O‘zbekiston | 19:54
5809
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimining 7 yilga qamalgan sobiq o‘rinbosari Botirjon Hamroyev ozodlikka chiqdi

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Botirjon Hamroyev ozodlikka chiqdi. U 2024 yil 14 oktyabrda qamoqqa olingan hamda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatida aybli deb topilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Apellyatsiya sudi Botirjon Hamroyevga tayinlangan jazoni yetkazilgan zarar qoplangani munosabati bilan o‘zgartirdi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Andijon viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Botirjon Hamroyev ozodlikka chiqdi. Apellsiya sudi 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan sobiq “zamhokim”ga tayinlangan jazoni zarar qoplangani uchun o‘zgartirdi.

Kun.uz tanishgan sud ajrimida keltirilishicha, Botirjon Hamroyev bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida qariyb 30 kishi sudlangan. Ularning bir nechtasi Andijon viloyatidagi turli MChJlar vakillari bo‘lsa, aksariyati “Agrobank” ATB Andijon viloyat boshqarmasi mansabdorlari hisoblanadi.

Sud hukmiga ko‘ra, hududdagi MChJlardan birining ta’sischisi “Agrobank” ATB tomonidan issiqxonalar barpo etish uchun ajratilishi belgilangan imtiyozli kreditdan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni to‘liq qo‘lga kiritish orqali daromad orttirishni rejalashtirgan. U buning uchun Andijon viloyat hokimligi va “Agrobank” ATB Andijon viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslarini issiqxona komplekslarini mahalliylashtirgani, har qanday miqdorda yetkazib berishi mumkinligiga ishontirgan. Shundan so‘ng uyushgan guruh a’zolari o‘rtasida vazifalar taqsimlangan. Botirjon Hamroyev ham ushbu uyushgan guruh a’zosi bo‘lgani keltirilgan.

Sud hujjatida qayd etilishicha, Botirjon Hamroyev mahalliy hokimlik idorasi mansabdor shaxsi sifatida ajratilayotgan imtiyozli kredit mablag‘larini faqatgina muayyan jamiyatga yo‘naltirish hamda kredit ajratilishini jadallashtirish borasida “Agrobank” ATB Andijon viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslariga ko‘rsatmalar berib borgan.

JIB Yunusobod tuman sudining 2025 yil 8 iyuldagi hukmi bilan Botirjon Hamroyev 7 ta epizod bo‘yicha oqlangan. U Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a,v” bandlari bilan aybli deb topilgan hamda 3 yil mahalliy hokimiyat organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan.

Toshkent shahar sudi axborot xizatining ma’lum qilishicha, JIB Yunusobod tuman sudi tomonidan mansab vakolatini suiiste’mol qilish, o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan jami 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko‘rilib, sudning 2025 yil 8 iyuldagi hukmi bilan tegishli jazolar tayinlangan.

Sud hukmiga nisbatan tuman prokurorning protesti va sudlanuvchilarning shikoyatlariga asosan jinoyat ishi Toshkent shahar sudi apelletsiyasi instansiyasida ko‘rilib, hukmning 24 nafar sudlanuvchiga tegishli qismlari o‘zgartirilgan.

Xususan, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 26 dekabrdagi ajrimiga asosan birinchi instansiya sudi hukmi bilan Botirjon Hamroyevga tayinlangan jazo jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar qoplangani munosabati bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirib borish sharti bilan 2,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga o‘zgartirilgan.

Uning 2024 yil 12 oktyabrdan 2025 yil 26 dekabrgacha qamoqda saqlangan kunlarining har bir kuni axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirilgan holda chegirilib, tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosi o‘talgan deb hisoblangan. Shu tariqa, Botirjon Hamroyevga nisbatan qo‘llangan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan darhol ozod qilingan.

Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksi 167-moddasining 5-qismiga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi. Botirjon Hamroyevga nisbatan tayinlangan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Botirjon Hamroyev 2019 yildan qamoqqa olinguniga qadar Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.

Mavzuga oid