Jahon | 23:00 / 28.01.2026
1729
6 daqiqa o‘qiladi

Qrim ko‘prigidagi portlash ishi bo‘yicha umrbod qamalganlar Tramp, Putin va Zelenskiyga murojaat qildi

Mahkumlar teraktni tashkillashtirishga hech qanday aloqasi yo‘qligini va ulardan «yashirincha» foydalanilganini ta’kidlamoqda. Ular davlat rahbarlarini afv etish, amnistiya yoki siyosiy mahbuslarni almashish ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha siyosiy qarorlar qabul qilishga chaqirdi.

Foto: EPA / Scanpix / LETA

2022 yil oktyabr oyida Qrim ko‘prigidagi portlash bo‘yicha jinoiy ish doirasida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan sakkiz nafar sudlanuvchi AQSh, Rossiya va Ukraina prezidentlari hamda xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qildi.

Mahkumlar teraktni tashkillashtirishga hech qanday aloqasi yo‘qligini va ulardan «yashirincha» foydalanilganini ta’kidlamoqda. Ular davlat rahbarlarini afv etish, amnistiya yoki siyosiy mahbuslarni almashish ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha siyosiy qarorlar qabul qilishga chaqirdi. Jinoiy ish ishtirokchilarining murojaatini «Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash. Memorial» tashkiloti e’lon qildi.

«Biz oddiy sakkiz kishimiz. Haydovchi, logist, tadbirkorlar. Har kuni ertalab non topish, ijara haqini to‘lash, bolalarni bag‘riga bosish uchun uyg‘onadiganlar. Endi esa biz - «terrorchilarmiz». Umrbod qamoq jazosiga, Rossiya koloniyalarining beton qafaslarida sekin va xo‘rlovchi o‘lim jazosiga hukm qilindik.

Foto: Wikipedia

Nima uchun? 2022 yil oktyabr oyida Qrim ko‘prigida portlash sodir bo‘lgan vaziyatlarga duch kelganimiz uchun. Tergovga «qulay» ayblanuvchiga aylanganimiz uchun. Shunchaki... yashaganimiz uchun. Biz hammamiz oddiy yuk - qurilish polietilen plyonkasi logistikasiga aloqador edik. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘ramlar ichiga portlovchi qurilma niqoblangan. Bizning daxldorlik darajamiz yukni o‘tkazib yuborgan bojxonachilar bilan va portlashda halok bo‘lgan haydovchilar bilan bir xil. Biz kundalik yumushlar bilan shug‘ullanardik: kimdir yuk ortadi, kimdir mashina haydaydi, kimdir omborni boshqaradi. Lekin bu terrorizm emas! Hech qaysimiz portlovchi moddadan boxabar bo‘lmaganmiz. Uyushgan jinoiy guruhga hech kim jalb qilinmagan. Hech kim Ukraina maxsus xizmatlarining agenti emas va UXX rejalaridan xabardor emas!».

«Ayblovning bema’niligi, qasddan sodir etganlik bo‘yicha dalillarning umuman yo‘qligi, aniqlanmagan sabab, UXX rahbari Vasiliy Malyukning bizning daxlsizligimiz va «yashirin» foydalanganlik haqidagi ochiq bayonotlari – bular sudning ishni qabul qilishiga va hukm chiqarishiga to‘sqinlik qilmadi. Sud jamoatchilik uchun eshiklarni shunchaki yopib qo‘ydi: aybsizlarni matbuot oldida sud qilish juda noqulay bo‘lardi. Portlatish holatlari o‘ylab topilgan. «Aybdorlar» tayinlandi. Birorta ham haqiqiy terrorchi yoki agent qo‘lga olinmagan. Tasodifiy sakkiz kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi».

«Hozir AQSh vositachiligida Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Muhokamalarda siyosiy mahbuslarning o‘zaro amnistiyasi mavzusi yangramoqda. Huquq himoyachilari har qanday kelishuv doirasida barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilish yoki almashishni muntazam ravishda talab qilib, asosiy omillarni ta’kidlamoqda: fuqarolik pozitsiyasi, e’tiqodi, qurbonlar yoki og‘ir oqibatlarning yo‘qligi uchun ta’qib qilinganlar».

«Biz tushunamiz: minglab odamlar haqida gap ketganda, sakkiz odamning taqdiri global voqealar fonida xiralashadi. Ammo shunga qaramay, biz Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etayotgan barcha davlatlar rahbarlaridan, gumanitar masalalarga aloqador barcha davlatlardan va dunyodagi barcha inson huquqlari tashkilotlaridan iltimos qilamiz: bizning taqdirimizga e’tibor bering. Bizni ozod qilish yo‘lini toping - sud jarayoni orqali bo‘lmasa ham, siyosiy qarorlar, afv etish yoki almashinuv/amnistiyaga qo‘shish orqali. Biz imkonsiz narsani so‘ramaymiz. Biz insoniylikni so‘raymiz. Farzandlarimizning jilmayishini yana bir bor ko‘rishni, rafiqamizni bag‘rimizga bosishni, onamizni o‘pishni, shunchaki yashashni istaymiz».

Bayonotga Artem Azatyan, Georgiy Azatyan, Oleg Antipov, Aleksandr Balin, Vladimir Zloba, Roman Solomko, Artur Terchanyan va Dmitriy Tyajyelix imzo chekkan.

2022 yil 8 oktyabr kuni Rossiyani anneksiya qilingan Qrim bilan bog‘laydigan Kerch bo‘g‘ozi ustidagi ko‘prikda portlash yuz berdi - yuk mashinasida yashirilgan portlovchi qurilma ishga tushdi. Oqibatda ko‘prikning ikki seksiyasi suvga quladi, temir yo‘l qismida yuk poyezdining yonilg‘i sisternalari yonib ketdi, ko‘prik bo‘ylab transport harakati to‘xtatildi.

5 kishi (jumladan, yuk mashinasi haydovchisi va uning yonida bo‘lgan avtomobildagi 4 kishi) halok bo‘ldi. Rossiya hududi va harbiy kuchlarini ta’minlaydigan muhim transport arteriyasi shikastlandi.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, portlash terakt sifatida tasniflangan - portlovchi qurilma yuk mashinasiga yashirilgan.

2023 yilda Rossiya ommaviy axborot vositalari va tergov idoralari portlash ortida Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) yoki Ukraina maxsus xizmatlari turganini da’vo qildi. 2023 yil iyul oyida UXX rahbariyati o‘z xizmatining operatsiyaga aloqadorligini rasman e’lon qilib, uni dushman logistikasini buzish bo‘yicha chora-tadbirlarning bir qismi deb atadi. Moskva, shuningdek, hujumni uyushtirganlikda Ukrainani ayblab, uni terrorchilik harakati va muhim infratuzilmaga tahdid sifatida baholadi.

2025 yil noyabr oyida Rostov-Dondagi Rossiya harbiy sudi portlash ishi bo‘yicha hukm chiqardi: 8 kishi ko‘prikni portlatishda ishtirok etganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi (shu jumladan, terrorizm va portlovchi moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq ayblovlar bilan).

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid