Jahon | 23:24 / 12.02.2026
1122
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Trampning tahdidlariga qaramay, Kubaga neft yetkazib berishga qaror qildi

Bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning Kubani yoqilg‘i bilan ta’minlashga uringan davlatlarga qarshi qo‘shimcha bojlar joriy etish bilan tahdid qilishi fonida yangradi.

Foto: Reuters

Rossiya yoqilg‘i inqiroziga uchragan Kubaga neft va neft mahsulotlarini jo‘natishga tayyorlanmoqda, deb xabar berdi Rossiyaning Gavanadagi elchixonasiga tayanib «Izvestiya». Diplomatlarning aniqlik kiritishicha, ta’minot «yaqin kelajakda gumanitar yordam sifatida» rejalashtirilgan, hajmlar oshkor etilmagan.

Bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning Kubani yoqilg‘i bilan ta’minlashga uringan davlatlarga qarshi qo‘shimcha bojlar joriy etish bilan tahdid qilishi fonida yangradi.

Kuba bir oydan beri chet eldan neft olmayapti, o‘z zaxiralari esa deyarli tugadi. Yanvar oyi oxirida Kpler kompaniyasi yoqilg‘i importisiz 20 kundan ortiq ishlay olmasligini hisoblab chiqdi. Neftning so‘nggi partiyasi 9 yanvar kuni Trampning tahdidlaridan keyin eksportni muzlatib qo‘ygan Meksikadan keltirildi. Orol uchun ikkinchi asosiy xomashyo yetkazib beruvchi bo‘lgan Venesuela 3 yanvar kuni AQSh maxsus kuchlari prezident Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan keyin ta’minotni to‘xtatdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya neftining Kubaga so‘nggi yirik yetkazib berilishi o‘tgan yilning fevral oyida amalga oshirilgan. 100 ming tonna xomashyo (733 ming barrel) prezident Vladimir Putin tomonidan ajratilgan 60 million dollarlik davlat krediti shaklida yo‘naltirilgan.

Kremlda Trampning Kubaga qarshi choralarini «bo‘g‘uvchi usullar», oroldagi yoqilg‘i bilan bog‘liq vaziyatni esa «tanqidiy» deb atashdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Moskva Gavanaga «kuchli yordam» ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid