Jahon | 23:09 / 23.01.2026
1296
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh eng yirik giyohvandlik imperiyalaridan birini yaratgan sobiq sportchini qo‘lga oldi

44 yoshli Uedding «Sinaloa» karteli a’zosi bo‘lib, Meksikada o‘n yildan ortiq vaqt davomida yashirinib yurgan va bir vaqtning o‘zida «giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha transmilliy operatsiyani boshqargan».

Foto: FBI

Kanadaning sobiq snoubordchisi Rayan Jyeyms Uedding 22 yanvar kuni kechqurun Meksikada hibsga olindi, deb xabar berdi NBC News. Bu haqda FQB direktori Kesh Patel ma’lum qildi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, 44 yoshli Uedding «Sinaloa» karteli a’zosi bo‘lib, Meksikada o‘n yildan ortiq vaqt davomida yashirinib yurgan va bir vaqtning o‘zida «giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha transmilliy operatsiyani boshqargan».

Patelning aytishicha, Uedding Kolumbiyadan yuzlab kilogramm kokainni Meksika va Janubiy Kaliforniya orqali AQSh va Kanadaga olib o‘tgan. FQB direktori uni marhum kolumbiyalik narkobaron Pablo Eskobar va Meksikaning «Sinaloa» kartelining rahbari Xoakin «El Chapo» Gusman bilan taqqosladi. Bosh prokuror Pem Bondining aytishicha, Uedding AQShga olib ketilgan va sud oldida javob beradi.

2025 yil mart oyida Uedding FQB tomonidan eng ko‘p qidirilgan o‘n nafar jinoyatchi ro‘yxatiga kiritildi, uning joylashuvi haqidagi ma’lumot uchun 15 million dollar mukofot puli belgilandi. 2024 yil sentabr oyida u qotillikka urinish va giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq boshqa jinoyatlarda ayblandi.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, Ueddingning jinoiy faoliyati 2008 yilda - Solt-Leyk-Sitidagi qishki Olimpiya o‘yinlarida Kanada vakili bo‘lganidan olti yil o‘tib boshlangan. 2009 yil noyabr oyida u kokain tarqatish uchun til biriktirganlikda aybdor deb topildi va 48 oylik federal qamoq jazosiga hukm qilindi. 2011 yil dekabr oyida ozod qilindi. Ozodlikka chiqqach, huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘zining jinoiy giyohvandlik imperiyasini yaratgan.

O‘tgan oyda Meksika hukumati Ueddingga tegishli deb taxmin qilinayotgan, umumiy qiymati 40 mln dollarga yaqin bo‘lgan o‘nlab mototsikllarni musodara qilgandi. Shuningdek, Mexikoning turli joylarida ikkita Olimpiada medali, ikkita avtomobil, giyohvand moddalar, san’at asarlari va boshqa buyumlar musodara qilingan. Rasmiylar Uedding «Sinaloa» kartelining himoyasi ostida Meksikada yashiringan deb taxmin qilgan edi.

Mavzuga oid