O‘zbekiston | 20:47 / 16.02.2026
9530
5 daqiqa o‘qiladi

Ramazonda narxlar nazorati, sartaroshxonalarda reyd va talanayotgan pensionerlar – mahalliy dayjest

Raqobat qo‘mitasi Ramazon oyida yirik savdo tarmoqlaridagi narxlarni nazorat qiladi. Pensionerlar firibgarlar nishoniga tobora ko‘proq aylanmoqda. Notariuslar eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ni onlayn tekshiradi. Toshkentda 7 mingga yaqin shaxsiy ma’lumotni o‘g‘irlagan yigit ushlandi. Sanepidqo‘mita sartaroshxonalarda reydlar boshladi. Kunning muhim yangiliklari bilan kun tafsilotida tanishtiramiz.

Raqobat qo‘mitasi Ramazon oyida narxlarni nazorat qiladi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlari va do‘konlarni Ramazon oyida narxlar barqarorligini ta’minlash zarurligi haqida ogohlantirdi. Qayd etilishicha, ushbu choralar prezidentning Ramazon kunlarida ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha bergan topshirig‘i ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qo‘mita tomonidan savdo tarmoqlari va yetkazib beruvchi korxonalarga Ramazon oyida talab keskin oshadigan ijtimoiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror ushlab turish majburiyati yuklatildi.

Qo‘mita bozordagi vaziyatni nazorat qilish va narxlar keskin ko‘tarilishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini qo‘shimcha qildi.

Pensionerlar firibgarlar nishoniga aylanmoqda

O‘zbekistonda firibgarlar notanish raqamlardan pensionerlarga qo‘ng‘iroq qilish holati kuzatilmoqda.

Pensiya jamg‘armasiga ko‘ra, pensiya yoshidagi fuqarolarga notanish raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilinib, ularning bank plastik kartasi yoki pasport ma’lumotlarini so‘rash holatlari uchramoqda. Firibgarlar o‘zini bank yoki Pensiya jamg‘armasi xodimi sifatida tanishtiryapti. Ular «Pensiyangiz keyingi oydan oshiriladi. Buning uchun ma’lumotlaringizni va telefoningizga kelgan kodni aytsangiz, pensiyangiz kartangizga tushadi, bo‘lmasa oshmay qoladi», degan ma’noda yolg‘on xabar orqali pensionerlarning ishonchiga kirishga urinmoqda.

Jamg‘arma pensionerlardan shaxsiy ma’lumotlarni begonalarga taqdim etmaslikni so‘ramoqda.

Notariuslar eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ni onlayn tekshiradi

Ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirishda notariuslar va banklar o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, notariuslar eskrou hisobvarag‘ida mablag‘ mavjudligini real vaqt rejimida tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Nizom loyihasiga ko‘ra, xaridor bankka murojaat qilib, eskrou hisobvarag‘i ochadi va pul mablag‘larini unga kiritadi. Shartnomani tasdiqlashdan oldin notarius eskrou hisobvaraqdagi mablag‘ni onlayn tekshiradi. Shartnoma tasdiqlanganidan so‘ng notarius bu haqda bankka elektron ma’lumot yuboradi. Bank esa eskrou hisobvaraqdagi pul mablag‘larini avtomatik tarzda sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkazadi.

Toshkentda 7 mingga yaqin shaxsiy ma’lumotni o‘g‘irlagan yigit ushlandi

Toshkentda axborot tizimidan foydalanib, fuqarolarning pullarini firibgarlik bilan o‘zlashtirgan shaxs ushlandi. 31 yoshli erkak «Laktovita» nomli tibbiy dori vositasini sotuvchi korxona orqali ro‘yxatdan o‘tib, buyurtma bergan 6871 nafar kishining shaxsga doir ma’lumotlarini yuklab olgan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi «g» bandiga (axborot tizimidan, shu jumladan, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) asosan ish qo‘zg‘atilgan.

Toshkentdagi ayrim sartaroshxonalarda sanitariya qoidalariga amal qilinmayotgani aniqlandi

Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari Yashnobod tumanidagi sartaroshxonalarda reyd o‘tkazdi. Tadbir davomida ayrim sartaroshlar sanitariya qoidalariga amal qilmayotgani aniqlangan.

Jumladan, stol usti, ustara, qaychi va boshqa jihozlarni tozalash, zararsizlantirish ishlari amalga oshirilmagan, ustara «lezviyasi» yangilanmagan. Qayd qilinishicha, bu juda xavfli virusli infeksiya tarqalishiga sharoit yaratadi.

Qo‘mita xodimlari sartaroshlarni e’tiborsizlik sabab odamlar salomatligi xavf ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid