O‘zbekiston | 19:42
1091
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand aeroporti Yevropa va Markaziy Osiyoda eng tez rivojlanayotgan deb topildi

Samarqand aeroportining zamonaviy terminali orqali 2024 yilda 1,38 million yo‘lovchi o‘tgan, bu avvalgi yilga nisbatan 36,6 foizga ko‘pdir.

Foto: Air Samarkand

Samarqand xalqaro aeroporti Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng tez rivojlanayotgan aeroport sifatida e’tirof etildi. Bu haqda Airport Technology portali Xalqaro aeroportlar kengashi (Airports Council International, ACI) rasmiy ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand aeroportining zamonaviy terminali orqali 2024 yilda 1,38 million yo‘lovchi o‘tgan, bu avvalgi yilga nisbatan 36,6 foizga ko‘pdir. Bu ko‘rsatkich reytingda keyingi o‘rinda turuvchi Italiyadagi Olbiya aeroportining yo‘lovchi oqimini 18,4 foizga oshirgan o‘sish sur’atidan ikki barobardan ortiqdir.

Ta’kidlanishicha, 2022 yil boshida ochilgan yangi terminal har yili yo‘lovchilar oqimining uzluksiz rekord o‘sishini namoyish etmoqda: uchish va qo‘nishlar soni 23 foizga oshgan. Aeroport yo‘nalishlar tarmog‘ini uchta ichki va 23 ta xalqaro yo‘nalishga kengaytirgan. Tsian (Xitoy), Sharm-ash-Shayx (Misr), Turkiston (Qozog‘iston), shuningdek, Rossiyaning Tyumen, Nijniy Novgorod va Irkutsk shaharlariga yangi reyslar ochilgan.

Qayd etilishicha, Yevropa va Markaziy Osiyo aeroportlari yo‘lovchilar oqimini pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan oshirib, 2,5 milliard yo‘lovchiga yetkazgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid