Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
ChAES sarkofagini tiklash yuzlab million yevro talab qiladi
Rossiya droni ChAESning yangi himoya qobig‘iga zarba berganiga bir yil to‘lganidan so‘ng, fransuz kompaniyalari shikastlanishlarni dastlabki baholashni yakunladi va obektni tiklash uchun muddatlarni aytdi.
Chernobil AESning to‘rtinchi reaktori ustidagi yangi himoya qobig‘ini loyihalashtirgan va qurgan Bouygues Travaux Publics hamda Vinci Construction Grands Projets fransuz kompaniyalari 2025 yil 14 fevral kuni Rossiya dronining ChAES sarkofagiga bergan zarbasi oqibatida kelib chiqqan shikastlanishlar bo‘yicha dastlabki texnik baholashni yakunladi. Tahlil natijalariga ko‘ra, qurilishiga qariyb 20 yil mehnat va 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan obekt hozirda o‘zining himoya funksiyalarini bajarmayapti, deb xabar qildi DW’ga juma kuni, 13 fevralda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB).
“Asosiy vazifa sifatida 2030 yilgacha yangi xavfsiz konfaynmentning to‘liq funksionalligini tiklash belgilandi — bu po‘lat arka konstruksiyasining korroziyaga uchrash xavfini cheklash va uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur”, — dedi YeTTBning yadroviy xavfsizlik departamenti rahbari Baltazar Lindauer. Uning aytishicha, ta’mirlash ishlari qiymatining yakuniy bahosini hozircha aytish mumkin emas, biroq “hozirgi ma’lumotlardan kelib chiqib, umumiy qiymat bir necha yuz million yevro bo‘lishi mumkin”.
Rossiya droni zarbasi natijasida to‘rtinchi reaktor ustidagi yangi himoya qobig‘i germetikligini yo‘qotgan. Bu uning asosiy vazifasini — 1986 yildan beri to‘planib kelayotgan radioaktiv changning tashqi muhitga chiqib ketishining oldini olishni bajarish uchun o‘ta muhim hisoblanadi. Shuningdek, tahlilda aytilishicha, konstruksiya ichidagi kran uskunalari ham ishlamay qolgan.
YeTTB, fransuz kompaniyalarining xulosalariga tayanib, qo‘shimcha ravishda shunday degan: radioaktiv chang tarqalishining oldini yangi xavfsiz konfaynmentni uchinchi energoblokning beton konstruksiyalari bilan bog‘lab turgan maxsus membrana olib turgan. U shikastlangach, muammo yanada og‘irlashgan, chunki bu membrana Chernobil loyihasi uchun maxsus buyurtma asosida tayyorlangan va hozir bozorda bunday materiallar mavjud emas.
Rossiya zarbasi oqibatida konfaynment ichidagi harorat rejimi ham buzilgan — shu sabab obektning namligini nazorat qilish endi mumkin bo‘lmay qolgan. Konstruksiya ichidagi bosim yo‘qolishi tufayli esa po‘lat arka konstruksiyasining korroziyaga uchrashi uchun sharoit paydo bo‘lgan; bu esa uning qulab tushishiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, yangi himoya qobig‘i 2030 yildan kechiktirmay tiklanishi shart, aks holda oqibatlar falokatli bo‘ladi. Agar bu amalga oshmasa, Chernobil muammosi bir necha barobar keskinlashadi, deya ogohlantirmoqda tahlil mualliflari.
ChAESning yangi xavfsiz konfaynmenti (yangi himoya qobig‘i) — 165 metr uzunlikda va 110 metr balandlikdagi arkasimon konstruksiya. Uning og‘irligi 36 200 tonna. Qobiq vayron bo‘lgan Chernobil AESning 4-energobloki ustiga 2016 yil noyabr oyida o‘rnatilgan. Bu — yer ustidagi eng katta harakatlanuvchi konstruksiya bo‘lib, kamida 100 yil xizmat qilishga mo‘ljallangan.
Mavzuga oid
18:11 / 12.06.2026
Uzbekistan Airways yonilg‘i tanqisligi tufayli O‘zbekistondan Rossiyaga ayrim parvozlarni qisqartiradi
17:21 / 12.06.2026
Rossiya–Ukraina urushida front chizig‘i: tashabbus kim tomonda?
09:35 / 12.06.2026
MAKS aviakosmik ko‘rgazmasi yana bir yilga qoldirildi
16:23 / 11.06.2026