Jahon | 14:51 / 12.01.2026
3469
5 daqiqa o‘qiladi

Kuba rahbari Trampning “kelishuv” bo‘yicha chaqirig‘ini keskin rad etdi

“Kuba - erkin mamlakat, bizga hech kim nima qilishni buyurmaydi”, - deya Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Donald Trampning AQSh bilan “kech bo‘lmasdan oldin” kelishuv tuzish chaqirig‘iga shunday javob qaytardi.

Foto: Ramon Espinosa/AP

Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel AQSh prezidenti Donald Trampning Kuba Vashington bilan “kech bo‘lmasdan oldin” kelishuv tuzishi kerakligi haqidagi so‘zlariga keskin munosabat bildirdi. “Kuba — erkin, mustaqil va suveren mamlakat. Bizga hech kim nima qilishni buyurmaydi”, — deb yozdi Lotin Amerikasi davlati rahbari yakshanba, 11 yanvar kuni X ijtimoiy tarmog‘ida. “Hamma narsani biznesga, hatto inson hayotini ham tovarga aylantiradiganlar Kubaga hech narsa, mutlaqo hech narsa bo‘yicha ko‘rsatma berish huquqiga ega emas”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Dias-Kanelning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat “AQSh bizga (Kubaga — tahr.) oltmish yildan beri qo‘llab kelayotgan qattiq izolyatsiya choralari natijasi bo‘lib, ularni yanada kuchaytirish bilan ham tahdid qilishmoqda”.

Shu kuni Donald Tramp Truth Social tarmog‘ida Kuba “ko‘p yillar Venesueladan katta hajmda neft va pul hisobidan yashab kelgan”, deb yozdi. Uning da’vo qilishicha, bunda Kuba 1999–2013 yillarda Venesuela prezidenti bo‘lgan Ugo Chaves hamda 3 yanvar kuni AQSh armiyasi maxsus bo‘linmalari tomonidan qo‘lga olingan Venesuela rahbari Nikolas Maduroga “xavfsizlik xizmatlari”ni ko‘rsatgan.

Biroq endilikda vaziyat o‘zgaradi, deya ishora qildi Tramp: “Kubaga endi neft ham, pul ham kelmaydi — nol”. “Men ularga (Kuba hokimiyatiga — tahr.) kech bo‘lmasidan oldin kelishuv tuzishni qat’iy tavsiya qilaman”, — deb tahdid qildi Oq uy rahbari. AQSh prezidenti qaysi kelishuvni nazarda tutayotganini aniqlashtirmagan va Havana uchun oqibatlar mohiyatini ham ochiqlamagan.

“Kuba hech qanday mamlakatga ko‘rsatgan xavfsizlik xizmatlari uchun pul yoki moddiy mukofot olmagan va hech qachon olmaydi”, — deb ta’kidladi Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges 11 yanvar kuni X'dagi mikroblogida.

“AQShdan farqli o‘laroq, bizda boshqa davlatlarga nisbatan yollanmachilik, shantaj yoki harbiy bosim bilan shug‘ullanadigan hukumat yo‘q, — deyiladi keyingi jumlalarda. — Boshqa har qanday mamlakat kabi, Kuba ham yonilg‘ini eksport qilishga tayyor va AQShning bir tomonlama majburlovchi choralariga aralashuvsiz yoki bo‘ysundirilmasdan, savdo munosabatlarini rivojlantirish huquqini amalga oshirayotgan bozorlardan yonilg‘i import qilishga mutlaq huquqqa ega”.

Reuters agentligining qayd etishicha, so‘nggi haftalarda Vashingtonning Kubaga nisbatan ritorikasi sezilarli darajada qat’iylashgan. “Trampning Kubaga bosimi — mintaqaviy davlatlarni AQSh pozitsiyasiga mos harakat qilishga majburlashga qaratilgan sa’y-harakatlaridagi navbatdagi keskinlashuv bosqichidir, — deydi jurnalistlar. — Bu Tramp ma’muriyatining G‘arbiy yarimsharda ustunlikka erishish bo‘yicha ambitsiyalari jiddiyligini ko‘rsatadi”.

Kuba xom neft va yonilg‘ini Venesueladan va kamroq hajmda Meksikadan import qiladi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, xaridlar ochiq bozorda amalga oshiriladi. Bu resurslar mamlakatda elektr generatorlari va transport ishini ta’minlaydi.

So‘nggi yillarda Venesueladan Kubaga neft yetkazib berish hajmi qisqargan. Biroq Reuters tankerlar harakati ma’lumotlari hamda Venesuelaning PDVSA neft-gaz kompaniyasi ichki hujjatlariga tayanib yozishicha, Venesuela hali ham Kubaning asosiy neft ta’minlovchisi bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yilda PDVSA Kubaga kuniga 26 500 barrel neft yetkazib bergan. Bu xomashyoga bo‘lgan ehtiyojning taxminan 50 foizini qoplagan.

Meksika Venesuela o‘rniga Kubaning asosiy neft ta’minlovchisiga aylanishi mumkin, ammo Reuters tahlil qilgan ma’lumotlar hozircha Meksikadan yetkazib berish hajmlari baribir pastligini ko‘rsatmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid