Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va Chexiya hujjatlarni tekshirish sohasida axborot almashadi
Chexiyada migratsiya jarayonlari, hujjatlarni tekshirish amaliyoti va axborot almashinuvini kuchaytirish, shuningdek O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Elchixona diplomatlari Chexiya Chet el politsiyasi direktorati tarkibidagi Hujjatlarni tekshirish milliy markazi rahbari Petr Zikmund bilan uchrashdi, deya xabar berdi “Dunyo” AA.
Uchrashuvda Chexiya tomonidan markaz vakillari Mixal Kreyts, Aneta Firitova hamda Karel Popela ishtirok etdi.
Tadbirda Chexiya Chet el politsiyasi direktorati so‘roviga binoan, O‘zbekistonning xorijga chiqish pasporti, ID-karta, vatanga qaytish sertifikati va boshqa rasmiy hujjatlar namunalari xizmat faoliyatida foydalanish uchun taqdim etildi.
Muhokamalar davomida migratsiya jarayonlari, hujjatlarni tekshirish amaliyoti, axborot almashinuvi hamda Chexiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Chexiya hududiga kirish va unda bo‘lish uchun haqiqiy deb e’tirof etiladigan hujjatlar, amal qilish muddati tugagunga qadar qonuniy kuchga ega bo‘lgan avvalgi namunadagi pasportlar bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi. Tomonlar hujjatlar to‘g‘risida axborotni muntazam almashib borish qalbakilashtirish holatlarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
O‘zbek tomoni konsullik xizmatlari ko‘rsatish tartibi, turli ma’lumotnomalar berish, fuqarolarning ism va familiyasini o‘zgartirish jarayoni bo‘yicha milliy qonunchilik talablari haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarining Chexiya hududida mehnat faoliyati va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish jarayonida hujjatlarning haqiqiyligi bilan bog‘liq ayrim muammolar ham muhokama qilindi. Chexiya tomoni taklifnomalar, litsenziyalar hamda ruxsat beruvchi hujjatlarni tasdiqlash masalalari yuzasidan yaqin hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
Chexiya Chet el politsiyasi mamlakatdagi barcha xalqaro aeroportlar faoliyatini nazorat qilishi, kirish rad etilgan holatlarni qayd etishi hamda rasmiy so‘rovlar asosida tegishli statistik ma’lumotlarni taqdim etishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Chet el fuqarolarini ushlab turish yoki ozodlikdan mahrum etish holatlarida diplomatik vakolatxonalarni xabardor qilish tartiblari bo‘yicha ham tushuntirish berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hujjatlarni tekshirish, O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, muntazam axborot almashinuvi va bevosita ishchi aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.
Mavzuga oid
20:25 / 16.07.2026
AQSh grin-karta talabgorlari uchun 100 ming dollarlik garov joriy etishi mumkin
10:31 / 16.07.2026
Qozog‘iston migratsiya nazoratini kuchaytirmoqda
22:07 / 15.07.2026
Rossiyada migrantlar harakatini kuzatish uchun telefon sotib olishga majburlanishi mumkin
23:00 / 13.07.2026