Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eron bilan savdo qiluvchi davlatlar uchun 25 foizlik bojlar joriy qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hukumatiga ta’sir o‘tkazish uchun 25 foizlik bojlardan foydalanmoqchi. Avvalroq Tramp aralashuv orqali namoyishchilarga yordam berishini va’da qilgan edi.
Foto: Shutterstock / FOTODOM / Lucas Parker
Eron bilan savdo qiladigan barcha mamlakatlar uchun AQSh tomonidan 25 foiz miqdorda bojlar joriy etiladi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni, 12 yanvar kechqurun Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. “Shu vaqtdan e’tiboran Eron Islom Respublikasi bilan biznes olib borayotgan har qanday mamlakat AQSh bilan amalga oshiradigan barcha tijoriy operatsiyalarda 25 foiz miqdorda boj to‘laydi. Ushbu farmon yakuniy bo‘lib, shikoyat qilish mumkin emas”, — deyiladi xabarda.
Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Islom Respublikasining eng muhim savdo sheriklari qatoriga, xususan, Hindiston, Xitoy va Turkiya kiradi. Bu prezidentning shunday usullarga murojaat qilishi bilan bog‘liq birinchi holat emas: Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiyaga bosim o‘tkazish maqsadida Tramp Hindistonning Rossiya neftini xarid qilishi sabab Hindistondan keladigan tovarlarga 50 foizlik bojlar ham joriy etgan edi.
Avvalroq Donald Tramp Oq uy va AQSh harbiylari Eronda namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun harakat variantlarini tahlil qilayotganini aytgan. “Harbiylar vaziyatni o‘rganmoqda, biz ayrim juda qat’iy variantlarni ko‘rib chiqyapmiz”, — dedi u jurnalistlarga, shu bilan birga u “Eron muxolifati rahbarlari bilan aloqada” ekanini qo‘shimcha qildi.
Tramp matbuot kotibi Kerolayn Levittning aytishicha, prezident Eronga qarshi har qanday harakatni — namoyishlarni shafqatsiz bostirish sababli ko‘rib chiqmoqda, jumladan havo zarbalarini ham, biroq “birinchi variant” sifatida diplomatiyani ko‘radi.
11 yanvar kuni Tramp Eron rahbariyati undan muzokaralar o‘tkazishni so‘raganini bildirdi. “Eron rahbarlari qo‘ng‘iroq qildi... Ular muzokara olib borishni xohlamoqda”, — dedi u Air Force One samolyoti bortida jurnalistlarga hamda “uchrashuv tashkil etilyapti”, deya qo‘shimcha qildi. Biroq “ehtimol, uchrashuvgacha harakat qilishimizga to‘g‘ri kelishi mumkin”, — dedi u, tafsilotlarni aniqlashtirmasdan. Tehronda hozircha AQSh prezidentining bayonotlari izohlanmadi.
Norvegiyada joylashgan Iran Human Righs (IHR) huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 12 yanvarga kelib, Eron hokimiyati namoyishlarni bostirish vaqtida kamida 648 nafar inson o‘ldirilgan, ular orasida to‘qqiz nafar voyaga yetmagan ham bor. Biroq ayrim baholarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 6000 nafardan ham oshishi mumkin, deb aniqlik kiritdi tashkilot. Eronda internet 100 soatdan ortiq vaqtdan beri bloklangani sabab “bu xabarlarni mustaqil ravishda tekshirish nihoyatda qiyin”, deya ta’kidladi huquq himoyachilari. Ularning baholashicha, taxminan 10 000 kishi hibsga olingan.
Eron rahbariyatiga qarshi kunlik ommaviy namoyishlar 2025 yil 28 dekabrda boshlangan. Eron xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga nisbatan qattiq choralar ko‘rayotganiga va internet o‘chirilganiga qaramay, Tehron va boshqa yirik shaharlar ko‘chalariga yana ko‘plab namoyishchilar chiqqan. Namoyishchilar qozon-tovoqlarga urib, “Xomaneiyga o‘lim” degan shiorlarni aytgan, murojaatlarini Eronning oliy rahbari — oyatulloh Ali Xomaneiyga qaratgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp 2 yanvar kuni Truth Social tarmog‘ida AQSh, agar kuch tuzilmalari tinch namoyishchilarga o‘q uzsa, aralashishini ma’lum qilgan edi.