Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Hindistonga Rossiyadan neft sotib olishdan voz kechishi evaziga boj to‘lovlarini bekor qildi
Hindiston RFdan neft xaridini to‘xtatadi va shu sabab AQSh unga nisbatan boj to‘lovlarini bekor qiladi, deyiladi Tramp imzolagan farmon matnida. Nyu-Dehlida bu bo‘yicha izoh berilmadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistondan eksport qilinadigan mahsulotlarga nisbatan joriy etilgan 25 foizlik bojni bekor qildi. Bu boj Nyu-Dehli Rossiyadan neft sotib olayotgani bilan asoslangan edi. AQSh prezidenti farmoni matniga ko‘ra, Hindiston bunday xaridlarni to‘xtatish majburiyatini olgan. Farmondan iqtiboslarni shanba kuni, 7 fevralda AFP agentligi keltirdi.
Hujjat matniga ko‘ra, «Hindiston Rossiya Federatsiyasidan neftni to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita import qilishni to‘xtatish majburiyatini oldi». Shu sababdan Vashington 7 fevraldan boshlab Hindistondan AQShga eksport qilinadigan tovarlarning bir qismiga nisbatan boj to‘lovlarini undirishni to‘xtatadi.
AQSh prezidenti Hindistonga nisbatan 25 foizlik bojni 2025 yil avgust oyida joriy etgan edi. U qarorini Nyu-Dehli Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinini davom ettirayotgan bir paytda RFdan neft xarid qilayotgani bilan izohlagan. Tramp ta’kidlashicha, bunday neft xaridlari Rossiyaning «harbiy mashinasi»ni moliyalashtirmoqda.
Shundan beri Oq uy rahbari bir necha bor Hindistonni RFdan neft xarid qilishdan voz kechishga ko‘ndirganini aytgan, ammo bu bayonotlar tasdiqlanmagan. Material chop etilgan paytda Hindiston hukumat organlari energetika siyosati o‘zgargani haqida bayonot bermagan, Rossiyada ham bu haqda eshitilmagan. Faqat shu ma’lum: Hindiston savdo vaziri Piyush Goyal bir kun oldin parlamentda chiqish qilib, hukumat «energiya manbalarini diversifikatsiya qilish»ga asoslangan strategiyani amalga oshirayotganini aytgan.
Bundan oldin AQSh prezidenti Vashington va Nyu-Dehli kelishuv tuzishini bildirgan edi. Unga ko‘ra, Hindiston neftni AQShdan va «ehtimol» Venesueladan sotib ola boshlaydi — iqtisodiy siyosatiga Vashington ta’sir ko‘rsatishga urinayotgan mamlakatlardan biridan.
Reuters yozishicha, AQSh va Hindiston o‘rtasidagi shunday dastlabki kelishuv 6 fevralda taqdim etilgan. Uning yakuniy varianti mart oyida kutilyapti.
2022 yilgacha Rossiya Hindiston uchun uglevodorodlarning muhim yetkazib beruvchisi bo‘lmagan. 2022 yilda esa g‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainaga bosqini sababli rus neftiga sanksiyalar joriy etdi. Shundan keyin RF sotuv bozorini Hindiston va Xitoy tomon qayta yo‘naltirdi, keyinchalik esa Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlari Hindistondan Yevropa Ittifoqiga ham yetkazib berilgan.
Tramp imzolagan farmon Hindistonga nisbatan 2025 yil aprelidan beri kiritilgan boj to‘lovlarining faqat bir qismini qamrab oladi. O‘shanda u dunyoning ko‘pchilik davlatlariga qarshi «tarif urushlari»ni boshlagan edi. «Rossiya nefti uchun» bojlar bilan birga, Hindistondan AQShga eksport qilinadigan tovarlarga umumiy boj stavkasi 50 foizni tashkil etgan.
Tramp aytgan AQSh–Hindiston savdo kelishuvi qolgan bojlar miqdorini kamaytirishga yordam berishi kutilyapti. Agar u kuchga kirsa, Hindiston tovarlariga AQShdagi bazaviy «tarif» 18 foiz bo‘ladi. Evaziga esa Nyu-Dehli Tramp qadamiga javoban joriy etilgan Amerika tovarlariga nisbatan bojlarni pasaytirishi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, bojlar Tramp uchun faqat iqtisodiy nizolarni hal etishdagina emas, boshqa masalalarda ham qo‘llash bilan tahdid qiladigan vositaga aylangan. Masalan, AQSh prezidenti bir paytlar Fransiyaga nisbatan bojlar bilan tahdid qilgan — bu Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Trampning «Tinchlik kengashi»ga qo‘shilishdan bosh tortgani bilan bog‘liq edi. Grenlandiyaga nisbatan hududiy da’volar to‘lqini davrida ham Tramp Yevropa Ittifoqiga mavjud boj to‘lovlarini oshirish bilan tahdid qilgan.
Mavzuga oid
09:30
Tramp: Netanyahu Eron bo‘yicha har qanday kelishuvni qabul qiladi
08:50
SIPRI: dunyoda yadroviy qurollar soni yana o‘sishi mumkin
08:44
Yevropa yetakchilari va Zelenskiy tinchlikning besh shartini e’lon qildi
00:26