Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘pchilik Eronga zarbani kutmoqda: ehtimoliy urush qanday kechishi mumkin?
Bu boradagi asosiy taxmin – harbiy harakatlar avvalgisiga qaraganda kattaroq va uzoqroq bo‘lishi haqida.
Foto: Zoe Simpson / US Navy / AFP / Scanpix / LETA
AQSh yanvardayoq Yaqin Sharqqa kattagina kuch yuborgandi – o‘shanda ko‘pchilik buni namoyishchilarga oyatulloh rejimini ag‘darishda yordam sifatida zarba berish uchun ekanini taxmin qilgandi. Ammo ko‘p o‘tmay namoyishlar bostirildi, Amerikaning zarbalari esa bo‘lmadi. Buning o‘rniga AQSh va Eron o‘rtasida «yadroviy kelishuv» bo‘yicha muzokaralar tiklandi. Fevral oyi o‘rtalariga kelib ehtimoliy hujum haqida yangi xabarlar paydo bo‘la boshladi. Bu vaqtda Amerikaning bir aviatashuvchisi Eron sohillari yaqinida turibdi, ikkinchisi mintaqaga yaqinlashmoqda.
Nima uchun ko‘pchilik Tramp Eronga zarba beradi deb o‘ylamoqda?
Donald Tramp o‘tgan juma, 13 fevral kuni «Jyerald Ford» aviatashuvchisi boshchiligidagi zarbdor guruhni Yaqin Sharqqa yuborganini xabar qilgandi. Bu guruh AQSh harbiy-dengiz kuchlari tarkibidagi eng kuchli tuzilma hisoblanadi. O‘tgan yil kuzida u Karib dengizi havzasiga olib borilgan va Venesuelaga qarshi amaliyotda ishtirok etgandi.
Shu kunlarida ushbu guruh O‘rta Yer dengizining Yaqin Sharq akvatoriyasiga yetib keladi, keyingi haftada esa Suvaysh kanali hamda Qizil dengizdan suzib o‘tib, Hind okeaniga kiradi. Bu yerda u yanvar oyi oxiridan buyon Fors ko‘rfazining kirish qismida – Eron sohillaridan bir necha yuz kilometr masofada turgan «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi boshchiligidagi guruhga qo‘shiladi.
Bundan tashqari, AQSh so‘nggi haftalarda Yaqin Sharqqa, jumladan, Qatar va Bahreyn hududida Eronga yaqin joylashgan bazalariga yuzlab samolyotlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda behisob miqdordagi o‘q-dorilarni olib kelgan.
Amerikaning Yaqin Sharqdagi harbiy qudrati oshirilishi Eron yadroviy dasturi bo‘yicha navbatdagi muzokaralar bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. 17 fevral kuni Jyenevada bu muzokaralarning ikkinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘mon tashqi ishlar vaziri Badra al-Busaydi vositachilik qildi. Eron delegatsiyasiga mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi rahbarlik qilgan, AQShdan Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner qatnashgan (ular shu vaqtda Rossiya va Ukraina muzokaralarida ham vositachilik qilgan).
Muzokaralarning borishi, hatto ularda aynan qanday mavzular muhokama qilinayotgani haqida ham ma’lumotlar juda kam. Shunisi ma’lumki, AQSh Eron o‘z hududida uranni boyitish ishlaridan butunlay voz kechishini, mavjud boyitilgan uran zaxiralarini to‘lig‘icha topshirishni (Rossiya ularni olib ketishga tayyor), raketa dasturini rivojlantirishni cheklashini hamda Yamandagi «Ansar Alloh» (husiychilar), Livandagi «Hizbulloh» hamda falastinliklarning Hamas kabi guruhlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilmoqda. Eron esa yadroviy dastur borasida yon berishga tayyor, ammo raketa dasturi va o‘z proksi kuchlari bo‘yicha masalalarni muhokama qilishdan ham bosh tortmoqda.
The Wall Street Journal tahririyat kolonkasida Tramp ma’muriyatining harakatlarini Obama ma’muriyatining 2009 yilgi harakatlariga qiyoslamoqda. O‘shanda ham Eronda keng ko‘lamli namoyishlar (prezidentlik saylovlarida islohotchi Mir-Husayn Musaviy emas, ultrakonservator Mahmud Ahmadinajod g‘olib bo‘lgani e’lon qilinganidan keyin boshlangan «Yashil harakat» namoyishlari) o‘tkazilgandi. Rejim o‘sha namoyishlarni ham shafqatsizlarcha bostirgandi. Obama amalda oyatullohga kelishuv taklif etgandi: AQSh «yadro masalasi»dagi yon berish evaziga intervensiya masalasini ko‘tarmasligi va’da qilingandi. Yakunda bu 2015 yilgi «yadroviy kelishuv»ga olib keladi: Eron o‘z yadro dasturini jiddiy tarzda qisqartirishga rozi bo‘ladi.
Tramp ham amalda xuddi shunday qilmoqda, faqat ancha ochiqchasiga. Yanvarda, Eronda namoyishlar avjiga chiqqanida u namoyishchilarga tashqaridan yordam va’da qiladi – ammo o‘shanda Amerika kuchlari Venesuela masalasi bilan band edi va AQSh bor e’tiborini Yaqin Sharqqa qaratgunicha Erondagi rejim namoyishlarni bostirishga ulgurdi. Endi Tramp Erondagi rejim o‘zgarishi optimal yechim bo‘lishini aytmoqda, ammo ehtimoliy harbiy amaliyotning maqsadlarini kamtarroq qilib belgilagan: Eron AQShning Yaqin Sharqdagi bazalari va ittifoqchilariga tahdid solmasligi uchun.
Tramp ochiqchasiga «Jyerald Ford» aviatashuvchisining mintaqaga yuborilishi – AQShning niyati jiddiyligi va Eronga tahdid qilish ekanini aytdi: yoki Tehron muzokaralarda yon beradi, yoki og‘ir zarba qabul qiladi. Eron diniy rahnamosi Ali Xominaiy bunga javoban Eron o‘z yadroviy dasturiga ega bo‘lishga to‘la haqli ekani haqidagi gapni takrorlab, Amerika kemalarini cho‘ktirib yuborish bilan tahdid qildi.
London universitetining Yaqin Sharq bo‘yicha tadqiqotchisi Ali Hoshim Foreign Policy jurnalining 18 fevral sonidagi maqolasida Eron muzokaralar jarayoniga mutlaqo noto‘g‘ri munosabatda ekanini ta’kidlaydi: Tehron avvalgi keskinliklarda, jumladan, 2025 yilning bahor-yozida, Isroil va AQSh bilan 12 kunlik urush oldidan bir necha bor qilganidek, uni cho‘zishga harakat qilmoqda. Amerika esa muzokaralarni tezlashtirishga intilmoqda. Tramp tez va yaqqol muvaffaqiyatga erishmoqchi, Eron tomoni esa uning sabrsizligini yetarlicha baholamayapti.
The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, Eron Jyenevadagi muzokaralardan keyin o‘z taklifini tayyorlash uchun ikki hafta vaqt olgan. Ammo Tramp ularning bu taklifini kutib turishi fakt emas – qolaversa, hozirdan aytish mumkinki, bu Amerika talablariga mos keladigan takliflar bo‘lmaydi.
Axios jurnalisti, Amerikadagi diplomatik davralar bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan Barak Ravidning yozishicha, Yaqin Sharqdagi katta urush ko‘pchilik o‘ylayotganidan ko‘ra ancha yaqinroq. Va bu 12 kunlik urushda bo‘lgani kabi qisqa kampaniya bo‘lib qolmaydi. Oyatulloh rejimiga qilingan oshkora tahdidlar hamda mintaqada yirik kuchlar namoyishkorona to‘planishidan keyin Amerika prezidenti shunchaki ortga chekina olmaydi: aks holda uning obro‘si to‘kiladi va AQShning talablarini e’tiborsiz qoldirgandan keyin ham jazosiz qolish mumkinligini ko‘rsatib qo‘ygan bo‘ladi.
CBS News xabariga ko‘ra, AQSh harbiy-siyosiy apparati rahbarlari Trampga qurolli kuchlar 21 fevral kuniyoq Eronga qarshi operatsiyani boshlashga texnik jihatdan tayyor bo‘lishini ma’lum qilgan. Ya’ni bu vaqtda ehtimoliy mojaro hududida yetarlicha AQSh kemalari va samolyotlari joylashtirilgan, barcha xodimlar va uskunalar xavfsiz joylarga olib chiqilgan. Ammo AQSh prezidenti hali yakuniy qarorga kelgani yo‘q.
Petty officer 1st Class Jesse Monford / US Navy / AFP / Scanpix / LETA
Eron muzokaralarning keyingi bosqichi uchun o‘z takliflarini tayyorlayotgan ikki hafta ichida AQSh davlat kotibi Marko Rubio Isroilga tashrif buyurishi kutilmoqda. Uning safarida Eron markaziy mavzu bo‘lishiga shubha yo‘q. Isroil uzoq vaqtdan beri Eron bilan yangi urushga tayyorlanmoqda – va bu safar, 2025 yil iyun oyidagi 12 kunlik urushdan farqli o‘laroq, bajonidil tashabbusni AQShga topshirmoqda, o‘zi esa ikkinchi rolda qolishga tayyor.
O‘sha urushdan keyin Isroil Eron raketa dasturini o‘zining asosiy nishoni sifatida ko‘radi: bular Eron yahudiylar davlatini o‘qqa tutishda foydalangan bazalar hamda ballistik raketalar ishlab chiqarish joylaridir (zarbalar oqibatida 28 nafar isroillik halok bo‘lib, bir necha ming kishi yaralangan va uylarini yo‘qotgandi).
Ta’kidlash kerakki, e’lon qilingan ikki haftalik muddat chalg‘itishdan boshqa narsa bo‘lmasligi ham mumkin. 2025 yilda ham shunday bo‘lgandi: O‘mondagi muzokaralarning navbatdagi raundidan so‘ng Tramp Eronga keyingi raundga tayyorgarlik ko‘rish uchun ikki hafta vaqt bergandi – uch kundan so‘ng esa Isroil Trampning roziligi bilan islom respublikasini bombardimon qila boshlagandi.
Qanday ssenariylar bor?
Foreign Policy baholashicha, ehtimoli eng yuqori bo‘lgan ssenariy – AQShning Eronga bostirib kirishi va keng ko‘lamli mintaqaviy mojaro boshlanishi emas, balki cheklangan, muzokaralardagi muvozanatni o‘zgartirishga qaratilgan puxta o‘ylangan zarbalar berilishidir. Ya’ni katta urush boshlanishi xavfi va harbiy zarbaning o‘zi – xavfli bo‘lsa-da, yana diplomatik argumentdir. Bu Tramp tez-tez eslatadigan «kuch orqali» doktrinasi ruhiga mos keladi: harbiy kuch va qat’iyatni namoyish etish – muzokaralarga majburlash vositasidir.
Shu bilan birga, AQShdagilar boshqa ssenariyni ham jiddiy ko‘rib chiqmoqda: oyatulloh rejimi har qachongidan ko‘ra zaifroq va agar unga yetarlicha bosim ko‘rsatiladigan bo‘lsa, uni almashtirishga erishish mumkin. Ammo bu maqsadga quruqlikdan bostirib kirmasdan erishish amalda ilojsiz – Tramp esa bunga tayyor emas: bu juda uzoqqa cho‘ziladi va katta tavakkalchilik bo‘ladi.
Katta ehtimol bilan, Amerika harbiy operatsiyasi boshlangan taqdirda, birinchi navbatdagi vazifa rejimni boshsiz qoldirish bo‘ladi: oliy rahnamo, asosiy harbiy va siyosiy arboblarni o‘ldirish (ehtimol, havo hujumi orqali). Keyin AQSh Eronning Amerika kuchlari va ularning ittifoqchilariga (birinchi navbatda Isroilga) zarar yetkazishilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muhim harbiy obektlarga zarba berishi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, AQSh Eron yetakchilaridan ayrimlarini tirik qoldirishi mumkin – keyinchalik kelishuvga boradigan, shu bilan birga, mamlakat ustidan nazoratni saqlab oladigan kuchga ega bo‘lganlarni.
Mavzuga oid
01:15
Tramp global bojlarni 15 foizga oshirishini e’lon qildi
20:59 / 21.02.2026
Tramp AQSh Oliy sudida yutqazdi. Endi uning agressiv bojlari bekor qilinadimi?
13:10 / 21.02.2026
Starmer Trampga yo‘q dedi: AQSh Eronga hujumda Britaniya bazalaridan foydalanolmaydi
12:32 / 21.02.2026