Jahon | 22:12 / 13.02.2026
3758
7 daqiqa o‘qiladi

«Ukraina yutqazmayapti» – Saymon Shuster Zelenskiydan yana bir katta intervyu oldi

Ukraina prezidenti frontdagi vaziyat hamda tinchlik yo‘lidagi murosalar haqida qanday fikrda?

Foto: The Presidential Office of Ukraine

Amerikalik jurnalist, Volodimir Zelenskiy haqidagi «Shoumen» nomli kitob muallifi Saymon Shuster Ukraina prezidentining navbatdagi katta intervyusi asosida material e’lon qildi. Bu safar ular Ukraina AQSh vositachiligida Rossiya bilan tuzishga harakat qilayotgan tinchlik kelishuvi haqida gaplashishgan. OAVda shu material asosida Zelenskiy Donbassni topshirishga qarshi emasligi, ammo buning evaziga xavfsizlik kafolatlari talab qilishi haqida xabarlar chiqdi. Quyidagi matnda Ukraina yetakchisining frontdagi vaziyat, Donald Trampning tinchlik jarayonidagi roli va tinchlik yo‘lidagi murosalar haqidagi qarashlari keltiriladi.

Tramp uchun urush tugashining ahamiyati haqida

Shuster bilan suhbatda Zelenskiy shuni qayd etgan: Yevropada so‘nggi o‘n yilliklardagi eng qonli urushga aylangan Ukrainadagi urushning yakunlanishi Trampning tinchlikparvar siyosatchi sifatidagi obro‘sini mustahkamlaydi va 2026 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan Kongressga oraliq saylovlar oldidan unga qo‘shimcha siyosiy ochkolar taqdim etadi. «Ha, u o‘limlar kamroq bo‘lishini xohlaydi. Ammo kattalardek gapiradigan bo‘lsak, bu uning uchun shunchaki g‘alaba, siyosiy g‘alaba», – degan Zelenskiy.

Frontdagi ahvol haqida

Aholisi Ukrainanikiga qaraganda uch baravar, yalpi ichki mahsuloti esa o‘n baravar ko‘p bo‘lgan Rossiya urushni uzoqroq cho‘za oladi. Shunga qaramay, Zelenskiy yomon bitim tuzishdan ko‘ra, umuman bitim tuzmaslikni afzal ko‘rishini aytmoqda. U «munosib va mustahkam» tinchlikka erishish uchun zarur bo‘lsa, kurashni davom ettirishga tayyorligini bildirgan. «Ukraina yutqazayotgani yo‘q», – degan u Shuster Ukraina qurolli kuchlarining jang maydonidagi holatini baholashni so‘raganida.

Donbass haqida

Oraliq saylovlar yaqinlasharkan, Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi murakkab muzokaralar uning uchun siyosiy yutqiziqli ish degan qarorga kelishi va tomonlarni kelishishni istamaslikda ayblab, muzokaralarni tark etishi mumkin. Zelenskiy buni tushungan holda amerikaliklarning takliflarini rad etmaslik («Ular bizni urushni davom ettirishni xohlaydi, deb o‘ylamasligi uchun») taktikasini qo‘llagan, shuningdek, o‘zining Rossiyaga nisbatan qator talablaridan voz kechgan. Zelenskiyning ikki maslahatchisi Shusterga Ukraina Donbassni berishga rozi bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

Saylov va referendumlar haqida

Zelenskiy 2026 yil bahorida tinchlik kelishuvi shartlari bo‘yicha referendum (u amalda hududlar boy berilganini legitimlashtiradi) o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu jarayon prezidentlik saylovlariga qo‘shib yuborilishi mumkin: uning hisoblashicha, bu ovoz berishdagi davomatni oshiradi va natijalarga e’tiroz bildirish imkoniyatini qiyinlashtiradi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Tramp buni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, urush davrida saylovlar o‘tkazilishi g‘oyasi Moskvaga tegishli: «Chunki ular mendan qutulishni istashadi».

Zelenskiy AQSh saylovlarni 15 mayga qadar o‘tkazishni talab qilayotgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlamagan yoki rad etmagan. U saylovlarga tayyorligini bildirgan («Hech kim hokimiyatga yopishib olmagan»), ammo u yomon kelishuvni referendumga qo‘yishni istamaydi hamda o‘t ochish to‘xtatilmagan va xavfsizlik kafolatlari berilmagan sharoitda ovoz berish jarayoni o‘tkazishni xohlamaydi.

Andrew Kravchenko / Bloomberg / Getty Images

Xavfsizlik kafolatlari haqida

Aftidan, bu hozir Zelenskiy uchun asosiy muammo. Trampning vositachi sifatidagi e’tiboridan mahrum bo‘lish xavfiga qaramay, u o‘zining asosiy shartini takrorlamoqda: AQSh va Yevropa Ukrainani Rossiyaning kelajakdagi hujumlaridan himoya qilishini kafolatlashi kerak, aks holda har qanday tinchlik kelishuvi befoyda. Ammo amerikaliklar hozircha nafaqat Ukraina xavfsizligi kafolatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolamagan, balki uning asosiy parametrlarini ham kelishib olmagan. Hozircha Tramp vakillarining javoblari Zelenskiy qabul qilishi uchun juda «noaniq va mujmal». «Bularning barchasi yozma ravishda bayon etilishi kerak», – dedi u.

Yermakning Budanovga almashtirilishi haqida

Zelenskiy Andrey Yermakning prezident ofisi rahbari lavozimidan bo‘shatilishiga izoh berarkan, bu qarorni korrupsiya mojarosi tufayli qabul qilganini tan olishdan bosh tortgan. Qarorning «o‘z sabablari» bor edi, degan Ukraina prezidenti. Shusterning ta’kidlashicha, u savolni kesib, shu luqmani «g‘o‘ldiragan».

Ukraina prezidenti ofisining yangi rahbari Kirill Budanov o‘zidan oldingi rahbarga qaraganda murosaga moyilroq – hatto nozik hududiy masalada ham. U prezident yordamchilari bilan Ukraina qurolli kuchlari Donbassning Kiyev nazorati ostidagi hududlaridan qanday chiqib ketishi mumkinligi haqida yig‘ilish o‘tkazgan. «Ular haqiqatan ham topqirlik ko‘rsatishmoqda, odamlar buni qabul qiladigan yo‘llarni izlashmoqda», – degan Shusterga ushbu yig‘ilishlar ishtirokchisi.

Boy berilgan imkoniyat haqida

2022 yil oxirida Ukraina Xersonni qaytarib olganidan so‘ng, AQSh Kiyevni Moskva bilan muzokaralarni boshlashga chaqirgandi. «Fursatdan foydalaning», – degandi Oq uyning bosh harbiy maslahatchisi Mark Milli. Ammo Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari faqat 2025 yilda, Ukraina qurolli kuchlarining jang maydonidagi yutuqlari ortda qolgan, Rossiya armiyasi esa sekin, ammo to‘xtovsiz ravishda oldinga siljishni davom ettirayotgan sharoitda qayta tiklandi. Zelenskiy 2022 yil oxirida sulh tuzish imkoniyatidan foydalanmaganidan afsusdami? Shunday bo‘lsa ham, u buni ichida saqlaydi. «Biz hech qachon urushni to‘xtatishga qarshi bo‘lmaganmiz. Aynan ruslar muloqotga tayyor emasliklarini ko‘rsatishdi», – deydi Ukraina rahbari.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid