Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda demokratlar Grenlandiya sabab joriy etilayotgan bojlarni bekor qilishga urinadi
AQSh Kongressi Senatidagi Demokratik partiya vakillari prezident Donald Trampning Grenlandiya sabab Yevropa davlatlariga qarshi boj joriy etish rejalarini to‘xtatishga urinadi. Bu haqda yakshanba, 18 yanvar kuni Senatdagi demokratlar ozchiligi rahbari Chak Shumer ma’lum qildi.
“Donald Trampning tariflari allaqachon narxlarni oshirdi va iqtisodiyotimizga zarar yetkazdi, lekin endi u vaziyatni yanada og‘irlashtiryapti. U Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha g‘alati urinishi uchun eng yaqin ittifoqchilarimizga qarshi tariflar joriy etib, bu ahmoqlikni ikki barobar qilishni xohlayotgani aqlga sig‘maydi”, — deyiladi Shumer bayonotida.
“Senatdagi demokratlar bu tariflar Amerika iqtisodiyotiga va Yevropadagi ittifoqchilarimizga yanada ko‘proq zarar yetkazishidan oldin, ularni to‘sib qo‘yish uchun qonun loyihasini taqdim etadi”, — deb qo‘shimcha qildi Shumer.
Hozir respublikachilar Senatda 100 o‘rindan 53 tasiga, Vakillar palatasida esa 435 o‘rindan 218 tasiga ega. Demak, Donald Trampning partiyadoshlari AQSh Kongressining har ikki palatasini ham nazorat qilyapti.
Biroq Trampning bu rejalariga nisbatan norozilikni ayrim respublikachilar ham bildirgan. Masalan, Alyaskadan saylangan senator Liza Enn Merkauski.
“Bu tariflar — keraksiz, jazolovchi va chuqur darajada xato. Ular milliy xavfsizlikni mustahkamlash uchun hech narsa qilmagan holda, muhim ahamiyatga ega yevropalik ittifoqchilarimizni bizdan yanada uzoqlashtiradi”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, bu “to‘g‘ridan to‘g‘ri Putinga qo‘l keladi”.
“NATOdosh ittifoqchilarimiz Grenlandiyaga mashg‘ulotlar uchun oz sonli harbiylarni yuborganiga, o‘z ittifoqchilarimiz harakatlariga bunday munosabat — Amerika uchun, Amerika biznesi uchun va AQSh ittifoqchilari uchun zararli. Ammo Putin, Si va NATOnni bo‘lingan holda ko‘rishni istaydigan boshqa raqiblar uchun foydali”, — deb yozdi X’da Shimoliy Karolinadan respublikachӣ senator Tom Tillis.
Mavzuga oid
19:37 / 01.07.2026
Tramp Oq uyga qaytgach kamida $2 mlrd daromad ko‘rdi. Asosiy boylik – kriptovalutalardan
21:14 / 30.06.2026
AQSh Oliy sudi tug‘ilganda fuqarolik olish huquqini tasdiqladi
13:06 / 28.06.2026
AQSh va Eron o‘rtasida yana zarbalar almashinuvi bo‘lib o‘tdi
21:31 / 26.06.2026