Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Starmer: Trampning Afg‘onistondagi NATO missiyasi haqidagi so‘zlari haqoratli
Buyuk Britaniya bosh vaziri AQSh prezidentining Afg‘onistondagi NATO missiyasida yevropalik ittifoqchilar roli haqidagi bayonotlarini tanqid qildi. Berlin va Varshava esa operatsiyada o‘z harbiylari ko‘rgan talafotlarni esga soldi.
Foto: Francesco Militello Mirto/ZUMAPRESS/imago images
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer juma kuni, 23 yanvarda AQSh prezidenti Donald Trampning NATOdagi Yevropa mamlakatlari harbiylari go‘yo Afg‘onistondagi jang harakatlaridan chetda turgan, degan bayonotlarini keskin tanqid qildi.
Starmerning ta’kidlashicha, bunday gaplar “haqoratli va chindan ham qo‘rqinchli” bo‘lib, Afg‘oniston missiyasi davomida yaqinlarini yo‘qotgan yoki ular yaralangan oilalarga og‘ir botadi. U Trampni jabr ko‘rganlar oldida uzr so‘rashga chaqirdi.
“Eng avvalo, men Afg‘onistonda halok bo‘lgan qurolli kuchlarimizning 457 nafar harbiy xizmatchisi xotirasiga hurmat bajo keltirmoqchiman”, — dedi Starmer. U operatsiya davomida yana ko‘plab britaniyalik askarlar yaralanganini ham qo‘shimcha qildi.
Bundan avval Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligida davlat vaziri Stiven Kinnok Starmer bu masalani Tramp bilan suhbatda ko‘tarish niyatida ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidentining da’volari “mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”, chunki Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi faqat bir marta — 2001 yil 11 sentabrda AQShda sodir etilgan terror hujumlaridan keyin qo‘llangan va o‘shanda ittifoqchilar Vashingtonga yordamga kelgan.
Fox News telekanaliga bergan intervyusida Tramp NATOning boshqa davlatlari Afg‘onistonga qo‘shin yuborganini, biroq uning aytishicha, ular “front chizig‘idan chetda qolgani”ni bildirgan. Shuningdek, u alyans zarur bo‘lib qolsa, AQShga yordam bermasligi mumkin, degan fikrni yana takrorlagan.
11 sentabr terror hujumlaridan keyin NATO o‘z tarixida birinchi va yagona marta 5-moddani ishga solgan. Ko‘plab mamlakatlar, jumladan Buyuk Britaniya, Afg‘onistonda AQSh rahbarligidagi harbiy operatsiyada ishtirok etgan. Missiya davomida NATOning qator davlatlari harbiylari halok bo‘lgan, ular orasida Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Daniya ham bor. Operatsiya 2021 yilda “Tolibon” harakati hujumi fonida qo‘shinlarning betartib tarzda olib chiqilishi bilan yakunlangan.
Germaniya Mudofaa vazirligi vakili Trampning so‘zlarini izohlashdan bosh tortgan, biroq bundesver Afg‘onistonda “o‘z mavjudligi tarixi davomidagi eng og‘ir yo‘qotishlar”ni ko‘rganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, Germaniya Afg‘onistonda doim sezilarli harbiy ishtirokni saqlab turgan, ko‘plab veteranlar esa hali-hanuz o‘sha missiya oqibatlaridan aziyat chekmoqda. Jami Afg‘onistonda 59 nafar nemis harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.
Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish ham Tramp so‘zlariga munosabat bildirib, polyak veteranlariga hurmat ko‘rsatilishini kutishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular ittifoqchilik majburiyatlariga sodiqligini isbotlagan. Afg‘onistonda 43 nafar polyak askari halok bo‘lgan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2001 yil sentabrdan 2021 yil avgustgacha Afg‘onistonda 150 000 nafardan ziyod britaniyalik harbiy xizmatchi bo‘lgan. Buyuk Britaniya Afg‘oniston missiyasi uchun AQShdan keyin soni jihatidan ikkinchi eng katta kontingentni taqdim etgan. OAV xabarlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 2400 nafardan ortiq amerikalik askar halok bo‘lgan.
Mavzuga oid
21:32 / 23.01.2026
Trampning Davosdagi nutqi: xatolar va chalkashliklar
14:42 / 23.01.2026
Pokistonda qolgan afg‘onlar kompensatsiyadan ko‘ra ko‘chishni afzal ko‘ryapti
23:18 / 21.01.2026
Germaniya nega Vashingtonga qarshi chiqmadi?
13:59 / 21.01.2026