Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Grenlandiya borasida Yevropa bilan kelishgan Tramp va G‘azoda jurnalistlarni o‘ldirgan Isroil – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp Grenlandiyadan «voz kechdimi?»
AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani egallab olish uchun bosim vositasi sifatida bojlar joriy etish haqidagi tahdidlardan kutilmaganda ortga chekindi. U kuch ishlatishni rad etib, Daniyaga qarashli ushbu hudud borasidagi mojaroni yakunlash uchun kelishuv yaqin ekanini bildirdi.
Bu bayonot – 21 yanvar kuni Shveytsariyada NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan so‘ng yangradi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuv «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish istagi va muhim foydali qazilmalarga kirish imkonini qondiradi, shu bilan birga Arktikadagi Rossiya va Xitoy ambitsiyalarini to‘sib qo‘yadi.
«Bu hammani juda xursand qiladigan, uzoq muddatli kelishuv. Bu eng oxirgi, eng uzoq muddatli kelishuv. U barcha tomonlar uchun foydali pozitsiyani ta’minlaydi, ayniqsa xavfsizlik va foydali qazilmalar masalasida. Bu abadiy kelishuv», dedi Tramp jurnalistlarga.
Trampning hududga to‘liq «egalik» qilish haqidagi talablarini qanday kelishuv qondirishi mumkinligi noma’lum. Grenlandiya aholisi va yetakchilari bu hudud sotilmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
NATO vakilining aytishicha, orol ustidagi muzokaralar — Rossiya va Xitoy hech qachon Grenlandiyada mustahkam o‘rin egallamasligini ta’minlashga qaratilgan holda davom etadi.
Trampning Grenlandiya haqidagi bayonotlari Davosda asosiy mavzuga aylandi. U o‘zini G‘arb qadriyatlarining himoyachisi sifatida ko‘rsatdi. «Bizga jiddiy zaiflashgan emas, balki kuchli ittifoqchilar kerak», dedi Tramp.
Grenlandiya bo‘yicha kuch ishlatish tahdidini chetga surganiga qaramay, Tramp «Maduro operatsiyasi» misolida AQSh harbiy qudrati bilan maqtandi. Daniyani «noshukr» deb atadi.
U hududiy mojaroni «muz bo‘lagi» uchun bildirilgan «kichik talab» sifatida ko‘rsatdi va Grenlandiyani qo‘shib olish NATOga hech qanday tahdid solmasligini aytdi.
Uning Grenlandiyani — Islandiya deya adashtirishlari va boshqa ajabtovur talablaridan iborat nutqi Davosda noqulay nigohlar va yengil kulgiga sabab bo‘ldi, biroq aksariyat siyosatchilar sukut saqladi.
Tramp payshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashadi, bundan tashqari o‘zi tuzgan «Tinchlik kengashi» tashabbusiga qo‘shilayotgan yetakchilarni ham jamlashi kutilmoqda.
Isroil G‘azoda 11 kishini o‘ldirdi
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 21 yanvar kuni Isroilning G‘azoga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 11 nafar falastinlik, jumladan, ikki nafar bola va uch jurnalist halok bo‘ldi. Yana olti kishi jarohatlangan.
Al-Jazeera'ning yozishicha, avtomobili nishonga olingan paytda halok bo‘lgan fotomuxbirlar Misrning G‘azoga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘mitasi uchun ishlagan.
Jurnalistlar Anas G‘unaym, Abdul Ra’uf Shaat va Muhammad Qeshta G‘azoning markaziy qismida Isroil zarbasiga uchragan. Internetda tarqalgan videolavhalarda yo‘l chetida yonib ketgan, bombalangan avtomobil ko‘rinadi.
G‘azo rasmiylariga ko‘ra, zarba Isroil nazoratidagi hududdan taxminan 5 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan va Isroil harbiylari mashina Misr qo‘mitasiga tegishli ekanini bilgan.
Isroil armiyasi radiosining xabar berishicha, harbiylar G‘azo markazida nishonga olingan avtomobildagi shaxslar armiya kuchlari haqida ma’lumotni yig‘ish uchun drondan foydalanganini da’vo qilmoqda.
Bundan tashqari, Dayr al-Balah, Xon Yunus va Bani Suhayladagi alohida hujumlarda yana 8 kishi halok bo‘lgan. Jumladan, Isroil askarlari G‘azo janubida o‘tin terayotgan 13 yoshli bolani o‘qqa tutgan.
Falastin rasmiylarining aytishicha, Isroil 10 oktyabr kuni kuchga kirgan sulhni bir necha bor buzib, yuzlab odamlarni o‘ldirdi. Bundan tashqari, sovuq ob-havo sharoitida og‘ir humanitar sharoitlarda qolgan G‘azoga oziq-ovqat, tibbiy yordam va boshpana materiallarining kirib kelishini cheklab kelmoqda.
Yangi Zelandiyada ko‘chki
21 yanvar kuni ertalab Yangi Zelandiyaning shimoliy sohilidagi mashhur sayyohlik maskani — Maunganui tog‘idagi lagerda ko‘chki sodir bo‘ldi.
Guvohlardan biri tog‘ga chiqmoqchi bo‘lib turgan paytda nihoyatda baland shovqinni eshitgan. Yer bo‘laklari lagerdagi binolar ustiga yopirilib tushgan.
Qutqaruvchilar payshanba kuni ham ko‘chki oqibatida bedarak yo‘qolganlarni qidirishda davom etmoqda. Kuchli yomg‘irlar keng ko‘lamli talafot yetkazib, minglab odamlarni elektr ta’minotisiz qoldirgan.
Yangi Zelandiyaning butun sharqiy sohilbo‘yi hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida uylar evakuatsiya qilindi, yo‘llar yopildi.
Politsiya okrugi qo‘mondoni Tim Andersonning aytishicha, bedarak yo‘qolganlar soni o‘nga yaqin bo‘lishi mumkin.
Birinchi bo‘lib yetib kelgan qutqaruvchilar vayronalar ostida hayot alomatlarini aniqlagan, biroq yer yana siljishi mumkinligi xavfi sabab hududdan chekinishga majbur bo‘lgan.
Mahalliy OAVlarning Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tayanib xabar berishicha, bedarak yo‘qolganlar orasida bolalar ham bor va qidiruv-qutqaruv ishlariga yordam berish uchun vertolyotlar jalb etilgan.
Mamlakat bo‘ylab boshqa hududlarda ham kichik ko‘chkilar va suv toshqinlari kuzatilmoqda.
SDF kuchlari Suriyada sulhni buzmoqda
Suriya armiyasi chorshanba kuni e’lon qilingan kelishuvning birinchi kunidayoq kurdlar boshchiligidagi SDF kuchlari tomonidan sulh buzildi. Oqibatida Suriyaning 11 nafar askari halok bo‘lgan, 25 nafardan ortig‘i jarohatlangan.
Xususan, Suriyaning shimoli-sharqidagi Hasaka viloyatida joylashgan al-Yarubiya hududida yetti nafar askar, janubdagi tog‘ yaqinida ikki nafar askar, Halabning sharqidagi hududda esa yana ikki nafar askar halok bo‘lgan.
Suriya armiyasi bo‘linmalari al-Yarubiya chegara punkti yaqinida qo‘lbola portlovchi moslamalar va dronlar uchun o‘q-dorilar tayyorlanadigan ustaxonani aniqlagan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur obekt ichida SDF qurollantirishga hozirlik ko‘rayotgan Eronda ishlab chiqarilgan bir nechta dronlar bo‘lgan.
Hududni xavfsizlantirish va tozalash ishlari boshlanganidan so‘ng, SDF mazkur joyni kamikadze-dron yordamida nishonga olgan, natijada yetti nafar askar halok bo‘lgan, 20 nafari jarohatlangan.
Suriya tomoni bayonotiga ko‘ra, kurdlar boshqa hujumlarida artilleriya o‘qlari, zirhli texnika va dronlardan foydalangan.
Ushbu hujumlar seshanba kuni Suriya prezident ma’muriyati Hasaka viloyatining kelajagi bo‘yicha SDF bilan «o‘zaro anglashuv»ga erishganidan keyin sodir bo‘lmoqda. Suriya mudofaa vazirligi ularga 4 kunlik muhlat bergan.
Mavzuga oid
15:01 / 21.01.2026
Tramp va Makron o‘rtasidagi mojaro, Abening qotiliga o‘qilgan hukm va NATO inqirozi haqida gapirgan Lavrov – kun dayjesti
14:45 / 20.01.2026
Trampning pulli «kengashi», Xitoyda kamayayotgan aholi, qamoqdan qochgan IShIDchilar va Kamchatkada 2 metr qor – kun dayjesti
16:00 / 19.01.2026
Keskinlashgan AQSh–Yevropa munosabatlari, Ispaniyada to‘qnashgan tezyurar poyezdlar va Gvatemalada 30 kunlik qamal – kun dayjesti
14:30 / 17.01.2026