Jahon | 09:21
1809
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronga “juda qattiq choralar” va yana bir aviatashuvchi bilan tahdid qilmoqda

AQSh prezidenti Tehron bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar barbod bo‘lsa, Eron tomon ikkinchi kemalar armadasini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Eron rahbariyati Trampni tahdidlardan voz kechishga chaqirmoqda.

Foto: Sipa USA

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonning Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Janubi-G‘arbiy Osiyoga jang qilishga tayyor harbiy kemalarni yuborishni istisno etmayapti. Bu haqda Oq uy rahbari Axios nashriga bergan intervyusida aytdi, u seshanba kuni, 10 fevralda e’lon qilingan.

“U yerga armada ketyapti, ehtimol yana biri ham boradi”, — dedi Tramp va AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining ikkinchi aviatashuvchi zarba guruhini Eron tomon yo‘naltirish haqida “o‘ylab ko‘rayotganini” qo‘shimcha qildi.

Axios bilan suhbatda Amerika prezidenti Qo‘shma Shtatlar yaqin vaqt ichida Eron bilan kelishuvga erishishga intilayotganini ta’kidladi.

Aks holda Oq uy “juda qattiq choralarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi”, — deb ogohlantirdi u. Shu bilan birga, Trampning aytishicha, Tehron 2025 yil yozida AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik harbiy keskinlashuv arafasidan ko‘ra “kattaroq moslashuvchanlik” namoyon qilmoqda.

6 fevral kuni Ummonda Eron va AQSh o‘rtasida bevosita bo‘lmagan muzokaralar boshlandi. AQSh delegatsiyasiga prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff rahbarlik qildi. U Tehrondan bir nechta yo‘nalishda, jumladan yadroviy dastur, mamlakatning raketa arsenali va Yaqin Sharqdagi proksi kuchlarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida yon berishni talab qildi.

Eron esa, o‘z navbatida, sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadroviy kelishuv muhokamasini qayta tiklashga tayyor ekanini aytmoqda. Muzokaralarning birinchi bosqichidan keyin tomonlar ularni ijobiy baholadi, biroq o‘rtada hali ham ixtiloflar saqlanayotganini qayd etdi.

Eron delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi mamlakat tinch maqsadlarda uranni boyitishni davom ettirishini va “nol boyitish” siyosatiga rozi bo‘lmasligini bildirdi.

Donald Tramp Eron hokimiyati mamlakat yadroviy dasturi bo‘yicha 2015 yilgi kelishuvni qayta tuzishga rozi bo‘lmasa, bir necha bor harbiy choralar bilan tahdid qilgan. Mazkur kelishuv amalda 2019 yilda o‘z kuchini yo‘qotgan. 2025 yil bahorida u Tehronga ultimatum e’lon qilib, yangi kelishuv tuzish uchun “ikki oy” muddat bergan.

2025 yil iyunida AQSh Eronning yadroviy obektlariga havodan zarbalar berib, o‘sha paytda boshlangan Isroilning mamlakatga qarshi harbiy operatsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Bu zarbalar oqibatining aniq ko‘lami haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q, ammo Tramp Eron yadroviy dasturi yo‘q qilinganini aytgan.

2026 yil boshidan AQSh Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokini sezilarli darajada kengaytirdi. Tramp bu chorani, jumladan, Eronda hukumatga qarshi namoyishlarning qattiqqo‘llik bilan bostirilishi bilan izohlagan — rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu jarayonda qariyb uch ming kishi halok bo‘lgan. Mintaqaga Abraham Lincoln aviatashuvchisi kelgan, AQSh Harbiy-dengiz kuchlari uni “dunyodagi eng yirik jangovar kema” deb ataydi.

Ummondagi muzokaralar boshlanishidan biroz oldin AQSh o‘z fuqarolarini darhol Eronni tark etishga chaqirgan. Rasmiy Tehron esa davlatlar o‘rtasida muloqot faqat teng huquqli asosda bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, Trampni tahdidlardan voz kechishga chaqirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid