Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Afg‘onistonga sovetlar bosqinida Xitoyning pozitsiyasi qanday edi?
15 fevral kuni sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketganiga 37 yil to‘ldi. Bu urush nafaqat mintaqaviy mojaro, balki global geosiyosiy raqobat markaziga ham aylangan edi. Tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy o‘z xavfsizligini hisobga olgan holda, sovetlarga qarshi pozitsiya egallagan va AQSh bilan strategik yaqinlashuv orqali katta diplomatik yutuqlarga erishgan.
“Geosiyosatkunuz” sahifasida siyosatshunoslar mazkur sana munosabati bilan afg‘on urushi mavzusida so‘z yuritdi.
— Sovetlarning Afg‘onistonga bostirib kirishiga Xitoyning munosabati qanday bo‘lgan?
Hamza Boltayev: Xitoy Sovet-Afg‘on urushi davrida amalda AQSh tomoniga yaqin pozitsiya tutdi. Buning asosiy sababi 1960 yillardan keyin Sovet ittifoqi bilan munosabatlarning keskin yomonlashgani edi. 1969 yildagi chegara to‘qnashuvlaridan so‘ng Pekin Moskvaning harakatlarini ekspansionistik tahdid sifatida qabul qila boshladi.
1970 yillarda Henri Kissinjyerning Pekinga maxfiy tashrifi va undan keyingi AQSh–Xitoy yaqinlashuvi bu jarayonni tezlashtirdi. Natijada Xitoy hududida, xususan Shinjon mintaqasida, AQSh bilan hamkorlik doirasida razvedka obektlari faoliyat yuritgani haqida ma’lumotlar mavjud. Xitoy uchun masala faqat AQSh bilan yaqinlashuv emas edi. Eng avvalo, u sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishini o‘z xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rdi.
Afg‘oniston Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududiga yaqin joylashgan. Bu hududda uyg‘urlar, qozoqlar, qirg‘izlar va boshqa turkiy xalqlar yashaydi. Moskvaning janubga siljishi Pekin nazarida potensial xavf edi. Shu bois Xitoy Sovet ittifoqini mintaqaviy ekspansionist kuch sifatida baholadi va unga qarshi kuchlar bilan bilvosita hamkorlik qildi.
Qurol-yarog‘ yetkazib berish zanjirida Pokiston muhim tranzit rolini o‘ynagan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, Xitoyda ishlab chiqarilgan qurollar ham Pokiston orqali afg‘on mujohidlariga yetkazilgan.
Sovet ittifoqiga qarshi umumiy strategik manfaatlar AQSh va Xitoyni yaqinlashtirdi. Bu yaqinlashuv evaziga Xitoy AQShning rasmiy rasmiy tan olishiga erishdi, Vashington Tayvan bilan aloqalarini qayta ko‘rib chiqdi. 1980 yillardagi qo‘shma kommyunikelar, jumladan “Yagona Xitoy” siyosati – Xitoy diplomatiyasining muhim yutug‘i bo‘ldi.
Ya’ni Afg‘oniston urushi fonida shakllangan geosiyosiy yaqinlashuv Pekinning xalqaro legitimligini mustahkamladi. Mintaqada yana bir muhim o‘yinchi Isroil edi. Sovet ittifoqi uzoq yillar davomida Suriya, Iroq va Misr kabi Isroilga nisbatan dushman pozitsiyadagi davlatlar bilan yaqin harbiy-texnik hamkorlik qilgan. Shu sababli Isroil ham Moskva ta’sirini cheklashdan manfaatdor edi.
Geosiyosatda ko‘p uchraydigan holat – “dushmanimning dushmani do‘stimdir” tamoyili bu yerda ham ishladi. Turli davlatlar o‘z xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib, Sovet ittifoqiga qarshi bir yo‘nalishda harakat qildilar.
Xulosa qilib aytganda, Xitoy Sovet-Afg‘on urushida betaraf kuzatuvchi bo‘lmagan. U o‘zining hududiy xavfsizligi va geosiyosiy manfaatlaridan kelib chiqib, Sovet ittifoqining mintaqadagi kuchayishiga qarshi pozitsiya egallagan va bu jarayonda AQSh bilan strategik yaqinlashuvdan foydalangan.
Umrbek Yusupov: Afg‘oniston Xitoy bilan bevosita chegaradosh. Bu chegara qisqa Vaxon yo‘lagi orqali tutashadi, biroq geosiyosatda hatto kichik chegara ham strategik ahamiyatga ega. Chegaraning mavjudligi o‘ziyoq potensial kirish imkoniyati va ta’sir vositasini anglatadi. Shu sababli Xitoy Afg‘onistonni hech qachon mutlaqo chetda qoldirgan emas. Aksincha, u yerda turli shakllarda ishtirok etib kelgan. Xitoyning ilmiy salohiyati va razvedka tizimi tarixan kuchli bo‘lgan.
Afg‘onistonda geologik qidiruv, konlarni o‘rganish, infratuzilma loyihalari yoki boshqa ilmiy ekspeditsiyalar ko‘rinishida ishtirok etish – bu faqat iqtisodiy manfaat emas, balki hududni chuqur o‘rganish imkoniyati hamdir. Mis konlari, nodir metallar, topografik tadqiqotlar yoki arxeologik ekspeditsiyalar orqali hudud haqida keng qamrovli ma’lumot to‘plash mumkin.
Bunday jarayonlar ko‘pincha iqtisodiy loyiha sifatida ko‘rinsa-da, ularning strategik o‘lchovi ham mavjud. Afg‘oniston hukumati ham iqtisodiy manfaatlardan kelib chiqib, Pekin bilan munosabatlarni keskinlashtirmaslikka harakat qilib kelgan. Aksincha, siyosiy iroda darajasida ikki tomon o‘rtasida nisbatan barqaror va amaliy aloqalar shakllangan.
Bu munosabatlar bugun paydo bo‘lgan emas. Xitoy uzoq yillardan beri Markaziy Osiyo va Afg‘oniston hududini strategik jihatdan o‘rganib keladi. Masala faqat iqtisodiy foydada emas xavfsizlik, tarixiy omillar va mintaqaviy ta’sir doirasini kengaytirish ham muhim rol o‘ynaydi. Shu ma’noda, Afg‘oniston Xitoy uchun tasodifiy yoki ikkinchi darajali hudud emas. U Pekinning uzoq muddatli strategik hisob-kitoblarida doimiy o‘rin tutadigan mintaqa hisoblanadi.
Suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
14:27 / 16.02.2026
🔴LIVE: AQSh va Yevropa: Qarashlar o‘zgardimi? |"Geosiyosat"
00:05 / 16.02.2026
Aniq muddat so‘ragan Zelenskiy va mas’uliyatga tayyor Germaniya–Britaniya liderlari | “Geosiyosat”
11:30 / 15.02.2026
🔴 LIVE: AQSh va Yevropa o‘rtasida sovuqchilik, Kiyevga Pekindan yordam | "Geosiyosat"
13:54 / 13.02.2026