Jahon | 19:58
3307
5 daqiqa o‘qiladi

OAV Zelenskiy yana uch yillik urushga tayyorlanishni buyurgani haqida yozdi. Kiyev rad etdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yaqin maslahatchilarining tor doirasida tinchlik muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolganini ma’lum qildi va urush yana uch yil davom etishi ehtimolini nazarda tutib reja tayyorlashni buyurdi. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) nashri muxbiri ma’lum qildi. Zelenskiyning yordamchisi Dmitriy Litvin bu ma’lumotni «feyk» deb atadi.

Foto: AFP/Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z maslahatchilari bilan yopiq yig‘ilishda ularga kelgusi uch yilga mo‘ljallangan harbiy harakatlarning batafsil rejasini ishlab chiqishni topshirgan. Bu haqda The Wall Street Journal’ning Yevropadagi siyosiy muxbiri Boyan Panchevskiy nemis jurnalisti Paul Ronshaymerning podkastida aytib o‘tdi.

Panchevskiyning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish 13 fevral kuni, Zelenskiyning Myunxen konferensiyasiga safari arafasida bo‘lib o‘tgan. Jurnalistning ta’kidlashicha, yig‘ilish davomida Zelenskiy «muzokaralar barbod bo‘lgani va endi yana uch yillik urush rejasini ishlab chiqish kerakligini ma’lum qilgan».

Panchevskiyning aytishicha, ushbu yig‘ilishdan oldin prezident ofisida Rossiya va AQSh bilan «qanday bo‘lishidan qat’i nazar» kelishuvni referendumga olib chiqish va uni bahor oxiri yoki yoz boshida saylov bilan birga o‘tkazish ustida ish olib borilgan.

Va birdan Zelenskiy 180 darajaga burilib, shunday dedi: bularning barchasi behuda, biz uzoq urushga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak [...]. Qandaydir sabablarga ko‘ra u muzokaralarga tayyor emasdek tuyuldi. Buning sababi nima ekanini bilmayman. Bu mening manbam. Men uning uchta eng yaqin maslahatchisini bilaman – ular buni o‘zlari bilishmagan yoki bilgan bo‘lsalar ham, nima uchun u o‘z pozitsiyasini o‘zgartirganini menga aytishmagan.

Jurnalistning taxmin qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Zelenskiyga «so‘nggi taklif» bergan, bu esa Ukraina prezidenti uchun «yetarli bo‘lmagan».

Zelenskiyning yordamchisi Dmitriy Litvin 20 fevral kuni bu ma’lumotni «feyk» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi urush rejasini tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar bo‘lmagan, shuningdek, muzokaralar ham salbiy baholanmagan. Shu bilan birga, Zelenskiyning o‘zi o‘tgan hafta The Atlantic nashriga bergan intervyusida «yomon kelishuv»ni qabul qilgandan ko‘ra, harbiy harakatlarni davom ettirish ma’qulligini aytgandi.

U Donbassdan qo‘shinlarni olib chiqishga rozi, ammo buning uchun Rossiya qo‘shinlari ham olib chiqilishi shart bo‘ladi. Kreml esa Ukraina qurolli kuchlarining bir tomonlama chiqib ketishini istaydi, shuningdek, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berilishiga va xorijiy qo‘shinlar joylashtirilishiga qarshi.

Rossiya va Ukraina muzokaralarga salbiy baho bermaslikka kelishib oldi, deb xabar berdi Jyenevadagi so‘nggi uchrashuv tafsilotlari bilan tanish bo‘lgan manbalar The Telegraph nashriga. Litvinov reaksiyasining sababi ham shunda bo‘lishi mumkin.

Muzokaralarning o‘zi asosiy hududiy masala bo‘yicha hech qanday oldinga siljishsiz yakunlandi, dedi The Telegraph manbalari. Yevropada muzokaralar jarayoniga tobora ko‘proq shubha bilan qarashmoqda va urush yana bir yil, hatto uch yil davom etishiga ishonishmoqda, deb yozdi The Wall Street Journal Yevropa Ittifoqi rasmiylariga tayanib.

WSJ manbalariga ko‘ra, Donald Tramp bir kun ichida hal qilishga va’da bergan, ammo bir yil ichida ham hal qila olmagan urushni tinch yo‘l bilan hal qilishga qiziqishini yo‘qotmoqda.

Yevropa mamlakatlari razvedkasi vakillarining ishonchi komilki, Ukraina Kremlga butun Donbassni topshirishga rozi bo‘lsa ham, bu Vladimir Putinni to‘xtata olmaydi, chunki urush rejimning asosiy «qo‘rg‘oni» va butun davlat kun tartibining o‘zagiga aylangan.

Putinning maqsadi o‘zgarmadi, dedi Reuters agentligiga razvedka xizmatlaridan birining vakili: Zelenskiyni hokimiyatdan chetlatish va Ukrainani Rossiyani G‘arbdan ajratib turuvchi «neytral» bufer zonaga aylantirish.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid