Jahon | 11:15 / 21.01.2026
3156
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Tramp samolyoti elektronikadagi nosozlik sabab ortga qaytdi

Tramp samolyoti ehtiyot chorasi sifatida Endryus harbiy bazasiga qaytgan. U yerda AQSh prezidenti va uni kuzatib borayotganlar boshqa samolyotga o‘tib, Davosga yo‘lni davom ettiradi.

Foto: Axel Schmidt/REUTERS

AQSh prezidentining Air Force One samolyoti Davosdagi Jahon iqtisodiy forumiga parvoz davomida elektronika ishidagi “katta bo‘lmagan” nosozlik sababli ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Bortida AQSh prezidenti Donald Tramp bo‘lgan samolyot ehtiyot chorasi sifatida Endryus harbiy bazasiga (Joint Base Andrews) qaytarilganini Tramp matbuot kotibi Karolin Levitt seshanba, 20 yanvar kuni ma’lum qildi. U yerda Tramp va uning hamrohlari boshqa samolyotga o‘tib, safarni davom ettiradi.

Trampning Davos forumidagi chiqishi chorshanba kuni soat 14:30 ga rejalashtirilgan — bu Grenlandiya atrofidagi inqiroz fonida bo‘lib o‘tadi. Jo‘nab ketishidan oldin Tramp Davos safari qanday o‘tishini “umuman bilmasligini” aytgan.

Chiqishdan keyin AQSh prezidenti Jahon iqtisodiy forumining yillik yig‘ini doirasida bir qator davlat va hukumat rahbarlari bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Muhokamalarda AQShning Grenlandiya bo‘yicha rejalari ham ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu yil AQSh Davosda odatdagidan ancha katta delegatsiya bilan qatnashmoqda.

Trampning yaqinda Grenlandiyani qo‘shib olish bo‘yicha da’volariga qarshi chiqqan, o‘zi “raqiblar” deb atagan sakkizta Yevropa mamlakatiga nisbatan bojlar joriy etish tahdidi keskin tanqidga sabab bo‘lgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu tahdidlarni “qabul qilib bo‘lmaydigan”, ayniqsa “hududiy suverenitetga bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llanganda” mutlaqo nomaqbul deb atagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid