Jahon | 10:41
963
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela neft sohasini xususiy investorlar uchun ochdi

AQSh Venesuelaning neft sanoatiga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi. AQSh Moliya vazirligi Karakas hukumati va davlat neft kompaniyasi PDVSA bilan bitimlar tuzishga ruxsat berdi. Ruxsat neftni sotish, tashish va qayta ishlashga taalluqli.

Foto: REUTERS

Venesuela parlamenti AQSh talablariga muvofiq ravishda neft sektorini xususiy investorlar uchun ochish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Islohot — “tarixiy sakrash”, deb bayonot berdi Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges 29 yanvar, payshanba kuni Karakasda.

Bungacha mamlakat neft sektorida faqat davlat neft kompaniyasi PDVSA bilan bog‘liq qo‘shma korxonalar ishlashi mumkin edi, bunda PDVSA har doim nazorat paketini o‘zida saqlab qolardi.

Endi xususiy kompaniyalar PDVSA bilan qo‘shma korxona tuzishga ehtiyoj qolmagan holda mustaqil ravishda neft qazib olishi va sotishi mumkin bo‘ladi, deb tushuntirdi AFP agentligi.

Qazib olish uchun 15 foiz miqdorida yagona badal joriy etilmoqda va yalpi daromadning 30 foizigacha bo‘lgan maksimal litsenziya yig‘imi belgilanmoqda. Soliq stavkalari muayyan loyihaning rentabelligi va unga kiritilayotgan investitsiyalar hajmiga qarab belgilanadi.

Shu fondda AQSh Venesuela neft sanoatiga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi, deb xabar berdi Reuters agentligi. AQSh Moliya vazirligi Karakas hukumati va davlat neft kompaniyasi PDVSA bilan operatsiyalar amalga oshirish uchun umumiy ruxsatnoma berdi. Bu ruxsat Venesuela neftini sotish, tashish va qayta ishlashga taalluqli.

Venesuela neftini sotish qayta tiklanishi AQShning harbiy operatsiyasidan keyin sodir bo‘ldi — unda yanvar oyi boshida Venesuelaning sobiq rahbari Nikolas Maduro qo‘lga olingan.

AQSh nazorati ostida eksport qayta boshlanganidan so‘ng, manbalar ma’lumotiga ko‘ra, davlat neft kompaniyasi PDVSA qazib olish hajmini oshira boshlagan.

AQSh Karakas bilan tuzilgan yangi kelishuv doirasida Venesuela neftini sotishni allaqachon boshlagan. Vaziyatdan xabardor manbaning aytishicha, dastlabki bitimlardan tushgan taxminan 500 mln dollar miqdoridagi daromadlar AQSh ma’muriyati nazoratidagi bank hisobraqamlariga joylashtirilmoqda. Suhbatdoshga ko‘ra, kelishuvning umumiy hajmi 2 mlrd dollar deb baholanmoqda, asosiy hisobraqam esa hisob-kitoblar uchun neytral maydon sifatida Qatarda ochilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid