Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyev: Tramp 15 maygacha tinchlik shartnomasini tuzishga intilmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi joriy yil 15 maydan kechiktirmay imzolanishini kutmoqda. Bu haqda seshanba, 27 yanvar kuni Ukrainadagi kundalik onlayn-dastur - Ranok.LIVE efirida o‘z manbalariga tayanib, Oliy Radaning “Yevropa birdamligi” partiyasidan deputati Aleksey Goncharenko ma’lum qildi.
Foto: White House
Uning so‘zlariga ko‘ra, 3 noyabr kuniga AQSh Kongressiga oraliq (midterm) saylovlar belgilangan. Agar Tramp may oyigacha urushni yakunlash bo‘yicha natija ko‘rsata olmasa, bu unga “plyus”dan ko‘ra “minus” bo‘ladi. Goncharenkoning qo‘shimcha qilishicha, AQShda may oyi Ukraina va Rossiya o‘rtasida kelishuv tuzish uchun norasmiy “dedlayn” deb qaraladi, shundan keyin Amerika tomoni muzokara jarayonidan chiqib ketishi ham mumkin.
“Ukraina masalasi yo‘qolib ketmaydi, ammo ikkinchi darajaga tushib qoladi”, — dedi u.
The Moscow Times nashri eslashicha, AQShning Ukraina bo‘yicha 28 banddan iborat tinchlik rejasi mazmunini birinchi bo‘lib ommaga e’lon qilgan aynan Aleksey Goncharenko bo‘lgan.
O‘tgan dam olish kunlari Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) poytaxti Abu-Dabida Rossiyaning Ukrainaga bosqinini yakunlash mavzusida RF, Ukraina va AQSh vakillari ishtirokida ilk uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy keyinroq muzokaralarga ijobiy baho berdi va delegatsiyalar 1 fevral kuni yana uchrashishini ma’lum qildi.
Muzokaralardan bir kun oldin Moskvada AQShning maxsus vakili Stiven Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan. Oq uy bu uchrashuvni “juda samarali muhokama” deb atab, unda “oxirgi hal etilmagan masalalar” ko‘rib chiqilganini bildirgan.
Muzokaralar arafasida Moskva o‘zining eng qat’iy talabini — Ukraina armiyasi butun Donbassdan, shu jumladan avval Rossiya nazoratida bo‘lmagan hududlardan ham chiqib ketishini yana bir bor tasdiqladi. Ukraina esa buni qat’iyan rad etadi. Shu fonda RF Ukrainani keng ko‘lamli o‘qqa tutishini davom ettirgan. Kiyevda aytilishicha, Rossiya raketalari, jumladan, tinchlik jarayoniga qarshi ham yo‘naltirilgan.
Mavzuga oid
15:09
AQShdagi qor bo‘roni: o‘nlab qurbonlar, bekor qilingan minglab aviareyslar va o‘zgarayotgan prognozlar
13:41
Zelenskiy Ukraina 2027 yilgacha YeIga a’zo bo‘lishini talab qilmoqda
09:58
Meksika chegarasida to‘qnashuv: odam kontrabandasida gumonlanuvchi yaralandi
21:56 / 27.01.2026