Jahon | 13:39
8936
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: harbiylar Trampga Eronga zarba berish bo‘yicha variantlarni taqdim etgan

Nishonlar qatorida Tehrondagi fuqarolik obektlari ham bor.

Molly Riley / The White House / Getty Images

So‘nggi kunlarda Donald Trampga Eronga yangi harbiy zarbalarning bir necha variantlari taqdim etilgan, deb yozmoqda The New York Times Amerikadagi qator manbalariga tayanib.

Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidentiga taqdim etilgan variantlar Tehrondagi harbiy bo‘lmagan obektlarga zarba berishni ham nazarda tutadi. Bular qanday obektlar ekani borasida tafsilotlar ma’lum qilinmagan.

The New York Times suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp hali yakuniy qarorni qabul qilmagan, ammo «yangi zarbalarga ruxsat berish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqmoqda». Yuqori martabali harbiy mulozimlardan biri har qanday ehtimoliy hujumdan oldin mintaqadagi harbiy qo‘mondonlarga Amerika pozitsiyalarini mustahkamlash va Eron tomondan bo‘ladigan ehtimoliy javob zarbalariga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt kerak bo‘lishini ta’kidlagan.

The Wall Street Journal nashri ham Tramp ma’muriyati vakillari variantlar bo‘yicha dastlabki muhokamalarni o‘tkazgani haqida yozmoqda. Rasmiylardan birining so‘zlariga ko‘ra, Eron harbiy obektlariga keng ko‘lamli havo hujumi uyushtirilishi muhokama qilingan. Yana bir manbaning aytishicha, harakatlar rejasi bo‘yicha konsensus yo‘q va hozircha Amerika harbiy texnikalari yoki askarlar zarba berishga tayyorgarlik ko‘rish uchun yangi pozitsiyalarga o‘tkazilmagan.

Manbalar bu muhokamalarni odatiy rejalashtirishning bir qismi deb atamoqda, shu bilan birga, Eronga hujum muqarrarligini ko‘rsatuvchi alomatlari yo‘qligini qayd etishmoqda.

Oq uy bu boradagi so‘rovga javoban Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postini havola qilgan. Unda shunday deyiladi: «Eron erkinlikka intilmoqda, ehtimol, har qachongidan ham ko‘proq. AQSh yordamga tayyor!!!».

Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘alibafning aytishicha, AQShning har qanday hujumi – Tehronning Isroilga va AQShning mintaqadagi harbiy bazalariga javob zarbalariga olib keladi.

  • Erondagi namoyishlar 28 dekabr kuni boshlangandi, bunga milliy valuta keskin qadrsizlanishi va ulkan inflatsiya sabab bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay namoyishlar amalda butun mamlakatni qamrab oldi, Eron g‘arbidagi ikki shahar namoyishchilar qo‘liga o‘tdi. Hukumat namoyishlarni kuch bilan bostirishga kirishgan; bu fonda mamlakatda internet to‘liq o‘chirilgan. Turli manbalarga ko‘ra, politsiya bilan to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan namoyishchilar soni 200 dan oshgan, ammo bu borada rasmiy ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid