Jahon | 17:31 / 17.02.2026
2264
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: Rossiya zarbalari Ukrainadan qochqinlarning yangi to‘lqiniga sabab bo‘lishi mumkin

BMTda ogohlantirishicha, Rossiya zarbalari oqibatida elektr va isitish tizimlari uzilishi tufayli 325 ming ukrainalik uy-joyini yana tark etishi mumkin. Ularning bir qismi chet elga yana qayta qochish imkonini ham ko‘rib chiqmoqda.

Foto: Vladyslav Musiienko/AP Photo/picture alliance

Rossiya zarbalari oqibatida elektr va isitish o‘chishlari sabab o‘z uylarini yana tark etishi mumkin bo‘lganlar — avval chet eldan vataniga qaytgan 325 ming nafar ukrainalik. Ularning uchdan biridan ko‘prog‘i yana chet elga qochish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Bunday xulosaga BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) kelgan, deb dushanba kuni, 16 fevralda xabar berdi KNA agentligi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti bosh direktori Emi Poup ta’kidlashicha, ukrain oilalari elektr uzilishlari sharoitida yana bir sovuq qishni boshdan kechirishi uchun faqat matonatning o‘zi yetarli emas. U xalqaro hamjamiyatni ukrainlarga ko‘proq yordam berishga chaqirib, xavfsiz turar joy, ishonchli energiya ta’minoti va bazaviy xizmatlar odamlarning tirik qolishi hamda qadr-qimmatini saqlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida Ukraina hududida 3,7 million kishi ichki ko‘chirilgan shaxs sifatida yashagan. Urush boshlanganidan beri 4,4 milliondan ortiq qochqin o‘z uyiga qaytgan, shulardan 1 milliondan ziyodi chet eldan qaytganlar. Biroq BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga qaytganlarning barchasi ham o‘z tug‘ilgan joylariga qayta olmagan: 372 ming kishi hali ham o‘z mamlakati ichida qochqin hisoblanadi.

16 yanvar kuni Ukraina energetika vaziri Denis Shmixal mamlakatda Rossiya zarbalaridan zarar ko‘rmagan birorta elektr stansiyasi qolmaganini bildirgan. Uning aytishicha, 2025 yilda Rossiya armiyasi Ukraina energetika tizimiga 612 marta maqsadli hujum uyushtirgan, natijada minglab megavatt generatsiya quvvati yo‘qotilgan.

4 fevral kuni mamlakat bosh vaziri Yuliya Sviridenko yil boshidan beri Ukraina energetika tizimiga RF tomonidan 217 ta hujum bo‘lganini aytgan. 16 fevral holatiga ko‘ra, Kiyevda 1500 ta uy isitishsiz qolgan — bunday ma’lumotni shahar ma’muriyati keltirgan. Shu bilan birga, Ukraina poytaxtida sovuq ob-havo saqlanib turibdi.

Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris qish faslida Rossiyaning Ukraina energetika sektori va fuqarolik infratuzilmasiga yirik hujumlarini tekshirishni so‘rab Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilgan. Budris bu ishlarga aloqador Rossiyaning yuqori lavozimli shaxslariga nisbatan genotsid ayblovi bilan hibsga olish orderlari chiqarishga chaqirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid