Jahon | 22:57 / 02.02.2026
1076
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiya neftidan voz kechish evaziga Hindiston uchun bojlarni pasaytirdi

Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, bu hozir davom etayotgan va har hafta minglab odamlar halok bo‘layotgan Ukrainadagi urushga chek qo‘yishga yordam beradi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan suhbat o‘tkazgani, uni «eng yaqin do‘stlarimdan biri va o‘z mamlakatining nufuzli va hurmatli rahbari» deb ataganini ma’lum qildi. Suhbatda ular, jumladan, savdo va Ukrainadagi urushni to‘xtatish masalalarini muhokama qilgan.

«U Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga va ko‘proq Qo‘shma Shtatlardan va ehtimol Venesueladan sotib olishga rozi bo‘ldi. Bu hozir davom etayotgan va har hafta minglab odamlar halok bo‘layotgan Ukrainadagi urushga chek qo‘yishga yordam beradi! Bosh vazir Modiga do‘stlik va hurmat tuyg‘usi tufayli va uning iltimosiga ko‘ra, biz Qo‘shma Shtatlar va Hindiston o‘rtasida zudlik bilan kuchga kiradigan savdo bitimi to‘g‘risida kelishib oldik, unga ko‘ra Qo‘shma Shtatlar o‘zaro bojni 25 foizdan 18 foizga tushiradi», deb yozdi Amerika prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Hindiston AQShga qarshi «tarif va notarif to‘siqlarni» nolga tushirishga harakat qiladi. Shuningdek, Nyu-Dehli kelishuv doirasida 500 milliard dollardan ortiq qiymatdagi Amerika tovarlarini, jumladan, energetika, ko‘mir va qishloq xo‘jaligi sohalari mahsulotlarini sotib oladi.

«Hindiston bilan ajoyib munosabatlarimiz kelajakda yanada mustahkamlanadi. Bosh vazir Modi va men MUVAFFAQIYaTGA ERIShAYoTGAN ikki kishimiz, ko‘pchilik haqida bunday deb bo‘lmaydi», deb xulosa qildi Tramp.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid