O‘zbekiston | 12:55
2504
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Ohangaronda yuqori kuchlanishli kabel korxonasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Enco Group korxonasida amalga oshirilayotgan loyiha va uning eksport salohiyati bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 fevral kuni Ohangaron tumanidagi Enco Group korxonasi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Tashrifda mamlakatda energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, yangi elektr stansiyalari va nimstansiyalar qurish, magistral tarmoqlarni yangilash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha ishlar natijasida yuqori kuchlanishli uzatish tarmoqlarini rivojlantirish zarurati ortgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlariga ichki va tashqi bozorlarda barqaror talab shakllanmoqda. Ushbu talabni qondirishga qaratilgan Enco Group loyihasi Belarusning Energokomplekt kompaniyasi bilan hamkorlikda Eltech Industrial texnoparki hududida 21 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 60 mln dollarni tashkil etib, korxona to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilayotgani, korxona yillik 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi va eksport salohiyati 300 mln dollarni tashkil etishi kutilayotgani ma’lum qilindi. Hozirda birinchi bosqich qurilishi 98 foizga yakunlangan, 10 mln dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirilgan. Mahsulotlarni Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya hamda MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan bo‘lib, yillik eksport hajmi 140 mln dollarga yetishi taxmin qilinmoqda.

Shuningdek, o‘tgan yili O‘zbekistonga 400 mln dollarga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari va izolyatsiyalangan mis shinalar import qilingani, korxona to‘liq ishga tushirilgandan keyin 150 mln dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbariga korxonaning rivojlanish rejalari, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Prezident sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda eksportbop raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid