Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Poraxo‘rlik ishi: Bundestag sobiq deputati shartli jazoga hukm qilindi
XDI (Xristian-demokratik ittifoq)dan Bundestagning sobiq deputati Aksel Fisher YeK (Yevropa Kengashi) Parlament assambleyasi (YeKPA)da ishlagan paytida pul evaziga Ozarboyjon manfaatlarini ilgari surgan. Myunxendagi oliy yer sudi uni 1 yil-u 2 oy muddatga shartli ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qildi.
Foto: REUTERS
Payshanba kuni, 22 yanvarda Myunxendagi oliy yer sudi XDIdan Bundestagning sobiq deputati Aksel Fisherni “Ozarboyjon ishi” bo‘yicha poraxo‘rlikda aybdor deb topdi va uni 1-u yil 2 oy shartli qamoq jazosiga hukm qildi. Shuningdek, Fisherga 32 ming yevro to‘lash majburiyati yuklatildi: 20 ming yevro — pora summasining bir qismini qaytarish sifatida, yana 12 ming yevro — jinoyat qurbonlarini qo‘llab-quvvatlaydigan Die Stiftung Opferhilfe jamg‘armasiga xayriya sifatida. Bundan tashqari, unga keyingi ikki yil davomida davlat lavozimlariga saylanish (nomzodini qo‘yish) taqiqlandi.
Prokuratura Aksel Fisherga 1 yil-u 8 oy shartli jazo hamda 100 ming yevro to‘lov tayinlashni so‘ragan, himoya tomoni esa uni oqlashni talab qilgan.
Myunxen sudi Fisher YeKPAda Ozarboyjon manfaatlarini ilgari surishi uchun Bokudan pul olgani isbotlangan, deb hisobladi. Xususan, sud matbuot bayonotiga ko‘ra, u 2016 yil YeKPAda Tog‘li Qorabog‘ masalasi bo‘yicha ovoz berishda Ozarboyjonga manfaatli pozitsiyani egallagan va nutqida Bokuni qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, u YeKPAdagi faoliyati davomida Boku vakillariga bir necha bor maxfiy hujjatlarni yetkazgan.
Hukm asoslantirilishida raislik qiluvchi sudya Fisher 2011 yil boshlaridan kechikmay jami 79 ming yevro miqdorida naqd pul olganini ko‘rsatdi. Biroq Ozarboyjondan qilingan to‘lovlar faqat 2014 yil sentabr oyida yangi qonunchilik kuchga kirgandan keyin jinoyat sifatida jazolanadigan bo‘lgan. Myunxen oliy yer sudi qarorining asosiga aynan shu summa qo‘yildi.
Aksel Fisher doim aybini inkor qilib kelgan, uning advokatlari prokuraturani tergovni bir tomonlama olib borganlikda ayblagan. Sobiq deputat uzoq vaqt sud majlislariga kelmagani sababli, 2025 yil dekabr oxirida u qamoqqa olingan. Sud fikricha, siyosatchi unga qo‘yilgan ayblar da’vo muddati o‘tishi hisobiga bekor bo‘lishiga erishishga uringan.
Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilot Transparency International (TI) Aksel Fisherga chiqarilgan hukm “huquq tarixiga kiradi”, deb bildirdi. TI izohicha, “ilk bor Bundestagning sobiq deputati deputatlik mandatiga ega bo‘lgan holda pora olgani uchun aybdor deb topildi”.
Shu ish bo‘yicha 2025 yil iyul oyida XSI partiyasidan Bundestagning sobiq deputati Eduard Lintner ham 9 oy shartli jazoga hukm qilingan edi.
Mavzuga oid
19:52 / 19.01.2026
BAAda Shayx Zayd mukofoti sovrindorlari taqdirlandi
16:04 / 17.01.2026
Ozarboyjon Germaniya va Avstriyaga gaz yetkazib berishni boshladi
09:01 / 30.12.2025
Ozarboyjon: Ukrainada har ikki tomonda urishganlar jazolanadi
21:36 / 25.12.2025