Jahon | 12:43
1092
4 daqiqa o‘qiladi

Rubio: AQSh va Yevropa Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini kelishib oldi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio tinchlikka erishish jarayonidagi asosiy talablardan biri bo‘lgan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha AQSh va Yevropa davlatlari umumiy kelishuvga kelganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, hal etilmagan yagona masala - Ukraina sharqidagi hududlar haqidagi savol bo‘lib qolmoqda.

Foto: J. Scott Applewhite/AP

Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa mamlakatlari Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha umumiy kelishuvga erishgan — bu kafolatlar tinchlik yo‘lidagi jarayondagi asosiy talablardan biri, dedi AQSh davlat kotibi Marko Rubio. U chorshanba, 28 yanvar kuni Senatdagi eshituvlarda aytishicha, bunda Yevropa qo‘shinlarining cheklangan kontingentini joylashtirish (asosan Fransiya va Britaniya harbiylari) va AQShning xavfsizlik kafolatlari nazarda tutilmoqda.

Rubioning ta’kidlashicha, yevropaliklar so‘nggi o‘n yilliklarda mudofaa sohasiga yetarlicha sarmoya kiritmagani sababli, Vashington qo‘llab-quvvatlamas ekan, bunday choralarni amalga oshira olmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hal etilmay turgan yagona masala — Ukraina sharqidagi hududlar haqidagi savol. “Men bilaman, bu masala bo‘yicha har ikki tomon qarashlarini yaqinlashtirish imkoniyatini aniqlash uchun faol ish olib borilmoqda. Bu — hali o‘tib bo‘linishi kerak bo‘lgan ko‘prik”, — deya qo‘shimcha qildi Marko Rubio va bu masala “juda murakkab” bo‘lishini ta’kidladi.

AQSh davlat kotibi shunday dedi: 1 fevral kuni Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarda Vashington delegatsiyasi ham bo‘ladi, ammo ehtimol, uchrashuvda AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushner qatnashmaydi.

Britaniyaning Financial Times gazetasi avvalroq sakkiz manbaga tayanib xabar berishicha, Tramp ma’muriyati Ukrainaga Vashington tomonidan beriladigan xavfsizlik kafolatlari Kiyev tinchlik kelishuviga borishi-bormasligiga bog‘liq ekanini bildirgan, bu kelishuv esa ehtimol Donbassni Rossiyaga topshirishni o‘z ichiga olishi mumkin. Ikki manba aniqlashtirishicha, agar Ukraina bu shartni bajarsa, Vashington Kiyevga tinchlik davrida qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha qurol-yarog‘ yetkazib berishni ham va’da qilgan.

Oliy rada deputati Aleksey Goncharenko o‘z manbalaridan iqtibos keltirib, Oq uy Rossiya va Ukraina o‘rtasida 15 maygacha tinchlik kelishuvi imzolanishini kutayotganini aytdi: AQShda aynan may oyi Kiyev bilan Moskva o‘rtasida kelishuvga erishish uchun norasmiy “dedlayn” deb qaralayotgani, shundan keyin amerikaliklar muzokaralar jarayonidan chiqib ketishi mumkinligi bildirilgan.

O‘tgan dam olish kunlari BAA poytaxti Abu-Dabida Rossiyaning Ukrainaga hujumini yakunlash masalasi bo‘yicha RF, Ukraina va AQSh vakillari ishtirokidagi ilk uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy keyinchalik muzokaralarni ijobiy baholadi va delegatsiyalar 1 fevral kuni yana uchrashishini ma’lum qildi. Muzokaralar boshlanishidan ozgina oldin Moskva Ukraina armiyasini butun Donbassdan — shu jumladan avval Rossiya nazoratida bo‘lmagan hududlardan ham — olib chiqish haqidagi o‘zining maksimal talabini tasdiqlagan. Ukraina esa buni qat’iy rad etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid