Jahon | 20:13 / 01.02.2026
5128
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQSh Yaqin Sharqda havo hujumidan mudofaani kuchaytirmoqda

Foto: Chip Somodevilla/Getty Images

Pentagon Eron tomonidan zarbalar ehtimolini inobatga olib, Isroil, AQShning mintaqadagi boshqa ittifoqchilari hamda Amerika qo‘shinlarini himoya qilish uchun Yaqin Sharqda qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa vositalarini joylashtirmoqda, deb xabar berdi The Wall Street Journal gazetasi 1 fevral kuni.

Nashr jurnalistlari, AQSh mudofaa vazirligi ma’lumotlari, parvozlar monitoringi va sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar shunga ishora qilayotganini qayd etishgan.

WSJ aniqlashicha, Pentagon Amerikaning Yaqin Sharq bo‘ylab joylashgan harbiy bazalari, jumladan, Iordaniya, Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni va Qatardagi bazalarga qo‘shimcha THAAD va Patriot raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtirmoqda.

Yaqin Sharqdagi amerikalik harbiylar harakati uchun mas’ul hisoblangan AQSh Markaziy qo‘mondonligi izoh berishdan bosh tortgan.

AQSh Eron bo‘ylab harbiy zarba berishi mumkinligini istisno etmayapti, Tehron esa bunga javob qaytarishidan ogohlantirgan. Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiy 1 fevral kungi bayonotida agar AQSh zarba beradigan bo‘lsa, butun mintaqa urush olovi ichida qolishini aytgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid