Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Harbiylar uchun yangi imtiyozlar va tabiiy gaz qazib olish hajmini oshirish topshirig‘i – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yo‘liga aylanishi kerak – prezident
O‘zbekiston prezidenti, qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mamlakat xavfsizligini ta’minlash, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Prezident harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarga yangi imkoniyatlar berilishini e’lon qildi. Jumladan, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi. Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishini boshlaydi.
Prezident «O‘zbekneftgaz»ga kunlik gaz qazib chiqarish hajmini oshirishni buyurdi
Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» AJ faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati oldida turgan eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish ekani qayd etildi. Kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga ko‘paytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘rishi zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda neft-gaz sohasida o‘g‘rilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish bo‘yicha samarali tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Samarqand shahri kengaytiriladi va Samarqand tumani tugatiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi Qonunchilik palatasi qarori deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Qayd qilinishicha, Samarqandni «Millionlik shahar»ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar joy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatiladi. Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralari o‘zgartiriladi.
Antikorrupsiya agentligi hukumatdan Ozodbek Nazarbekovga chora ko‘rishni so‘radi
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq aytib, qistirilgan pullarni qabul qilgani – davlat xizmati va odob-axloq to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini buzish hisoblanadi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining holat yuzasidan Kun.uz so‘roviga javobida keltiriladi.
Agentlik qonunchilikda davlat fuqarolik xizmatchisi pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emasligi belgilanganini eslatgan.
Qayd etilgan holatlar bo‘yicha Agentlik tomonidan Vazirlar Mahkamasiga vazir Ozodbek Nazarbekovni intizomiy javobgarlikka tortish va uni kelgusida qonunchilik hujjatlariga rioya qilishi lozimligi haqida qat’iy ogohlantirish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha so‘rovnoma yuborilgan.
AEXA O‘zbekistonni uran chiqindilaridan tozalash rejasini tasdiqladi
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) Markaziy Osiyoda uran chiqindilarini rekultivatsiya qilish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi strategiyani qabul qildi.
Strategik reja O‘zbekistonni ham qamrab oladi hamda xalqaro moliya va ixtisoslashgan tashkilotlar bilan hamkorlikni nazarda tutadi. Hujjat sovet davrida uran qazib olishdan zarar ko‘rgan hududlarni bosqichma-bosqich tozalash va tiklashga qaratilgan.
Dasturning yangilangan umumiy qiymati 113 million yevroga baholanmoqda. Unga qurilish-muhandislik ishlari, loyihalarni boshqarish, ehtimoliy xarajatlar zaxirasi, shuningdek, qo‘shimcha dasturiy xarajatlar kiritilgan. Hisob-kitoblar amaldagi shartnomalar va joriy smeta ma’lumotlari asosida amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
22:38 / 12.01.2026
Molxonada saqlangan ayol ishi bo‘yicha hukm va Mo‘ynoqda yangi gaz koni – mahalliy dayjest
23:02 / 07.01.2026
Bemor qornidagi 200 gramm mix va «Nestle» bo‘tqasidagi xavfli toksin – mahalliy dayjest
21:43 / 06.01.2026
“Svetsiz” qolgan aeroport va ishdan olingan “insofsiz” direktor - mahalliy dayjest
21:09 / 05.01.2026