Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Texnika asrida «o‘rmon qonunlari» – hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 11 yanvar, yakshanba. 2026 yilning endigina o‘n kuni ortda qoldi, lekin bu o‘n kunda shunchalik ko‘p ishlar bo‘lib ketdiki, butun yilga tatigulik. Amerika Maduroni asir olib, Rossiya kemasiga desant tushirdi, Eronda oxirgi yillardagi eng jiddiy namoyishlar avj oldi, Putin yana sevimli raketasi «Oreshnik»ni ishlatdi, lekin osmon uzilib yerga tushmadi, jonajon sayyoramiz o‘z o‘qi atrofida hech narsa bo‘lmagandek aylanishda davom etmoqda. Shuncha ish bir haftada bo‘lib ketdi. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Maduroni olib qochishdi
3 yanvar kuni zamonaviy dunyo tarixida kuzatilmagan fantastik voqea sodir bo‘ldi. Amerika maxsus xizmatlari Venesuela havo mudofaasini qisqa vaqtda yakson qilib, Karakas markazidagi qattiq qo‘riqlanadigan qarorgohdan mamlakat prezidenti Nikolas Maduroni olib qochdi. Operatsiya juda tez o‘tkazildi, chegaradan kirib havo mudofaasini yakson qilish va Maduroni olib chiqib ketish uchun uch soat yetarli bo‘lgani, Venesuela prezidentini o‘g‘irlash uchun o‘tkazilgan asosiy operatsiya uchun atigi yarim soat sarflangani aytildi.
Venesuela prezidenti o‘g‘irlangani haqida xabarlar chiqa boshlagan vaqtda sinior Maduro Amerika harbiy kemasida Nyu York tomon yo‘lga chiqib bo‘lgandi. Uni allaqachon narkoterrorizmda ayblab, sud qilishga ham ulgurishdi.
Tramp Maduro qo‘lga olinishini favqulodda ko‘tarinkilik bilan e’lon qildi. Amaliyot «Amerikaning kuchini ko‘rsatib qo‘yganini» aytdi, uni boshqargan generallarni maqtab, «ularga o‘xshagan qo‘mondonlar bo‘lsa, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush ham juda tez tugardi», dedi.
Amerikaning bu harakati butun dunyoni shokka tushirdi. To‘g‘ri, Vashington Venesuela atrofida anchadan beri qo‘shin to‘playotgan, Maduroni ag‘darish da’vosini yashirmayotgandi, lekin voqealar bunchalik tez rivojlanishi, Venesueladagi rejim Maduroni bunchalik oson olib qochish orqali qulashini hech kim tasavvur qilmagandi.
G‘arbiy yarimshar da’vosi
Tramp Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin navbatdagi marta AQSh «mintaqani to‘liq o‘z ta’sir doirasidagi hududga aylantirishga haqli ekani» haqida gapirdi. Davlat departamenti sahifasida «Bu bizning yarimshar», degan post paydo bo‘ldi. Bu G‘arbiy yarimshar Amerikaniki, degani edi.
Venesuela Rossiyaning uzoq yillik ittifoqchisi. Dunyodagi eng katta neft zaxirasiga ega davlat Amerikaning qo‘shnisi bo‘laturib Rossiya bilan ittifoqchi ekani Trampga yoqmadi. Maduro qo‘lga olinganidan ko‘p o‘tmay Tramp endi Daniyaga tegishli dunyodagi eng katta orol Grenlandiyaga da’vo qilishni boshladi.
Tramp ikkinchi muddatga kirishishi bilan Grenlandiya atrofini «Rossiya va Xitoy egallab olayotgani», bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida ko‘p gapiryapti. Maduroni bu tarzda olib qochishgach, endi Daniya va Yevropa Ittifoqi ham qo‘rqib qoldi. Chunki Tramp endi rasman Yevropa Ittifoqi hududi hisoblangan Grenlandiyada ham «maxsus harbiy amaliyot» boshlamasligiga hech kim kafolat bermaydi.
Darvoqe, Amerika butun kontinentni o‘z ta’sir doirasidagi hududga aylantirishga haqli, degan gapni Tramp o‘ylab topmagan, 200 yil avval AQShning beshinchi prezidenti Jyeyms Monro ilk marta bu haqda gapirgan. «Monro doktrinasi» shu kunlarda foal muhokama qilinmoqda. Biz bu mavzuga alohida to‘xtaldik.
Rossiya kemasida AQSh desanti
Haftaning yana bir shov-shuvli voqeasi AQSh Rossiya «soyadagi floti»ga tegishli bir nechta kemalarni qo‘lga olgani bo‘ldi. Xususan, Venesuelaga nisbatan joriy qilingan cheklovni buzish ayblovi bilan Atlantika okeanida «Bella 1» neft tashuvchi tankeri qo‘lga olingan. Operatsiyani Amerika qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi amalga oshirdi. Vertolyotdan kemaga Amerika armiyasi desantlari tushib, ekipajni qo‘lga olgan. Ular Amerikada sud qilinishi aytilmoqda.
Qizig‘i, kema ta’qib qilinayotganda boshqa davlat bayrog‘i bilan suzayotgan bo‘lgan, lekin amerikaliklar operatsiya boshlashi arafasida unda Rossiya bayrog‘i ko‘tarilgan, kapitan bu bayroq amerikalik harbiylarni to‘xtatadi deb o‘ylagan ko‘rinadi. Operatsiya vaqtida yaqin orada Rossiya harbiy kemasi ham bo‘lgan, xususan, suvosti kemasi. Lekin ularga negadir aralashmagan.
Shu tariqa hafta davomida AQSh Rossiya «soyadagi floti»ga tegishli beshta neft tankerini qo‘lga oldi. Amerika tomonining hisoblashicha, Venesuela neft eksportining 70 foizi aynan Rossiya soyadagi flotiga tegishli tankerlar orqali amalga oshiriladi. Rossiya hozircha amerikalik harbiylar rus kemalarini ushlayotganiga faqat tashqi ishlar vazirligi bayonotlari orqali munosabat bildiryapti, hech qanday harbiy javob bo‘lgani yo‘q.
Putin yana «Oreshnik»ni ishlatdi
Rossiya prezidenti Putin eng yaqin ittifoqchilaridan biri Nikolas Maduro qo‘lga olingani, shuningdek, Amerika armiyasi Rossiya tankerlariga desant tushirib, qo‘lga olayotganiga hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.
Hafta davomida rossiyalik harbiylar Ukrainaning Lviv shahriga Putin yaxshi ko‘radigan «Oreshnik» ballistik raketasi bilan zarba berdi. Ukraina nashrlariga ko‘ra, raketa Polsha chegarasi yaqiniga borib tushgan. Rossiya tomoni bu zarbani «Ukraina Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilgani uchun javob» deb atadi. Zarba aynan qanday obektga berilgani, qanday nishon yo‘q qilingani aniq emas.
Aftidan Putin oxirgi vaqtlarda bo‘layotgan barcha voqealarga sevimli raketasini qo‘shni davlatga uchirish bilan munosabat bildirdi. Hafta davomida Rossiya Ukraina shaharlaridagi energoobektlarga hujum qildi. Oqibatda sovuq qish kunlarida minglab ukrainlar elektr ta’minoti va issiqlikdan uzilib qoldi.
Eronda namoyishlar
Hafta davomida Eronda narx-navo oshishidan norozi odamlar namoyishga chiqdi. Eronda namoyishlar qanday bostirilishi hisobga olinib, bu namoyishlar ham tezda tugashi taxmin qilingandi, lekin bu gal barchasi jiddiy tus oldi. Butun mamlakatda namoyishchilar ko‘chaga chiqdi, ba’zi shaharlarda politsiya ham ular tomonga o‘tgani aytilmoqda. Namoyishchilar bir nechta shaharlarni egallagani ham aytilyapti, lekin bunga ishonish qiyin, chunki qurolsiz shaharlarni egallab bo‘lmaydi.
Eronliklar hali mamlakatda internet o‘chirilmay turib namoyishdan videolar e’lon qilib bordi. Ularda odamlar Xominaiyni ketishga chorlagani eshitilgan. Namoyishlar fonida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy murojaat yo‘llab, «Tramp tez orada ag‘darilishini» aytdi.
Darvoqe, Eronda namoyishlar boshlanishi bilan Donald Tramp Tehron namoyishchilarga kuch ishlatsa, ularga yordam berishga tayyorligini aytdi. Eron rahbariyati kutilganidek «namoyishlar Amerika tomonidan tashkillashtirilganini» aytmoqda. Hozir butun Eronda internet o‘chirilgan, namoyishlar qanday davom etayotgani haqida ma’lumot olish deyarli imkonsiz.
Amerikada qotillik
Hafta davomida AQShning Minniapolis shahrida dahshatli qotillik yuz berdi. AQSh Immigratsiya va bojxona politsiyasi ICE 37 yoshli Amerika fuqarosi Rene Nikol Gudni otib o‘ldirdi. Immigratsiya politsiyasi Tramp tashabbusiga ko‘ra noqonuniy migrantlarni quvib solish bilan shug‘ullanmoqda. Ana shunaqa reydlardan biri ketayotganda Amerika fuqarosi bo‘lgan ayol aftidan o‘z noroziligini bildirish uchun mashinasini yo‘lga ko‘ndalang qo‘yib, yo‘lni to‘sishga uringan. Aslida ayol yo‘lni to‘sib ham qo‘ymaydi, uning yonidan o‘tish uchun yo‘l bor edi. Biroq politsiya ayolni to‘xtatish uchun uning mashinasiga yaqinlashadi. Ayol politsiyani aylanib o‘tish uchun mashinani haydayotganda, boshqa bir politsiyachi uni otib o‘ldiradi.
Voqeani atrofdagi ko‘pchilik odam tomosha qilib turadi. Tezda butun mamlakatda Trampning migratsiya siyosatiga qarshi namoyishlar boshlanib ketdi. Tramp politsiyachi o‘zini himoya qilgani, u to‘g‘ri yo‘l tutganini aytib chiqdi. Vaholanki, ayol politsiyaga hech qanday xavf tug‘dirmagan, mashinani uning ustiga haydamagandi.
Odamlar namoyishga chiqqach, qurolli politsiyachilar bilan to‘qnashishga majbur bo‘ldi. Va bu voqealarning barchasi «demokratiya himoyachisi ekanini» iddao qiladigan, lekin amalda qo‘shni davlat prezidentini o‘g‘irlab maqtanadigan Amerikada sodir bo‘ldi. Minniapolis meri Jyeykob Frey immigratsiya politsiyasini shahardan daf bo‘lishga chaqirdi, mer Trampning politsiya o‘zini himoya qildi degan iddaosini rad etdi.
Ana shunaqa gaplar, azizlar. Texnika asrida o‘rmon qoidalari – kim zo‘ravon bo‘lsa, o‘sha omon qoladi, kim bezbetroq bo‘lsa, g‘orning to‘ri o‘shaniki! Bularning barchasi ultrazamonaviy asrimizda sodir bo‘layotganiga ishonish qiyin. Katta-katta davlatlar odamga o‘xshab yashash o‘rniga prezident olib qochadi, qo‘shnisiga raketa otib maqtanadi, hukumatga noroziligini bildirgan ojiza ayolni hirsday erkak bezbetlarcha otib tashlaydi, keyin Amerika prezidenti chiqib, u to‘g‘ri qildi, deydi. Juda yomon davr boshlandi, juda ham yomon...
Mavzuga oid
22:05 / 28.12.2025
Ukrainlarning bayram «tilagi», namoz o‘qiyotgan falastinlikka hujum – hafta dayjesti
15:09 / 21.12.2025
Timofey insoniyat ko‘ksiga pichoq urdi - hafta dayjesti
14:39 / 14.12.2025
Zelenskiy front chizig‘ida, Tramp hammadan xafa - hafta dayjesti
14:21 / 07.12.2025