Jahon | 13:32
1069
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyev Vengriya elchisiga norozilik bildirdi

Budapesht Kiyevni Vengriyadagi TISZA muxolifat partiyasini qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi. Uning reytingi Vengriya bosh vaziri Orban partiyasidan yuqori. Ukraina TIV Vengriya elchisiga norozilik bildirdi.

Foto: Shutterstock

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Vengriya elchisi Antal Geyzerni Budapeshtdagi rahbariyatning so‘nggi bayonotlari — go‘yo Kiyev Vengriyadagi parlament saylovlari jarayoniga aralashgani haqidagi da’volari munosabati bilan chaqirtirdi. Diplomatga Ukraina Vengriya tomonining uni Vengriyadagi saylovoldi kampaniyasiga tortishga urinishlariga qat’iy qarshi ekani bildirildi, bu holat “ikki tomonlama munosabatlar rivojiga ochiqdan ochiq zarar yetkazadi”, deyiladi Ukraina vazirligi chorshanba, 28 yanvar kuni tarqatgan bayonotda.

Bayonotda ta’kidlanishicha, “Vengriya tomoni qo‘shni ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar uchun salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida agressiv antiukrain ritorikani to‘xtatishga chaqirildi”. Kiyev, shuningdek, Ukrainaning “Vengriya bilan konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga tayyor” ekanini qayd etdi. Shu bilan birga, Ukraina TIV Vengriya hokimiyatini Yevroittifoqning Ukraina bilan YeIga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi qarorini to‘sib turgan vetoni bekor qilishga yana bir bor chaqirdi. Bu, Kiyev fikricha, “ikki xalq manfaatlariga hamda Ukrainadagi venger ozchiligi manfaatlariga ham mos kelgan bo‘lar edi”.

Budapeshtdagi hukumat aprel oyiga belgilangan parlament saylovlarida Ukraina Vengriya muxolifatiga yordam beryapti, deb hisoblamoqda. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Facebook’da ukrainlar “Hurmat va erkinlik” (TISZA) muxolifat partiyasi foydasiga “ochiq va qo‘pol aralashuv”ni davom ettirayotganini yozdi.

2010 yildan beri hokimiyatda bo‘lib kelayotgan Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ilk bor saylovda kuchli raqibga duch kelmoqda. So‘rovnomalarga ko‘ra, Peter Madyar yetakchiligidagi o‘ng-markazchi TISZA partiyasi Orbanning o‘ng FIDeS partiyasidan oldinda bormoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid