Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ekologlar: Rossiya tankeridan neft to‘kilsa, 100 ming kishi zarar ko‘rishi mumkin
Rossiyaning “soya floti”ga tegishli tanker Fin ko‘rfazida avariyaga uchrasa, mintaqada ekologik falokat yuz berishi mumkin. Bu haqda Greenpeace ekspertlari Germaniyaning Helmholtz Center Hereon tadqiqot markazi modellashtirishi natijalariga tayanib ma’lum qildi.
Foto: AP
Rossiya “soya floti” tankeridan Fin ko‘rfazida neft to‘kilsa, bu holat Viborg, Primorsk, Visotsk va boshqa sohilbo‘yi aholi punktlarida yashovchi taxminan 100 ming kishi, shuningdek noyob tabiiy hududlarga ta’sir ko‘rsatadi. Bu xulosani 20 fevral kuni Greenpeace Germaniyaning Helmholtz Center Hereon markazi tayyorlagan modellashtirish natijalari asosida chiqargan.
Greenpeace bayonotiga ko‘ra, bunday holatda Kurgalsk, Viborg qo‘riqxonalari va Beryozoviye orollari kabi noyob tabiat hududlari yo‘q qilinishi mumkin. Neft chiqindisi miqyosi 2024 yil dekabridagi “Volgoneft” sinfidagi tankerlar avariyasidan 10–15 baravar katta bo‘lishi ehtimol.
Bu ssenariy sanksiya ostidagi, eskirgan, uzunligi 247 metr bo‘lgan, bayroqsiz va yetarli sug‘urtasi yo‘q Peace tankerining marshrutlariga asoslangan. U bir reysda 110 ming tonnagacha neft tashiy oladi. 2025 yilda u Boltiq orqali Rossiya neftini to‘rt marta tashib, jami 440 ming tonnaga yaqin neft eksport qilgan. Greenpeace ta’kidlashicha, bu daromadlar jumladan Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirishga ham ketadi.
Ekspertlar 2025 yil fevral oyidagi shamol va oqimlarni hisobga olgan holda Boltiq dengizida Urals nefti to‘kilishi bo‘yicha sakkizta ssenariyni modellashtirgan. Masalan, Leningrad viloyatidagi Seskar oroli yaqinida avariya bo‘lsa va dengizga 48 ming tonna yonilg‘i tushsa, uning qariyb yarmi 30 kun ichida qirg‘oqqa yetib keladi.
Greenpeace vakillari The Insider nashriga aytishicha, avariya bo‘lsa Sankt-Peterburg shahri ham xavf ostida qolishi mumkin. Bu “nagon to‘lqini” deb ataluvchi hodisa — Fin ko‘rfazidan suvning Neva daryosiga kirib kelish jarayoni bilan bog‘liq.
Ekologlar ta’kidlashicha, Rossiya 15 yildan ortiq xizmat qilgan eski tankerlardan foydalanmoqda. Bunday kemalar korroziya va eskirishga ko‘proq moyil bo‘lib, avariya xavfini oshiradi. Ko‘p tankerlar to‘liq sug‘urtasiz harakatlanadi, bu esa avariya holatida zararni qo‘shni davlatlar o‘zi qoplashiga to‘g‘ri kelishini anglatadi.
«Bunday falokatning oldini olish — Yevropa davlatlarining umumiy vazifasi. YeIda soya flot faoliyatini to‘xtatish va Boltiq ekotizimini himoya qilish uchun huquqiy mexanizmlar mavjud», — deydi Greenpeace.
Boltiq dengizida Rossiya “soya floti” kemalari bilan bog‘liq hodisalar avval ham bo‘lgan.
2024 yil martda Andromeda Star tankeri Daniya suvlarida boshqa kema bilan to‘qnashgan. 2025 yil yanvarda 100 ming tonna neft ortilgan Eventin tankeri boshqaruv tizimi ishdan chiqib, bir necha soat dengizda dreyf qilgan. 2025 yil dekabrda Shvetsiya Adler konteyner tashuvchisini qo‘lga olgan, ammo keyin qo‘yib yuborgan. 2026 yil yanvarda Germaniya Kamerun bayrog‘i ostidagi Tavian tankerini Boltiqqa kiritishdan bosh tortgan.
Mavzuga oid
11:28
Rossiyada Leonardo chipta tizimi operatori milliylashtirildi
08:40
FT surishtiruvi: RF nefti sanksiyalarni chetlab o‘tib 90 mlrd dollarga sotilgan
19:58 / 20.02.2026
OAV Zelenskiy yana uch yillik urushga tayyorlanishni buyurgani haqida yozdi. Kiyev rad etdi
15:05 / 20.02.2026