Jahon | 15:26 / 29.01.2026
2145
5 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga 33 ta mobil issiqlik elektr stansiyasi yuboradi

GFRning Ukrainadagi yangi elchisi Hayko Toms aytishicha, Germaniya Ukrainaga 33 ta mobil issiqlik elektr stansiyasini topshiradi va ular yaqin vaqt ichida yetib keladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir shunday qo‘shma stansiya o‘n minglab odamni issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlay oladi.

Hayko Toms Foto: Suspіlne Novini/Vladislav Nagorniy

Germaniya Ukrainaga 33 ta mobil issiqlik elektr stansiyasini topshiradi — ular “eng yaqin vaqt ichida” yetib keladi. Bu haqda GFRning Ukrainadagi yangi elchisi Hayko Toms chorshanba, 28 yanvar kuni “Suspіlne” telekanaliga bergan intervyusida bildirdi. Elchi ta’kidlashicha, shunday bir qo‘shma issiqlik elektr stansiyasi o‘n minglab odamni issiqlik va elektr bilan ta’minlay oladi.

“Bu yerda har kecha sodir bo‘layotgan ishlar — harbiy jinoyatlar. Bu faqat fuqarolik aholisiga terror o‘tkazish uchun qilinmoqda. Sizga hozir qo‘llab-quvvatlash kerak, va siz uni olasiz”, — dedi Toms GFR hukumati nomidan mobil issiqlik elektr stansiyalari topshirilishi haqida e’lon qilar ekan. Germaniya elchisi, shuningdek, mamlakat Ukrainaga generatorlar, energiyani saqlash tizimlari va energetikadagi ta’mirlash ishlari uchun transport vositalari ham berayotganini eslatdi.

“Bu 33 ta qurilma Ukrainada millionlab odamni elektr energiyasi bilan ta’minlay oladi. Asosiy qiyinchilik — ularni ulashda, xuddi generatorlarda bo‘lgani kabi. Ammo biz buni imkoni boricha tezroq qilish uchun birga ishlaymiz”, — dedi Hayko Toms.

Rossiya tomonidan qishning qattiq sovuq haroratida Ukraina energiya obektlariga qasddan va ommaviy zarbalar berilgani fonida ko‘plab davlatlar bu mamlakat aholisiga yordamni tashkil qilmoqda. Masalan, 18 yanvar kuni Stand With Ukraine jamg‘armasi “Polshadan Kiyevga issiqlik” xayriya aksiyasini boshladi, uning doirasida Ukraina uchun generatorlar xarid qilishga 8 mln zlotiy (taxminan 2 mln yevro) jamlandi. Qurilmalarning birinchi partiyasi 26 yanvar kuni Kiyevga yetib kelgan, keyingi partiya esa Xarkiv va Sumi viloyatlari uchun mo‘ljallangan.

Niderlandiya va Daniya 21 yanvar kuni Ukraina energetikasiga yordam uchun 43 mln yevro ajratishini e’lon qildi. Bir kun o‘tib, Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris mamlakat Ukrainaga 2 mln yevrodan ortiq qiymatda elektr generatorlari yuborishini bildirdi. Ukraina elchixonasi Slovakiyada 23 yanvar kuni ukrainaliklar ehtiyojlari uchun xayriya to‘plashini e’lon qildi va 530 ming yevrodan ortiq mablag‘ yig‘ildi: generatorlar bilan birinchi yuk mashinasi 29 yanvar kuni Chernixivga, ikkinchisi esa Sumiga yo‘l oldi.

25 yanvar kuni Chexiyadagi faollar to‘rt kun ichida Kiyev aholisi uchun generator va akkumulyatorlar xarid qilishga qariyb 4 mln yevro jamlagani ma’lum bo‘ldi. Yevroittifoq 27 yanvar kuni Ukrainaga 447 ta generatorni 3,7 mln yevro qiymatida topshirdi. Ularning 100 tadan ortig‘i muhim infratuzilma obektlari ishini ta’minlash uchun Kiyevga yo‘naltiriladi. Ukraina energetikasiga yordamga Finlandiya ham qo‘shildi: u quvvat transformatorlari, generatorlar, mobil qozonxonalar, shuningdek, o‘qqa tutishlardan zarar ko‘rgan tarmoqlarni tiklash uchun ehtiyot qismlar yubordi.

28 yanvar kuni Ukraina energetika vaziri Denis Shmixal Telegram-kanalida Kiyevda Rossiyaning ommaviy zarbalaridan keyin taxminan 710 ming iste’molchi hali ham elektr ta’minotisiz ekanini xabar qildi. Uning ta’kidlashicha, tarmoq infratuzilmasiga yetgan shikastlar notekis bo‘lgani sabab Kiyev energiya tizimidagi vaziyat hali ham murakkab.

Vazir aytishicha, bir vaqtning o‘zida Kiyevning energiya barqarorligini oshirish uchun uzoq muddatli yechimlar ham izlanmoqda. Denis Shmixalga ko‘ra, ustuvor vazifa — tarmoqning barqaror ishlashi va elektr energiyasini imkoni boricha ko‘proq tarmoqqa uzatish, bu iste’molchilar ehtiyojining bir qismini qoplash va poytaxt energiya barqarorligini kuchaytirishga yordam beradi.

Shu orada, Kiyev meri Vitaliy Klichko 28 yanvar holatiga ko‘ra, Kiyevda 737 ta turar joy issiqlik ta’minotisiz qolganini, ularning aksariyati Vigurovshchina–Troyeshchina turar joy massivida joylashganini bildirdi. Klichko qo‘shimcha qilishicha, Kiyevda issiqlik ta’minoti muammolarini bartaraf etish ustida Ukraina turli hududlaridan kelgan 1000 nafardan ortiq mutaxassis ishlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid