Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jizzaxda turizm majmualari tashkil etiladi, Arnasoy aeroporti kengaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda viloyatda kambag‘allik va ishsizlikni yanada qisqartirish, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida keskin o‘sishga erishish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, 2026-2027 yillarda yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur’atlarini 8,5 foizga yetkazish, sanoatda ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish, 5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va yillik eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda ishsizlik darajasini 3 foizga, kambag‘allikni 2,8 foizga tushirish, 182 ta mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari bu maqsadlarga viloyatdagi mahallalarni chuqur ixtisoslashtirmasdan erishib bo‘lmasligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan viloyatda kelgusi ikki yilda yangi model rivojlantiriladi. Hududdagi 304 ta mahallaning solishtirma ustunliklari tahlil qilinib, ularning bog‘dorchilik, chorvachilik, sabzavot va polizchilik, sanoat, servis hamda turizm yo‘nalishlariga ixtisoslashuvini chuqurlashtirish dasturi ishlab chiqildi.
Dastur doirasida 5 ming gektar eski bog‘ va tokzorlarda sertifikatlangan ko‘chatlar ekish, 4,6 ming gektar sanoatlashgan plantatsiyalar barpo etish, 10 ming gektar aholi tomorqasi va ijara yer maydonlarida hosildorligi yuqori va eksportbop mahsulotlar yetishtirish, 101 ming bosh chorva mollarining naslini yangilash, 5 ta sanoat mikromarkazlari, 6 ta yirik turizm majmualarini tashkil etish, har bir tuman markazida istirohat bog‘larini barpo qilish va gavjum ko‘chalar tashkil etish kabi ishlar amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda “drayver” loyihalar infratuzilmasini mustahkamlash uchun joriy yilda 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Sanoatni rivojlantirish maqsadida 2026-2027 yillarda umumiy qiymati 2,7 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bunda viloyatdagi qo‘rg‘oshin-rux, volfram, oltin va boshqa noruda konlardan samarali foydalanish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Zomin tumanida qishloq xo‘jaligi ilmiy-sanoat parki loyihasining taqdimotida makkajo‘xorini qayta ishlab, yuqori fruktozali sirop va allyuloza ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgani aytildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida naslli chorva mollarni xarid qilish, tuyachilikni rivojlantirish, “Jayilma” kanalini rekonstruksiya qilish choralari ko‘riladi.
Davlat rahbari viloyatni rivojlantirishda tog‘li va cho‘l hududlarning salohiyatini alohida yondashuvlar asosida ro‘yobga chiqarish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, joriy yilda 25 ming gektar lalmi va yaylov yerlarini foydalanishga kiritish va yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Jizzax viloyatining turizm salohiyati ham tahlil qilindi. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, shuningdek, Baxmal, Forish, Zafarobod, Sharof Rashidov va G‘allaorol tumanlarining imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat ushbu tumanlarda turizm majmualarini tashkil etish, Arnasoy aeroportini kengaytirish, xalqaro avtomobil yo‘llar bo‘yida savdo-servis majmualarini qurish rejalari ko‘rib chiqildi.
Joriy yilda mahallalarda ijtimoiy obektlar, yo‘llar, ichimlik suvi, kanalizatsiya va elektr tarmoqlari qurilishi uchun 30 million dollar, kelgusi yilda esa yana 10 million dollar mablag‘ ajratiladi. Buning hisobiga 14 mahalladagi ijtimoiy soha obektlari, olis 28 ta mahallani bog‘lovchi 105 kilometr yo‘llar, 9 ta mahalla aholisi uchun 50 kilometr ichimlik suvi, elektr tarmoqlari, 13 ta mahallada 65 kilometr oqova suv tarmoqlari quriladi va ta’mirlanadi.
Shaharsozlik yo‘nalishida Baxmal, Zafarobod va G‘allaorol tumanlarini fazoviy rejalashtirish va bosh rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani yagona aglomeratsiya hududi sifatida rivojlantiriladi. Bu bo‘yicha ishlab chiqiladigan bosh rejada shahar ichidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida 10 kilometrlik aylanma yo‘l qurish, shahar va tumanni bog‘laydigan yagona jamoat transport tizimini yo‘lga qo‘yish, yagona ma’muriy bino qurish orqali tashkilotlarni bir joyga ko‘chirish nazarda tutiladi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga viloyatni yanada rivojlantirish doirasidagi har bir loyihani aholi bandligi hamda turmush darajasini oshirish bilan bog‘lab bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
17:48 / 23.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatini rivojlantirish bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi
20:56 / 19.06.2026
Inflatsiya pasayishi sekinlashsa, monetar siyosatni yanada qat’iylashtirishga tayyor turish kerak - XVJ
13:52 / 11.06.2026
Jizzaxda attraksion halokati: 4 kishi jarohatlandi
17:46 / 10.06.2026