Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar: nimalar kutilmoqda?
Ukrainaga bosqin boshlanganining 4 yilligi arafasida, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar to‘plamini e’lon qilmoqchi. Xo‘sh, bu to‘plam qaysi yo‘nalishlarni va qanday yangi cheklovlarni o‘z ichiga oladi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar shu haqda so‘z yuritdi.
— Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketi nimalarni o‘z ichiga olyapti?
Bektosh Berdiyev: 20-paket sanksiyalarini bugungi kunda Rossiya iqtisodiyoti uchun mutlaqo halokatli bo‘ladi deb aytish qiyin. Chunki jiddiy ta’sirga ega asosiy sanksiyalar avvalroq joriy etib bo‘lingan. Hozirgi muhim jihat shundaki, sanksiyalar bloklarga bo‘linib, aniq yo‘nalishlarga qaratilmoqda.
Birinchi blok dengiz xizmatlariga taalluqli. Bu Rossiya neftini tashiyotgan tankerlar uchun navigatsiya, texnik xizmat, ta’mirlash va boshqa barcha dengiz xizmatlarini to‘liq to‘xtatishni nazarda tutadi. Aslida bu g‘oya yangi emas: ilgari Finlandiya va Shvetsiya bunday taklif bilan chiqqan, biroq masala keyinroq Yevropa Ittifoqi darajasida ko‘rib chiqishga qoldirilgan edi.
Ikkinchi blok “soya floti” bilan bog‘liq. Bugungi kunda Yevropa tomonidan 640 ta tanker qora ro‘yxatga kiritilgan. Endi esa noma’lum yoki uchinchi davlatlar bayrog‘i ostida suzayotgan kemalarni aniqlab, ushbu ro‘yxatni yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Uchinchi blok bank sektoriga qaratilgan. Rossiyaning yirik banklari allaqachon sanksiyalar ostida bo‘lsa, endi hududiy banklar, ularning o‘zaro operatsiyalari hamda xorijiy davlatlar bilan moliyaviy aloqalarini cheklash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shuhrat Rasul: Yevropa Ittifoqi Rossiya neftini sotib olish bo‘yicha narx chegarasini avval 47 dollar etib belgilagan edi. Endilikda ushbu limitni 44,1 dollargacha tushirish rejalashtirilmoqda va bu sanksiyalarning eng muhim nuqtalaridan biri hisoblanadi.
Keyingi muhim yo‘nalish – metallar. Rossiya Federatsiyasi kuchli og‘ir sanoatga, xususan qora metallurgiyaga ega. Urush boshlanganidan beri metall ishlab chiqarish dastlab qisqa muddatga oshgan edi. 2023 yilda harbiy texnika, BTR va tanklar uchun metallga ehtiyoj ortgani sababli ishlab chiqarish ko‘paygandek ko‘rindi. Biroq keyinchalik qurilish sohasi keskin pasaydi.
Bugungi kunda butun dunyoda qora metallurgiyaning asosiy iste’molchisi qurilish sanoati hisoblanadi. Qurilish hajmi qariyb 40 foizga qisqargach, Rossiyada metall ishlab chiqarish ham 2025 yilga kelib 20 foizga kamaydi. Buni Rossiyaning rasmiy statistikasi ham tasdiqlamoqda. Endi metallarga qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llanishi ushbu sohada yana 10–15 foiz atrofida pasayishga olib kelishi mumkin.
Bu sanksiyalarni Yevropa Ittifoqi nafaqat o‘zi joriy qilmoqda, balki asosiy hamkor davlatlardan ham Rossiya bilan aloqalarni cheklashni talab qilmoqda. Xususan, Hindistonga qo‘yilgan talablar bunga misol bo‘la oladi. Aynan mana shu omil Rossiya uchun eng qaltis jihatlardan biri bo‘lib, vaziyat Moskva foydasiga ishlamayotganini ko‘rsatmoqda.
Yana bir muhim masala – qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlari. Rossiya dunyodagi eng yirik mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Shu paytgacha Yevropa Ittifoqi o‘g‘itlarga sanksiya kiritishga ehtiyotkorlik bilan yondashib kelgan. Sababi Rossiya o‘g‘itlarining sifati Yevropanikiga teng, ammo tannarxi ancha arzon. O‘g‘itlardan voz kechish Yevropa Ittifoqida oziq-ovqat narxlarining keskin oshishiga olib kelishi mumkin edi. Shunga qaramay, endilikda o‘g‘itlarga nisbatan ham sanksiyalar joriy etish bo‘yicha qarorlar qabul qilinmoqda.
“Soya flot” masalasida ham bosim kuchaymoqda. Avval 597 ta tanker soyadagi flot sifatida qayd etilgan bo‘lsa, yaqinda yana 43 tasi qo‘shilib, ularning umumiy soni 640 taga yetdi. Boltiqbo‘yi davlatlari bu kemalarni aniqlash va klassifikatsiya qilib hibsga olishlarini ochiq e’lon qilmoqda. Bunga allaqachon pretsedentlar mavjud: Daniya, Finlandiya va Latviya ayrim tankerlarni hibsga olgan. Shu fonda Rossiya ommaviy axborot vositalarida xavotir kuchaymoqda.
Bundan tashqari, yana 100 nafar jismoniy shaxsga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etilmoqda.
Eng og‘riqli yangi nuqtalardan biri esa kriptoaktivlar bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi mutaxassislari Rossiya so‘nggi ikki yil ichida katta mablag‘larni aynan kriptovalutalar orqali aylanmaga kiritayotganini aniqladi. Endilikda Yevropa Ittifoqi kripto bozorlarini qat’iy nazoratga olish va ushbu kanallarni yopish bo‘yicha juda jiddiy choralarni ko‘rmoqda.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
12:36
Rossiya kechasi Ukrainaga 100 tadan ortiq dron bilan hujum qildi
11:55
Rossiya bir haftada Ukrainaga 2000 ta dron va 116 ta raketa uchirdi
10:26
Odessaga hujum: bir kishi halok bo‘ldi, gaz quvuri shikastlandi
11:30 / 08.02.2026