Jahon | 12:10
1257
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Ukraina energetikasida favqulodda holat rejimi joriy etilishini ma’lum qildi

Rossiya hujumlari davom etayotgani fonida Ukraina energetika tizimida favqulodda holat (FH) rejimi kiritiladi. Prezident Volodimir Zelenskiyning aytishicha, oqibatlar og‘ir, Kiyevda esa vaziyat urush boshlanganidan beri eng murakkab: shaharda 400 ta ko‘p qavatli uy issiqliksiz qolgan.

Foto: Yuliia Ovsiannikova/Avalon/IMAGO

Rossiyaning davom etayotgan hujumlari fonida Ukraina energetikasida favqulodda holat rejimi joriy etiladi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 14 yanvar, chorshanba kuni Telegram’da xabar qildi. U shu kuni energetikadagi favqulodda holatlar mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlarini keltirar ekan, shunday dedi: “Rossiya zarbalari oqibatlari va ob-havo sharoitining yomonlashuvi — og‘ir. Ta’mirlash brigadalari, energetika kompaniyalari, kommunal xizmatlar elektr va issiqlik ta’minotini tiklash uchun sutka davomida ishlamoqda”.

Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda Kiyevdagi vaziyatga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga, shahardagi holatni muvofiqlashtirish uchun “doimiy ishlaydigan” shtab tuzishga qaror qilingan.

Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Ukraina hukumati “zarur uskunalar va qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlovni olish uchun” hamkorlar bilan ishni eng yuqori darajada faollashtiradi. Shu bilan birga, Ukrainada zaxira energetika uskunalarini tarmoqqa ulash jarayonlarining barchasi bo‘yicha deregulyatsiya (talab va tartiblarni soddalashtirish) o‘tkaziladi.

“Ukrainaga elektr energiyasi importi hajmini sezilarli oshirish ustida ham ishlayapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Zelenskiy ta’kidlashicha, hukumat juda sovuq ob-havo davrida komendantlik soati qoidalarini ham qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.

Shu kuni, 14 yanvarda Kiyev shahar meri Vitaliy Klichko Telegram’da poytaxtdagi vaziyat “juda og‘ir” ekanini bildirgan: “Bunday ko‘lam — urushning 4 yili davomida birinchi marta”.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Kiyevda taxminan 400 ta ko‘p qavatli turar joy binosi issiqliksiz qolmoqda. Bu uylarning bir qismiga shahar hokimiyati 14 yanvar kechqurungacha issiqlik berishni rejalashtirgandi. 9 yanvar kuni Ukraina poytaxtiga qilingan hujumdan keyin 6000 ta uy issiqlik ta’minotisiz qolgan edi.

“O‘ng sohilda issiqlik bilan bog‘liq vaziyat ancha barqarorlashgan. Qiyinrog‘i — shaharning chap sohilida”, — dedi Klichko. Uning aytishicha, hozir Kiyevda elektr uzilishlarining soatbay jadvali amal qilmayapti, shahar favqulodda uzilish grafiklari bo‘yicha yashamoqda.

Klichko DTEK kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib, shahar aholisi “hozir taxminan uch soat yorug‘lik bilan, o‘n soatgacha, ayrim joylarda esa undan ham ko‘proq — yorug‘liksiz” qolishini aytgan. Uning ogohlantirishicha, avariyaviy o‘chirishlar davom etadi.

Avvalroq Ukraina energetika vaziri etib tayinlangan Denis Shmixal Kiyev hokimiyatini tanqid qilib, shahar qishga “umuman tayyor bo‘lmagani”ni aytgan.

Mavzuga oid