqa yirik shaharlari ko‘chalariga minglab namoyishchilar chiqdi. Huquq himoyachilari kamida 60 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bermoqda.
Foto: REUTERS
Eronda juma kuni, 9 yanvar kechqurun, yana ommaviy norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Eron xavfsizlik kuchlarining namoyishchilarga nisbatan qattiq choralar ko‘rayotgani va internet bloklanganiga qaramay, Tehron va mamlakatning boshqa yirik shaharlari ko‘chalariga ko‘p sonli norozi fuqarolar chiqdi.
AFP agentligi haqiqiyligini tasdiqlagan videoroliklarda Eron poytaxtining shimolidagi Saadatobod tumanida namoyishchilar kastryulkalarga urib, “Xomanaiyga o‘lim!” degan shiorlarni aytayotgani ko‘rinadi. Ular o‘z murojaatini Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyga qaratmoqda. Yo‘ldan o‘tayotgan avtomobillar esa ularni qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida signal chalgan.
Ko‘chadagi ommaviy namoyishlar fonida hokimiyat Tehron ko‘chalarida nazoratni kuchaytirmoqda. Eron poytaxtining asosiy magistrallaridan birida xavfsizlik kuchlarining maxsus bo‘linmalari har 10 metrda bittadan blokpost o‘rnatgan, ularda kalashnikov avtomatlari bilan qurollangan kuch tuzilmalari xodimlari turibdi, deb yozadi “Amirkabir” talabalar byulleteni.
Shu orada Tehron shahar hokimi Alireza Zakaniy 9 yanvar tungi namoyishlar natijasida keltirilgan zarar haqida ma’lum qildi. Uning aytishicha, 50 dan ortiq bank va bir necha davlat muassasasiga o‘t qo‘yilgan, 30 dan ortiq masjid esa yong‘inda butunlay vayron bo‘lgan.
Erondagi inson huquqlari markazi (CHRI) huquq himoyachilari guvohlar ko‘rsatmalariga tayanib, Tehron, Mashhad va Karaj shaharlarida shifoxonalar yaralangan namoyishchilar bilan to‘lib ketganini xabar qilmoqda. HRANA huquqiy axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, norozilik aksiyalari vaqtida kamida 62 kishi halok bo‘lgan, 2300 namoyishchi qo‘lga olingan.
Eronning oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy ommaviy namoyishlarni keskin qoraladi. U norozilik ishtirokchilarini “ig‘vogarlar” va “mamlakatga ziyon yetkazayotgan” odamlar deb atadi. “Vayron qilish — ayrim shaxslarning ishi”, — dedi Xomanaiy 9 yanvar kuni. Uning qo‘shimcha qilishicha, ular bunday buzg‘unchilikni “faqat AQSh prezidenti xursand bo‘lishi uchun” qilmoqda, bunda u Donald Trampni nazarda tutgan.
Eronning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) huzuridagi elchisi Amir Said Iravaniy ham, Reuters agentligi xabar qilishicha, Vashington va Isroil hukumatini “beqarorlashtiruvchi harakatlar”da va “tinch namoyishlarni zo‘ravon vandalizm harakatlariga aylantirish”da aybladi.