Jamiyat | 23:14 / 13.02.2026
1957
10 daqiqa o‘qiladi

Treyding orzusi yoki kredit botqog‘i? Infotreyderlar qo‘yayotgan qopqonlar

Ijtimoiy tarmoqlarda “kuniga 50 dollar barqaror daromad” yoki “oyiga 10 ming dollar topish” va’dalarini eshitmagan odam kam. Ammo bu orzular ortida kredit, qarz va tushkunlik yotayotganini hamma ham bilmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, moliya bozorida kurs sotuvchi blogerlarning daromadi treyding foydasidan yuqoriroq.

Ijtimoiy tarmoqlarda treydingni o‘rganib tezda boyib ketishingizni va’da qilgan reklamalarni bir marta bo‘lsayam ko‘rgansiz. Bugun shularga ishonganlar bu haqida barcha haqiqatni gapirishadi.

Ular psixologning 300 dollarlik kursida o‘qib hayotini o‘zgartirmoqchi edi. Chindanam shunday bo‘ladi. Psixolog o‘z mijozlariga treyding o‘rganish orqali hayotni o‘zgartirish mumkinligini va shunday “ishonchli” treyder borligini aytadi. Ammo narxi 3 ming dollar bo‘lgan bu kurs uchun pullari yo‘qligini aytishganda kredit olib o‘qishsa, tezda to‘lashlari mumkinligi aytiladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu kursda o‘qigan 10 ga yaqin odam kredit olib faoliyat boshlashgan.

Nozima, murojaatchi: “Kuniga 50 dollardan barqaror daromad qilishingizga va’da beramiz dedi. Men bu treyder ishonchli bo‘lgani uchun sizlarga tavsiya qilyapman deb zo‘r reklama qildi. Ko‘pchilik treyderlar aldaydi deb boshqalarni yomonlab tashladi. Hammagayam ishonavermang, men sizlarga yordam beraman. Oxirigacha turib beraman, ikki oylik kurs o‘taman, toki undan keyin ham natija qilmaguningizgacha yoningizda bo‘laman, dedi.

Keyin adminiga yozdim, pulim yetmayotganini, oyma-oy oyligimdan to‘lishim mumkinligini aytdim. U boshqalar kredit olib o‘qishganini, men ham shunday qilishim mumkinligini miyamga quydi. Kreditni ikki haftada yopib yuborishim mumkinligini aytdi. Bu umuman xayolimga kelmagan edi. O‘shalar aytgandan keyin harakat qilib 33 million kredit oldim. 31 millionni ularga o‘tkazib berdim.

Ikki oylik dars boshlandi. Birinchi oyda nazariyda faqatgina binans va boshqa dasturlarda ro‘yxatdan o‘tishni o‘rgatdi. Bir sidra tushuntirib chiqqan bo‘ldi. Bularni biz internetdayam ko‘rib bemalol o‘rganib olsak bo‘ladigan narsalar ekan. Buning bizga foydasi ham tekkan yo‘q. Ikkinchi oy amaliy bo‘ladi dedi. Unda bizga ikkitagina analizni o‘rgatdi. Ikki kunda o‘rgatsa bo‘ladigan narsani bir oyda cho‘zib o‘rgatdi”.

Salima, murojaatchi: “Darslar o‘tib tushuntirdi, lekin buni sohaga kirib kelganimizdan keyin tagini internetdan qidirib o‘rgansam, bizga dengizdan bir tomchini o‘rgatgan ekan. Bu soha juda chuqur soha ekan. “Kuniga ishlamasdan turib, shundoq bozorga kirib 50 dollardan pul topasizlar” degan va’dani berdi. Hisobimizga 1000 dollar qo‘ydik, fyuchersda ishladik. Lekin unaqa natija yo‘q. “Doim aloqada bo‘laman, qachon yozsangiz o‘rgataman, bozordan uzoq muddatli valutalarni olib qo‘yishni o‘rgataman”, degandi. Ammo undan keyin bizga umuman javob bergisi kelmadi. Sun’iy intellektning pulli dasturi orqali o‘rganib olishimizni aytdi. Unga savol berib, bozorni analiz qilib ishlasak bo‘larkan”.

ESMA (Yevropa moliyaviy nazorat organi) ma’lumotiga ko‘ra, Forex va CFD savdosida ishtirok etuvchi chakana treyderlarning 74–89% qismi zarar ko‘radi.

Ammo reklamalarda faqat yutuqlar ko‘rsatiladi. Bu kurs sotuvchi infotreyderlar qo‘yadigan qopqon. Moliya bozorida kurs sotuvchi blogerlarning daromadi treyding foydasidan yuqoriroq ekanligini ko‘rsatadi.

Unutmang, bu kurslar infotreyder daromad modeli hisoblanadi. Ko‘p holatda ularga daromad savdodan emas, auditoriyadan, ya’ni reklamalar qurbonlaridan keladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, agar o‘sha odam treydingdan yaxshi daromad topib turgan bo‘lsa, nega u kurs sotishga muhtoj?

Nozima, murojaatchi: “Kuzatib borsam ko‘p yolg‘on gapiryapti. Qo‘rqmasdan barqaror daromad, katta-katta va’dalar beryapti. Unda o‘qiganlarning hammasi natija ko‘rib, foyda olayotganini aytib maqtandi. Biz buni ko‘rib hayron bo‘ldik, kursni o‘qib tugatdik, foyda ko‘rmadik, zarar ko‘rganmiz, tushkunlikka tushganmiz. Shuncha pulni uydagilarga aytmasdan to‘laganmiz. Kamiga binansdayam minusga kirib ketganmiz.

Kursni o‘qib bilyapmizki, internetdan yig‘ib olingan narsalar. Natija beradigan tajriba yo‘q, oddiy ma’lumotlar va “hammasi o‘zlaringga bog‘liq” deb qo‘yadi. Pul olguncha zo‘r, katta-katta va’dalar beradi, “natijaga aniq chiqarib beraman” deydi, lekin bu bo‘lmaydigan narsa.

Kursda o‘qiganimiz haqida maqtab yozib berishimizni aytdi, sahifasiga qo‘yish uchun. Bir qizimiz endi natija bo‘lar degan umidda yozib berganini aytdi. Ayrimlar natija ko‘rmagani uchun yozmasligini aytdi. Men kreditim uchun (kursga olingan) pul kelganini yozib, bergan bilimlari uchun rahmat aytib yozdim. Lekin kreditni yopish uchun bu pulni akalarimdan olgan edim. Oyma-oy foiz to‘lamay, treydingdan ishlab ularga qaytaraman degan maqsadda akalarimdan olib yopgandim. Lekin uning chatida eshitsam, yolg‘on gapirib manipulyatsiya qilyapti – meni kreditimni yopib yuborganimni aytyapti. Men unga buni treyding qilib, treyding foydasidan yopdim demaganman. Hali ishlamay turib kredit yopganman, bularni yolg‘on gapirdi”.

Bu botqoq ichidagi yana bir qopqon – foyda ko‘rganlarning izohlari, maqtovlaridan foydalanish. Bu maqtovlar ishonchingizni oshiradi va qarmoqqa qanday ilinganingizni bilmay qolasiz.

“Treydingchilar” faqatgina kurs sotishmaydi. Ular orasida pulingizni ko‘paytirib berishni va’da qilayotganlariyam bor. Muhojirda yashayotgan yolg‘iz ona bu haqida gapirib berdi:

Iroda, murojaatchi: “Rossiyada ishlayman, yolg‘iz onaman. Uy olish uchun ishlayapman, lekin kreditimni vaqtida to‘lay olmay qiyin vaziyatga tushib qoldim, shu uchun instagramda ..... degan profilda treydingda pul ko‘paytirib beraman degan bolaga yozdim. Telegram kanaliga ulandim. Ishonishim uchun pasportlarigacha tashladi, litsenziyasini ko‘rsatdi, ishondim. 5 ming rublni 70 ming rublga ko‘paytirib berishga va’da berdi. Shundan 15 foizini unga berishimni aytdi. Jon deb rozi bo‘ldim. 5 ming rubl tashladim. Keyin pulim 123 ming rubl bo‘lganini, lekin uni yechish uchun yana 18 ming rubl komissiya o‘tkazishimni aytdi. Menda unaqa pul yo‘q edi, kredit oling dedi. O‘zi kreditimni to‘lash uchun bu ishga qiziqqandim. Bu pulni topolmaganim uchun kuyganimni aytdi. Bilaman, inson qiyin vaziyatda hamma narsaga rozi bo‘ladi, lekin menga o‘xshagan nechtasini uyini kuydiryapti bu. Chunki obunachilari juda ko‘p”.

Qimmatbaho avtolar, pachkalab dollarlar illyuziyasi qurbonlarni shunday og‘ir vaziyatlarga tushirib qo‘yadi. Aytish kerakki, normal brokerda o‘z pulingizni yechish uchun qo‘shimcha pul qo‘yish talab qilinmaydi. Shu yerning o‘zida bir nechta yolg‘on ma’lumot bor: tezda foyda olish, pul yechish uchun komissiya to‘lovi va hokazolar. Tahlillarga ko‘ra, yangi treyderlarning 70–90% birinchi yilda asosan zarar ko‘radi. Ammo infotreyderlar va psevdobrokerlar bu haqida umuman gapirishmaydi.

“Sohaning ichida bo‘lganimiz uchun bu kabi holatlarni tez-tez eshitib turamiz. Ko‘pchilikda moliyaviy savodxonlik yetishmasligi sababli turli va’dalarga, balandparvoz so‘zlarga ishonib qolishi, natijada asli bepul o‘rganishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni katta pulga sotib olishi yoki pul berib aldanib qolish holatlarini tez-tez ko‘rib turibmiz. Afsuski eng katta muammolardan biri – uning ortida qancha risk (zarar ko‘rish ehtimoli) borligini aytishmaydi. Risk qancha yuqori bo‘lsa daromad ham shuncha yuqori bo‘ladi, lekin bu yuqori daromad ko‘rish uchun doim katta risk bilan ishlash kerak degani emas. Bu yerda shaffoflik yo‘q, bu qanaqa jarayon, qanaqa bilimlar kerakligi, risklar, pul boshqaruvi ochiq, shaffof ko‘rsatilmaydi.

Tan olish kerak, birinchidan ko‘pchilikda moliyaviy savodxonlik past. Filtr qilmasdan, tekshirmasdan ishonib ketish. Ikkinchidan, o‘rgatadiganlar tomonidan zo‘r natijalar, hashamatli hayot, qimmat mashinalarni ko‘rsatib, “agar kursimni olsang, sen ham xuddi shunday hashamatli hayotda yashaysan, shunaqa zo‘r mashinalar minasan” degan g‘oyani singdirishga harakat qiladi”.

Mutaxassisga ko‘ra, bu kabi holatlar O‘zbekistonda yangi bo‘lgan sohaning rivojlanishiga katta to‘siq bo‘lyapti: haqiqiy mutaxassislarga nisbatan ham odamlarda shubha bilan qarash paydo bo‘lgan.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова

Mavzuga oid