O‘zbekiston | 19:45
1071
5 daqiqa o‘qiladi

Odamsimon robotlar zavodi va ko‘payib borayotgan avtomobillar - mahalliy dayjest

Toshkentda odamsimon robotlar ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi. Aholiga tegishli avtomobillar soni ko‘payib bormoqda va 5 millionga yaqinlashdi. Toshkentda avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarga deliniator o‘rnatiladi. Namangan aholi soni eng tez o‘sgan va eng zich shahar bo‘ldi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Odamsimon robotlar ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi

Toshkent shahrida Janubiy Koreyaning Robotis kompaniyasi bilan hamkorlikda humanoid robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurilishi boshlandi. Mazkur loyiha doirasida qariyb 70 mln dollar investitsiya jalb etilishi, 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi hamda 10 gektar maydonda zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi barpo etilishi rejalashtirilgan.  

Qayd etilishicha, yangi korxona yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, xalqaro tajribani jalb etish va malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Loyiha O‘zbekistonda robototexnika sohasini rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslardan biri sifatida baholanyapti.

1999 yilda asos solingan Robotis kompaniyasi avtonom robototexnika sohasida jahon yetakchilaridan biri sanaladi. Aktivlari 2,5 milliard dollarni tashkil etuvchi ushbu yirik korxonaning AQSh, Yaponiya va Xitoyda vakolatxonalari mavjud. Kompaniya texnologiyalaridan Amazon, Microsoft, Apple, NASA, Google, Samsung va BMW kabi dunyoga mashhur gigantlar keng foydalanadi.

Aholiga tegishli avtomobillar soni 5 millionga yaqinlashdi

1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jismoniy shaxslar nomida ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari soni 4,9 milliondan oshdi. Bir yil davomida aholiga tegishli avtomobillar 344,6 mingtaga ko‘paygan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir mamlakatda jismoniy shaxslarga tegishli 4 million 903,1 mingta avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan. Ularning asosiy qismini yengil avtomobillar tashkil etadi: 4 million 552,3 ming dona (92,8 foiz).

Shuningdek, aholi tasarrufida 330,3 mingta yuk avtomobili, 7,5 mingta mikroavtobus, 7,2 mingta maxsus transport vositasi va 5,8 mingta avtobus mavjud.

Toshkentda avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarga deliniator o‘rnatiladi

Toshkent shahrida jamoat transporti harakati samaradorligini oshirish maqsadida avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘laklarga deliniator o‘rnatish ishlari boshlandi. Yangi yechim avtobuslar harakatini tezlashtirish, kechikishlarni kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtda avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan «A» toifasidagi alohida yo‘laklarni bosqichma-bosqich joriy etish ishlari davom etmoqda. Xususan, Magic City hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi atrofidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida maxsus yo‘l chiziqlari chizilib, deliniator o‘rnatilmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, deliniator avtobus yo‘lagini umumiy transport oqimidan ajratib, boshqa transport vositalarining ushbu yo‘lakka kirishini cheklaydi. Bu esa jamoat transporti harakati tezligi va barqarorligini ta’minlashga yordam beradi.

Namangan aholi soni eng tez o‘sgan va eng zich shahar bo‘ldi

2010 yildan 2026 yilgacha Namangan aholisi 65 foizga o‘sib, 728 ming kishiga, aholi zichligi esa har kvadrat kilometrga 8289 kishiga yetdi. Har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha u mamlakatdagi shaharlar orasida birinchi o‘rinni egalladi.

Eng tez o‘sgan shaharlar ichida Termiz (64 foiz), Samarqand (52 foiz), Qo‘qon (44 foiz), Farg‘ona (43 foiz) va Toshkent (42 foiz) ham bor.

Eng zich ikki shahar Farg‘ona vodiysida joylashgan: Namanganda har kvadrat kilometrga 8289 kishi, Andijonda esa 7683 kishi to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinda 7312 kishi bilan Toshkent joylashgan. Eng siyrak shaharlar sobiq sanoat shaharlari: Angrenda har kvadrat kilometrga 1171 kishi, Olmaliqda esa 1058 kishi to‘g‘ri keladi.

Zichlik faqat aholi soni emas, balki shahar maydoni bilan ham belgilanadi. Ixcham qurilgan markaz yuqori zichlikni ta’minlaydi, keng rejalashtirilgan shahar esa aholi soni bir xil bo‘lsa ham, siyrak bo‘lib qoladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid